London
shahrida o‘tkazilgan “IFE London 2026” xalqaro oziq-ovqat mahsulotlari
ko‘rgazmasida “Made in Uzbekistan” brendi ostida taqdim etilgan o‘zbek
limonlari xorijiy mutaxassislar va hamkorlar e’tiborini tortdi. Mahsulotning
tabiiyligi, xushbo‘yligi va sifati uni boshqa davlatlar mahsulotlaridan ajratib
turayotgani ta’kidlanmoqda.
Mazkur ko‘rgazma Yevropadagi yirik tarmoq
tadbirlaridan biri bo‘lib, unda 1500 dan ortiq kompaniya ishtirok etdi, 30
mingdan ziyod mutaxassis tashrif buyurdi. Unda oziq-ovqat va ichimliklar ishlab
chiqaruvchilari, eksportyorlar, distribyutorlar hamda riteyl tarmoqlari
vakillari qatnashdi. O‘zbekiston ushbu ko‘rgazmada Savdo-sanoat palatasi va
“Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ ko‘magida ishtirok etdi.
E’tiborlisi, mazkur ko‘rgazmada nafaqat davlat va
moliyaviy institutlar, balki hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ham
bevosita ishtirok etdi. Xususan, Xorazmdagi “Fayz Baraka Xorazm” hamda “Bahrombek agro eksport”
MChJ rahbarlari ko‘rgazmada qatnashib, o‘zlari yetishtirgan limon
mahsulotlarini namoyish etdi. Bu ularga nafaqat eksport bozorlariga chiqish,
balki xalqaro tajriba bilan tanishish va yangi hamkorlar topish imkonini
yaratdi.
Qayd etish lozimki, bunday yondashuv — ya’ni ishlab
chiqaruvchilarning to‘g‘ridan to‘g‘ri xalqaro maydonga chiqishi — mahalliy
biznesni rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi. Bu esa o‘z navbatida,
hududiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va eksport geografiyasini
kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda limonchilik
sohasini rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Issiqxona
xo‘jaliklarini kengaytirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda
eksportbop mahsulot yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu
chora-tadbirlar natijasida limonchilik asta-sekin eksportga yo‘naltirilgan
muhim tarmoqlardan biriga aylanib bormoqda.
Mazkur jarayonlarda tomonidan tadbirkorlik
sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bank tomonidan
issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish
hamda eksportbop mahsulot yetishtirishga qaratilgan loyihalarni
moliyalashtirish orqali sohaning rivojlanishiga hissa qo‘shilmoqda.
Hududlardagi aniq loyihalar bunga misol bo‘la oladi.
Xorazm viloyatida joylashgan “Fayz baraka Xorazm” MChJda 6 gektar maydonda
limon yetishtirilib, yiliga yuzlab tonna hosil olinmoqda. Loyihani kengaytirish
orqali ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirish va eksport ulushini
ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi “Bahrombek agro
eksport” MChJ tomonidan esa zamonaviy issiqxonalarda “Toshkent F1” navli limon
yetishtirilmoqda. Korxonada mahsulotni saqlash va logistika tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib,
bu ichki va tashqi bozorlarga uzluksiz yetkazib berish imkonini bermoqda.
Limonchilik sohasida faqat yetishtirish emas, balki
qayta ishlash yo‘nalishini rivojlantirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda ayrim
hududlarda limonni chuqur qayta ishlash, jumladan, sharbat ishlab chiqarish
loyihalari ham amalga oshirilmoqda.
Bunday kompleks yondashuv — ishlab chiqarish,
moliyalashtirish va eksportni uyg‘unlashtirish — qishloq xo‘jaligini
modernizatsiya qilish hamda hududiy iqtisodiy faollikni oshirishda muhim omil
bo‘lib xizmat qilmoqda. London ko‘rgazmasida o‘zbek limonlariga bildirilgan qiziqish esa ushbu
jarayonlarning xalqaro miqyosdagi aks-sadosi sifatida baholanmoqda.
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
06 04 2026 / 15:10