O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarining dala chetlaridan samarali
foydalanishni ta’minlash maqsadida yangi tartib joriy etilmoqda. Unga ko‘ra,
belgilangan maydonlarda maqbul ekin ekish talablariga rioya etmaganlar
javobgarlikka tortiladi.
Yangi
qonun (O‘RQ–1128-son, 2026 yil 13 aprel) bilan ayrim qonun hujjatlariga
qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Ma’muriy
javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ikkilamchi
ijaraga olgan ijarachilar tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer
uchastkalarining dala chetlaridagi kanal, sug‘orish va kollektor-drenaj
tarmoqlari atrofida belgilangan maydonlar va muddatlarda maqbul ekin ekish
talablariga rioya etilmagan taqdirda jarima qo‘llanadi.
Bunda
huquqbuzarlarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha
miqdorda jarima solinishi belgilangan.
Shuningdek,
Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, O‘simliklar karantini va
himoyasi agentligi har yili 1 mayga qadar maqbul ekin ekilmagan yer
uchastkalari hamda ularning mulkdorlari (egalari) haqidagi ma’lumotlarni davlat
soliq organlariga elektron shaklda taqdim etadi.
Mazkur
ma’lumotlar asosida esa maqbul ekin ekilmagan yer uchastkasining qismi uchun
joriy yilgi yer solig‘i stavkasi 3 baravar miqdorda oshirilgan holda
hisoblanadi.
Qonun
rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
О.Матназаров, кун.уз
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
14 04 2026 / 11:26