Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Shveysariya O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun 20 mln dollardan ortiq grant ajratadi



Ulashing :


Shveysariya 2026−2029-yillarda O‘zbekistonga $20 mlndan ortiq grant ajratadi. Ular suv va energetika loyihalari, iqtisodiyot va davlat boshqaruvini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Boshqa mamlakatlarga yordam berish Shveysariyaning konstitutsiyaviy majburiyati. Bu yordam doim grant shaklida, dedi mamlakat elchisi.

Shveysariya 2026−2029-yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyodagi xalqaro hamkorlik dasturi doirasida O‘zbekistonga 18,3 mln frank (20 mln dollardan ortiq) ajratadi. Grant mablag‘larining 58 foizi suv resurslari va energetika sohasidagi loyihalarga, 29 foizi barqaror iqtisodiy rivojlanishga, qolgan 13 foizi esa davlat boshqaruvi, inson huquqlari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohalaridagi dasturlarga yo‘naltiriladi.

“Har doim grantlar, kreditlar emas. Bu — shveysariyalik soliq to‘lovchilar puli” Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy Gazeta muxbiri ishtirok etgan tashabbus taqdimotida mamlakat doimo sheriklik, pilot loyihalar va natijaga qarab baholanib, kengaytirilishi mumkin bo‘lgan yechimlarga ustuvor ahamiyat berishini ta’kidladi.

Diplomat qayd etishicha, O‘zbekiston mustaqilligi yillarida qo‘shma tashabbuslar nisbatan kam loyihalardan 30 dan ortiq yirik dasturlargacha o‘sgan. Erishilgan natijalarni hisobga olgan holda, Shveysariya iqtisodiyot, suv resurslari va energetika kabi asosiy yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqchi.

“Bizning moliyaviy ishtirokimiz — har doim grantlar, kreditlar emas. Bu — shveysariyalik soliq to‘lovchilar puli. Shuningdek, qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun shveysariyalik nou-xaularni joriy etishga intilmoqdamiz, bu esa O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar aholisi farovonligiga xizmat qiladi”, — dedi Konstantin Obolenskiy.

Jami hisobda, yaqin to‘rt yilda Markaziy Osiyoda dasturni amalga oshirish uchun qariyb 200 mln dollar yo‘naltiriladi. Qirg‘iziston 39%, Tojikiston 38% mablag‘ oladi. Umummintaqaviy tashabbuslar uchun 12% ajratiladi, yana shuncha mablag‘ O‘zbekistondagi ikki tomonlama loyihalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, mamlakat umumiy mintaqaviy fond mablag‘laridan ham foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Bu mablag‘lar transchegaraviy muammolarni hal etishga — mintaqaviy suv hamkorligini rivojlantirish, gidrodiplomatiya, shuningdek iqtisodiyot, madaniyat va inson huquqlari sohalaridagi umumiy loyihalarga yo‘naltiriladi.

“Boshqa mamlakatlarga yordam berish — Shveysariyaning konstitutsiyaviy majburiyati”

Shveysariya elchixonasi hamkorlik bo‘limi rahbari va missiya rahbari o‘rinbosari Andrin Finkнинг so‘zlariga ko‘ra, boshqa mamlakatlarga yordam ko‘rsatish Shveysariyaning konstitutsiyaviy majburiyati hisoblanadi. 50 yildan ortiq vaqt avval mamlakat fuqarolari xalqaro rivojlanish, tinchlik va inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash mandati uchun ovoz bergan. Har to‘rt yilda Shveysariya parlamenti global strategiyani tasdiqlab, ustuvor davlatlarni belgilaydi — hozirda ular soni dunyo bo‘yicha 40 ta.

Amaldagi 2025−2028-yillarga mo‘ljallangan global strategiya asosida Shveysariyaning rivojlanish va hamkorlik agentligi (SDC) hamda Davlat iqtisodiyot kotibiyati (SECO) Markaziy Osiyo uchun yangi mintaqaviy dastur ishlab chiqqan. U O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonga qaratilgan.

“Dastur mintaqa ehtiyojlari, Shveysariyaning uzoq muddatli manfaatlari va qaysi sohalarda eng samarali yordam bera olishimizga asoslanib shakllantirilgan”, — dedi Andrin Fink.

Suv resurslaridan foydalanish sohasida Shveysariya 2025-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Suv kodeksiga tayanib, boshqaruv masalalariga alohida e’tibor qaratishni davom ettiradi. Orol dengizi fojiasi va Markaziy Osiyoda suv tanqisligining ortib borayotganini hisobga olgan holda, yevropalik hamkorlar erta ogohlantirish tizimlari, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashuv mexanizmlarini joriy etishni rejalashtirmoqda.

Dasturda energetik o‘tish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Andrin Finkning so‘zlariga ko‘ra, Shveysariya toza energetika, energiya samaradorligi va elektr energiyasi bo‘yicha mintaqaviy savdoni qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari sifatida ko‘rmoqda.

Mamlakat O‘zbekistondagi islohotlarni, jumladan, yangi ish o‘rinlari yaratish, ko‘nikmalarni rivojlantirish va moliyaviy tizimni mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.

Dasturning asosiy yo‘nalishlari sifatida samarali davlat boshqaruvi, inson huquqlari, gender tengligi va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari saqlanib qoladi. Shveysariya tomoni fikricha, bularsiz O‘zbekistonda barqaror rivojlanishga erishib bo‘lmaydi.

