Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Prezident mustaqillikning 35 yilligini nishonlash bo‘yicha qarorni imzoladi



Ulashing :


Mustaqillikning 35 yilligini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bayramni nishonlash bo‘yicha komissiya tuzilib, “Mustaqillik to‘yi” festivali, “Vatan fidoyilari” monumenti va yirik obyektlarning ochilish marosimlari tashkil etiladi. Shuningdek, hujjatli filmlar yaratilib, esdalik oltin tanga chiqariladi.

O‘zbekistonda mustaqillikning 35 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi. Hujjat matni prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Hujjatga muvofiq, bayram tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tuman va shaharlar, mahallalar, shuningdek vazirlik va idoralar tizimida keng nishonlanadi. Bunda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari, iqtisodiy o‘sish, mamlakat mudofaa salohiyati hamda milliy qadriyatlarni asrash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Aprel-sentabr oylarida respublika bo‘ylab “Mustaqillik to‘yi” festivali doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va ijtimoiy loyihalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ularda ilm-fan, madaniyat, san’at va sport vakillari ishtirok etadi. Shuningdek, bayram arafasida yirik sanoat, ta’lim, madaniyat va sport obyektlarini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyunga qadar “Vatan fidoyilari” ramziy monumenti loyihasi ishlab chiqiladi. U kelgusida respublika bo‘ylab barpo etiladigan umummilliy birdamlik bog‘lariga o‘rnatiladi.

Shu bilan birga, 1-avgustga qadar “Mustaqillik zafarnomasi” nomli maxsus kitob-albom tayyorlanadi. Unda mamlakatda erishilgan natijalar va yutuqlar aks ettiriladi.

Yoshlar uchun ijtimoiy tarmoqlarda #Mustaqillik35 va #Uzb35 xeshteglari ostida targ‘ibot aksiyalari boshlanadi. Shuningdek, “35 yillik Istiqlol yilnomasi” ruknida hujjatli filmlar va ko‘rsatuvlar tayyorlanadi.

Avgust oyida Toshkent shahrida “Mustaqil O‘zbekiston — 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan.

Markaziy bank 2026-yil 1-sentabrga qadar mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan esdalik oltin tangasini chiqaradi.

Bayram tadbirlari hududlarda mahalliy budjet va homiylik mablag‘lari hisobidan, Toshkent shahrida esa respublika va shahar budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

06 04 2026 / 11:00