Vashingtonda Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya
kengashini rasman ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda kengash
hamraislari — O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida
Mirziyoyeva hamda AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha
maxsus vakili Serjio Gor ishtirok etdi.
Dushanba kuni Vashingtonda Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik
va investitsiya kengashi faoliyatini rasman ishga tushirish marosimi
bo‘lib o‘tdi. Unda kengash hamraislari — O‘zbekiston Prezidenti
administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va AQSh prezidentining Janubiy
va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor ishtirok etdi.
“Ushbu tuzilma O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi biznes
aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan samarali maydonga aylanishi
shubhasiz. Bunga mamlakatlarimiz prezidentlarining qat’iy siyosiy irodasi
mustahkam zamin yaratmoqda”, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida.
“Kengashning
tashkil etilishiga ikki davlat prezidentlari o‘rtasida qaror topgan yuksak
darajadagi ishonch zamin yaratdi. Kengash hamraisi, elchi Serjio Gor
ta’kidlaganidek, so‘nggi bir yil davomida AQSh Markaziy Osiyoda strategik
sheriklikni mustahkamlash borasidagi qat’iy intilishlarini amalda
tasdiqladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Serjio Gor X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ushbu kengashning ishga
tushirilishi “tijorat diplomatiyasi tufayli so‘nggi bir necha oy ichida
sheriklikda erishilgan aql bovar qilmas yutuqlarning yuqori nuqtasi”
ekanini ta’kidladi.
“Prezident Tramp noyabr oyida Vashingtonda C5+1 (Markaziy Osiyo davlatlari
va AQSh muloqot formati — tahr.) yetakchilarini qabul
qilganidan beri, O‘zbekiston Amerika kompaniyalari bilan yuzlab million
dollarlik shartnomalar imzoladi”, — deya qayd etdi u.
Fevral oyida Saida Mirziyoyeva Serjio Gor ishtirokida kengashning ilk
yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar bergan edi.
Kengashni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan
yilning 4−6-noyabr kunlari AQShga amalga oshirgan tashrifi doirasida erishilgan
edi. Kengash
tuzilishining maqsadlari sifatida O‘zbekiston va Shtatlar o‘rtasidagi
“o‘zaro manfaatli savdo-investitsiya va tijorat aloqalarini yanada
kengaytirish va mustahkamlash”, shuningdek, “ishbilarmonlik muhitini sifat
jihatidan yaxshilash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, bu
yo‘nalishda samarali ishlarni tashkil etish” ko‘rsatilgan.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
07 04 2026 / 12:22