Dasturni amalga oshirishda mahalliy va xalqaro institutlar bilan hamkorlik, shuningdek mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish muhim o‘rin tutadi.

“Biz davlat, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor bilan sheriklik orqali mahalliy mas’uliyatni ta’minlashga intilyapmiz. Faoliyatimiz aniq natijalarga erishishga qaratilgan. Shu bilan birga, o‘zgaruvchan sharoitlarga moslashish uchun ma’lum darajada moslashuvchanlikni saqlab qolamiz. Loyihalarimiz va ustuvor yo‘nalishlarimiz bir marta belgilab qo‘yilgan holatda qolmaydi — zarur bo‘lsa, kontekstdan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqiladi”, — dedi Andrin Fink.

Dastur doirasida ayrim hududlarda pilot loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Ularni sinovdan o‘tkazgandan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab va uning tashqarisida kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Tadbirda Shveysariya qo‘llab-quvvatlagan loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etgan biznes va xalqaro tashkilotlar vakillari ham so‘zga chiqdi.

O‘zbekistondagi Schindler eksklyuziv distribyutori bosh direktori Davron Dadamuratov kompaniya 2016-yildan buyon mahalliy bozorda faoliyat yuritib, lift va eskalatorlarni yetkazib berish, o‘rnatish va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanayotganini ma’lum qildi. Qurilish sur’atlari oshgan sharoitda distribyutor kadrlar tayyorlashga ham e’tibor qaratgan — mahalliy muhandislar va texnik mutaxassislarni o‘qitishga sarmoya kiritish uskunalarga Shveysariya standartlari asosida xizmat ko‘rsatishni ta’minlash imkonini bermoqda.

Markaziy Osiyodagi Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti (IWMI) vakolatxonasi rahbari Barbara Yanush-Pavleta Shveysariya ko‘magida 2017-yildan beri amalga oshirilayotgan va yangi dastur doirasida ham davom ettiriladigan Blue Peace mintaqaviy tashabbusini taqdim qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2050-yilga kelib mintaqadagi muzliklar maydoni 30 foizga qisqarishi, Amudaryo va Sirdaryo daryolari oqimi esa 5−15 foizga kamayishi mumkin.

“Shveysariya Konstitutsiyasida rivojlanish, tinchlik va inson huquqlari haqida aytilgan. Markaziy Osiyoda esa suv — aynan shu rivojlanish, tinchlik va inson huquqlaridir”, — dedi Barbara Yanush-Pavleta.

Blue Peace Central Asia tashabbusi uchta yo‘nalishni qamrab oladi: mintaqaviy muloqotni rivojlantirish, kichik transchegaraviy havzalarda loyihalarni amalga oshirish, shuningdek kadrlar salohiyatini oshirish va ta’lim. Xususan, loyiha Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga institutsional ko‘mak ko‘rsatmoqda, shuningdek Qirg‘iziston va Tojikiston hukumatlari so‘roviga binoan Isfara transchegaraviy daryosida suv resurslarini birgalikda boshqarishni kuchaytirish ustida ish olib bormoqda.

Loyihaning maqsadi — mintaqadagi davlatlarni rejalashtirish uchun dolzarb ma’lumotlar bilan ta’minlash va suv tanqisligi sharoitida resurslarni boshqara oladigan mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.

“Ko‘proq emas, balki oqilona va samarali ishlash”

Tadbir yakunida Shveysariya elchisi Konstantin Obolenskiy va Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktor o‘rinbosari Muhammad Toshov dastur boshlanganini ramziy tarzda nishonlab, bodom niholini sug‘ordi.

Diplomatning tushuntirishicha, keyinchalik elchixona bog‘ida ekiladigan daraxt tanlovi ramziy ma’noga ega. Bodom daraxtining ildizlari mustahkam institutlar va inson huquqlariga rioya etilishini, poyasi ekologik va iqlim muammolariga bardoshlilikni, shoxlari va gullari esa iqtisodiy rivojlanish, kasbiy ko‘nikmalar hamda teng imkoniyatlarni anglatadi.

“Bu daraxt kabi, hamkorligimiz ham uzoq muddatga mo‘ljallangan, g‘amxo‘rlikni talab qiladi va haqiqiy natijalar — odamlar hayotida sezilarli yaxshilanishlarni berishi kerak. Bizning ishimiz mazmuni ham aynan shu”, — dedi Konstantin Obolenskiy.

Uzoq muddatli sheriklik haqidagi bu qarashni Muhammad Toshov ham qo‘llab-quvvatladi. U ertangi kun chaqiriqlari haqida gapirib, iqtisodiyotni tezkor diversifikatsiya qilish, yosh avlodni zamonaviy mehnat bozori talablariga tayyorlash, iqlim muammolarini hal etish va aniq ma’lumotlarga asoslangan davlat boshqaruviga o‘tish zarurligini ta’kidladi.

“Islohotlarning keyingi bosqichi — ko‘proq emas, balki oqilona va samarali ishlashdan iborat. Bu borada Shveysariya tajribasi biz uchun juda muhim va qimmatli. Biz iqlim o‘zgarishi va suv muammolariga bardoshlilikni oshirish, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, xususiy sektor va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek boshqaruv tizimini isloh qilish kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun katta salohiyatni ko‘ryapmiz”, — deya xulosa qildi u.

O.Hoshimov, gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

06 04 2026 / 16:03