Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

“YANGI O‘ZBEKISTON TARAQQIYOTIDA DAVLAT XARIDLARI TIZIMI: HUQUQ, AMALIYOT VA SAMARADORLIK” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya



Ulashing :


“YANGI O‘ZBEKISTON TARAQQIYOTIDA DAVLAT XARIDLARI TIZIMI: HUQUQ, AMALIYOT VA SAMARADORLIK” mavzusida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiya O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi va O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab quvvatlash markazi tomonidan tashkil etildi.

Ma’lumki, davlat xaridlari tizimi – bu davlat moliyaviy resurslarini taqsimlash va ulardan foydalanishning eng muhim institutsional shakllaridan biri hisoblanadi. SHu nuqtai nazardan, mazkur sohada huquqiy tartibga solishning samaradorligi davlat boshqaruvining umumiy sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Bu o‘rinda bir tarafdan buyurtmachilar bo‘lmish davlat xaridi sub’ekti - byudjet va korporativ buyurtmachilar qatnashsa, boshqa tarafdan tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etishadi. Davlat xaridi bu tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar eshigidir. Eng moliyaviy barqaror tovar yoki xizmatlar etkazib beruvchi - kontragent hisoblanadi. Har ikki taraf teng ishtirokchi sifatida ishtirok etadi - bir tarafning huquqlari ikkinchi tarafining huquqlaridan aslo ustun emas. Har ikki taraf davlat xaridlari maydonida manfaatdor bo‘lishi davlat haridlari tizimining samaradorligiga bog‘liq.

Konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, Biznes-ombudsmanning vakillari, vazirliklar va idoralar mutasaddilari, mahalliy xokimiyatlar, huquqni muxofaza etish hamda nazorat organlari va advokatlar kollegiyasi vakillari, sanoat, qurilish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat ishlab chiqarish sohalardagi tadbirkorlar, fan-ta’lim sohasi, innovatsion va investitsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlar hamda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi a’zolari va partiya faollari va OAV vakillari qatnashdilar.

Ma’lumki, davlat xaridlari davlat va ijtimoiy siyosatning potensial jihatdan muhim mexanizmidir. O‘zbekiston Respublikasi katta moliyaviy resurslarga ega va bozor munosabatlaridagi eng muhim subekt hisoblanadi. Davlat xaridlari tizimi davlat budjeti xarajatlarini optimallashtirish vositasi, shuningdek, bozor iqtisodiyotini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan raqobat muhitini yaratish omili bo‘lib xizmat qiladi hamda biznes faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun juda muhim sanaladi.

Davlat va mahalliy hokimiyat xaridlari tizimini rivojlantirish davlatning o‘z vazifalarini bajarishi, jumladan, iqtisodiy tarmoqlar hamda kichik va o‘rta biznesning barqaror ishlashi hamda rivojlanishini ta’minlash maqsadida davlat ehtiyojlarini qondirish zarurligiga asoslanadi. Muhim shartlar qatoriga bozorni aholi uchun zarur bo‘lgan tovarlar va xizmatlar bilan to‘ldirish, aholining boshqa hayotiy ehtiyojlarini qondirishni ta’minlash hamda mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish kiradi.

Ilmiy-amaliy konferensiyada ta’kidlangandek, bugun davlat xaridlari sohasida O‘zbekiston Republikasi Prezidenti xuzuridagi Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi vakolatli organ hisoblanadi. Bu O‘zbekkiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 4 fevraldagi PF 17 sonli farmoni bilan belgilandi. Farmondan maqsad – “mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarilishini kengaytirish, sanoat tarmoqlari va aholi iste’moli uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni o‘zlashtirish hamda ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirishda bozor mexanizmlarini keng joriy qilish, mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari va yirik korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini tizimli kengaytirish, davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar xaridini rag‘batlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish”dir.

