O‘zbekistonda
elektron tijoratni rivojlantirish maqsadida import tovarlar uchun bojxona
to‘lovlarini sotuv amalga oshirilgan vaqtda to‘lash tizimi joriy etiladi.
Bunday tovarlar bond omborlarida saqlanadi. Shuningdek, yirik xalqaro
marketpleyslarning omborlar tarmog‘ini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Payshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida
o‘tkazilgan taqdimotda elektron
tijoratni rivojlantirish va bond omborlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish
bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Davlat rahbari elektron tijoratni iqtisodiyotning asosiy “drayver”laridan
biriga aylantirish, sohada zamonaviy infratuzilmani yaratish, shuningdek,
raqamli platformalar faoliyati uchun qulay va shaffof muhitni
shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda elektron tijoratning chakana
savdodagi ulushi 4−4,6 foizni tashkil etib, jahondagi o‘rtacha 22 foizlik
ko‘rsatkichdan 5 barobar kam. Mamlakatda ushbu ulushni 9−11
foizga yetkazish uchun yetarli salohiyat mavjud.
So‘nggi sakkiz yil ichida mamlakatda elektron tijorat hajmi 20 baravar
o‘sib, 1,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Raqamli
platformalar soni esa 120 tadan oshdi. Ushbu sohada 750 ming kishi band bo‘lib,
budjetga har yili 200 mlrd so‘m miqdorida soliq tushumlari tushmoqda.
Bond
omborlari — bu import tovarlarini bojxona to‘lovlari
va soliqlarini kechiktirilgan tartibda to‘lash sharti bilan bojxona
nazorati ostida saqlashga mo‘ljallangan maxsus omborlardir.
Bojxona to‘lovlarini tovar sotilgan vaqtda to‘lash tizimining joriy
etilishi kamida 500 mln dollar miqdorida investitsiyalarni jalb qilish uchun
sharoit yaratishi kutilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi omborxonalarning umumiy maydoni 634 ming kv.
mni tashkil etib, ularning 72 foizi poytaxt va Toshkent viloyati hissasiga
to‘g‘ri keladi. Mavjud omborlarning faqat 34 foizi zamonaviy “A”
toifasiga kiradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yaqin besh yil ichida mamlakatning
barqaror iqtisodiy o‘sishi uchun 2,5 million kv. m zamonaviy omborxona
maydonlari talab etiladi.
Yirik xalqaro marketpleyslarning zamonaviy omborlari tarmog‘ini
kengaytirish taklif etilmoqda. Bunda raqamli platformalar va bond
omborlari soliq hamda bojxona tizimlari bilan chuqur integratsiya qilinishi
lozim.
2026−2028-yillarda eksperiment tariqasida “import — bon ombori —
maxsus elektron savdo platformasi — iste’molchi” sikliga asoslangan yangi
mexanizmni joriy etish rejalashtirilgan. Ushbu
tartibga ko‘ra, tovarlar bond omboriga joylashtiriladi, maxsus elektron
platforma orqali sotiladi, bojxona deklaratsiyasi va to‘lovlari esa bevosita
sotuv bosqichida amalga oshiriladi.
Bond omborlari mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlarga
chiqishini osonlashtirishi, aylanma mablag‘larga tushadigan yukni kamaytirishi,
logistika xarajatlarini qisqartirishi va eksport raqobatbardoshligini
oshirishi kutilmoqda.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
10 04 2026 / 10:53