Taqdimotda bugungi kunda moliyaviy jarimalarni qo‘llash amaliyotida tadbirkorlar uchun qator muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Xususan, ayni paytda jarimalarning aksariyati vakolatli organlar, qolganlar esa sudlar tomonidan qo‘llanilayotgani sud nazoratini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shu
munosabat bilan joriy yil 1 oktyabrdan moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy
to‘lashni rag‘batlantiruvchi yangi va yagona tartibni joriy etish taklif
qilindi. Unga ko‘ra,
tadbirkorlik sub’yekti vakolatli organning qarori topshirilgan kundan boshlab
bir oy ichida jarimaning 50 foizini to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod
etiladi.
Shuningdek, jarimani olti oy davomida teng ulushlarda bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish nazarda tutilmoqda. Bunda qaror topshirilganidan so‘ng bir oy ichida jarima summasining oltidan bir qismi to‘lansa, mazkur tartib avtomatik ravishda amal qiladi.
Sud
nazoratini kuchaytirish maqsadida vakolatli organning moliyaviy jarimani
qo‘llash to‘g‘risidagi qarori sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas
deb topilgan taqdirda undirilgan mablag‘larni 15 kun muddatda qaytarish
mexanizmini belgilash taklif etildi. Agar ushbu muddat buzilsa, kechiktirilgan har bir kalendar kun uchun
Markaziy bank asosiy stavkasidan kelib chiqqan holda foiz hisoblanishi nazarda
tutilmoqda.
Moliyaviy
jarimalarni qo‘llash jarayonlarini raqamlashtirishga ham alohida e’tibor
qaratildi. Biznes-ombudsman
tomonidan yuritiladigan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida tadbirkorlik
sub’yektlariga nisbatan qo‘llanilgan moliyaviy jarimalarning elektron
reyestrini joriy etish taklif qilindi.
Vakolatli organlarning qarorlari qabul qilinganidan keyin elektron raqamli imzo bilan mazkur tizimga kiritilishi shart bo‘ladi. Axborot tizimiga kiritilmagan va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi hamda ular asosida jarima undirilmaydi.
Shuningdek,
mobil ilova orqali moliyaviy jarimalar hisobini yuritish, ularni monitoring
qilish va onlayn to‘lash imkoniyatini yaratish, manfaatdor idoralarning axborot
tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish zarurligi qayd etildi. Soliq to‘lovchi – tadbirkorlik
sub’yektining shaxsiy kabineti orqali moliyaviy jarima to‘g‘risidagi qarorlar
ustidan onlayn shikoyat berish va shikoyat kiritilishi bilan qaror ijrosini
avtomatik to‘xtatib turish imkoniyatini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Taqdimotda huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash tartibini unifikatsiya qilishga qaratilgan “Huquqiy ta’sir choralari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish taklifi bildirildi.
Davlat rahbari tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularni qonunga rioya etgan holda faoliyat yuritishga rag‘batlantirish, jarima qo‘llash amaliyotida adolat va shaffoflikni ta’minlash eng muhim vazifalardan ekanini ta’kidladi.
Takliflarni puxta ishlab chiqib, sud nazoratini kuchaytirish, raqamlashtirishni jadallashtirish va sohada yagona, aniq hamda adolatli huquqiy mexanizmni shakllantirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
14 04 2026 / 11:12