Mazkur tizimni tartibga solish “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi. “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun 2021 yil 22 aprelda qabul qilingan bo‘lib (85-moddadan iborat), davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tizimli ravishda tartibga soladi va uning 5-moddasi mazkur tizimning fundamental prinsiplarini belgilab beradi.

Konferensiyada amaldagi amaldagi qonunning strategik axamiyati, asosiy pritsiplari, ularga bog‘liq huquqiy mexanizmlarning holati, davlat xaridlarini mukammal ijrosisida mutasaddi vazirlik va idoralarni o‘rni, davlat xaridlari sohasida samaradorlik va ochiqlikni ta’milash, mablag‘lardan oqilona foydalanish kabi prinsiplarga amal qilinishi, davlat xaridlari sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat va mazkur sohada xorijiy tajriba: uslubiyat va amaliyot masalalari bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralari vakillarining ma’ruzalari eshitildi.

Xususan, davlat xaridlarining asosiy prinsiplari haqida to‘xtalar ekan, prinsiplar - bu huquqiy tartibga solishning konseptual asoslari bo‘lib, ular davlat xaridlari jarayonining barcha bosqichlarida qo‘llanilishi shart bo‘lgan imperativ qoidalar tizimini tashkil etishi ta’kidlab o‘tildi. Qonunga muvofiq, ushbu prinsiplar quyidagilarni o‘z ichiga oladi: kasbiy mahorat, asoslanganlik, samaradorlik, ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik, mutanosiblik, barqarorlik, tizimning yagonaligi hamda korrupsiyaga qarshi kurash.

Mazkur prinsiplar nafaqat deklarativ xarakterga ega, balki ular davlat xaridlari sohasidagi barcha huquqiy munosabatlar uchun majburiy huquqiy standart sifatida namoyon bo‘ladi. SHu bilan birga belgilangan prinsiplar davlat xaridlari tizimining huquqiy poydevorini tashkil etadi. Ularning samarali amal qilishi esa aynan huquqiy mexanizmlarning qay darajada to‘g‘ri va samarali ishlashiga bog‘liq.

Bugun O‘zbekistonda davlat xaridlari tizimida shaffoflikni ta’minlash, raqamlashtirishni keng joriy etish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi hamda uning ijrosini ta’minlashga qaratilgan qonun osti hujjatlari amaliyotda kutilgan natijalarni bermoqda.

SHu bilan birga davlat xaridlari sohasida vaziyat qoniqarli deb bo‘lmaydi. G‘aznachilik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yildagi davlat xaridlari turlari bo‘yicha mamlakatda shartnomalar taqsimoti quyidagicha bo‘lgan:

jami 1624691 ta shartnoma tuzilgan bo‘lib ularning umumiy qiymati 108742.1 mlrd so‘mni tashkil etgan. SHundan 58 foizi raqobatli usullar orqali amalga oshirilgan bo‘lib eng katta ulush elektron do‘kon va elektron tanlash orqali amalga oshirilgan xaridlarga to‘g‘ri keladi.

SHuningdek, davlat xaridlarining 42 foizi raqobatsiz usullar orqali amalga oshirilgani xam kuzatiladi. Jumladan, yagona etkazib beruvchilar bilan va to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali amalga oshirilgan xaridlar muayyan ulushni tashkil etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi vakili tomonidan takidlanishicha, davlat mablag‘lari evaziga tovarlar sotib olish davlat bilan hamkorlik qiladigan ko‘plab tashkilotlar va korxonalar faoliyatining ajralmas qismi hisoblangan bir vaqtda, etkazib beruvchilar ko‘pincha etkazib berilgan tovarlar uchun to‘lovlarni olishda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Bu esa iqtisodiy nizolarni vujudga keltiradi.

Davlat xaridlari bo‘yicha iqtisodiy nizolar davlat buyurtmachilari va etkazib beruvchilar o‘rtasidagi iqtisodiy nizolar iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, respublika iqtisodiy sudlarida davlat xaridlariga oid 2019 yilda 1063, 2020 yilda 1122 ta, 2021 yilda 1774 ta, 2022 yilda 3053 ta, 2023 yilda 3993 ta, 2024 yilda 3553 ta va 2025 yilda 3078 ta ishlar ko‘rib chiqilgan. Birgina, 2024 yilda ko‘rilgan ishlarning 2885 tasi yoki 81,1% qanoatlantirilgan va 402 tasi yoki 11,3%ni qanoatlantirish rad etilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu toifadagi ishlarning 2067 tasi yoki 67,1% qanoatlantirilgan va 745 tasi yoki 24,2%ni qanoatlantirish rad etilgan. 2025 yilda bu toifadagi ishlar asosan Toshkent shahri (851 ta), Toshkent viloyati (307 ta) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (227 ta) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ishlar turkumi jihatdan esa, mahsulot etkazib berish (984 ta), haq evaziga xizmat ko‘rsatish (930 ta) va pudrat (834 ta) shartnomalari bilan bog‘liq nizolar ko‘pchilikni tashkil qilgan.

2025 yilda bu toifadagi ishlar asosan Toshkent shahri (851 ta), Toshkent viloyati (307 ta) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (227 ta) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Oxirgi vaqtlarda sud amaliyotida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etmasdan, xarid qilish tartib-taomillarini chetlab o‘tib, o‘zaro munosabatga kirishilgan, shu orqali ishlar bajarilgan, mahsulotlar etkazib berilgan va xizmatlar ko‘rsatilgan holatlar tez-tez ko‘zga tashlanmoqda.

Bu bilan oxir oqibatda davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etmagan va xarid tartib-taomillarini chetlab o‘tgan xo‘jalik yurituvchi subektlar o‘zlarining buzilgan huquqlarini sud orqali tiklash chorasini ko‘rishmoqda.

SHu o‘rinda davlat xaridlariga oid ishlarni sudda ko‘rishda ayrim muammoli holatlar mavjudligi konferensiyada e’tirof etildi. Xususan, davlat xaridlari bo‘yicha iqtisodiy nizolar davlat buyurtmachilari va etkazib beruvchilar o‘rtasidagi iqtisodiy nizolar iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi barobarida, nizolar hakamlik sudlarida ham ko‘rilmoqda. Bunda budjet tashkilotlari bilan tadbirkorlar o‘rtasidagi ishlarni ko‘rib, hal qiluv qarori chiqarishda moliya va g‘aznachilik bo‘linmalarini ishga jalb etililishi manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratildi.

Muxokamalarda shuningdek qurilish va kommunal xo‘jalik sohasida davlat haridlari shaffofligini ta’minlash, xamda bu borada milliy axborot tizimida reyting tizimini yuritilishi, mamlakat oziq-ovqat barqarorligini ta’minlashda davlat xaridlari qonunchiligi talablariga amal qilinishi va ishlar samaradorligi, davlat xaridlarining investitsiya, sanoat, savdo va turizm sohalarida axamiyati va echimini kutayotgan masalalar hamda mamlakatni innovatsion rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan davlat dasturlarini moliyalashda davlat xaridlari sohasidagi amaliy ishlarga oid masalalar ochiqlandi.

Konferensiyada ishtirok etgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan davlat xaridlarida biznesning ishtiroki, ularga berilgan imkoniyatlar va qo‘yilayotgan talablar, shuningdek tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida davlat xaridlari tizimida echimini kutayogan masalalar ko‘tarilib, amaliy takliflar ilgari surildi.

Tadbir yakunida ma’ruzalarda, muxokamalarda va bahs-munozaralarda bildirilgan takliflar xulosalar asosida tegishli mavzuga oid rezolyusiya qabul qilindi. Rezolyusiya konferensiya tashkilotchilari tomonidan amaldagi qonunchilikdagi takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisdagi O‘zLiDep fraksiyasiga taqdim etiladi.

Sharipov Orif Muxamedovich

O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi direktori o‘rinbosari





Sarlavxa :
Iqtisodiyot

13 04 2026 / 10:34