Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida elektron
tijorat sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga
doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori (PQ–136-son, 2026 yil 13 aprel) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1 iyuldan 2028 yil 1
iyulgacha huquqiy eksperiment tariqasida rezidentlar va norezidentlar tomonidan
jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus
elektron savdo platformalari orqali chakana sotish uchun ularni vaqtincha
saqlashga mo‘ljallangan yangi turdagi erkin ombor — bond omborlari tashkil
etiladi.
Eksperiment doirasida bond omborlari erkin ombor
faoliyatini litsenziyalash tartibi asosida tashkil qilinadi. Ularda
saqlanayotgan tovarlarni sotish Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan
yuritiladigan maxsus elektron savdo platformalari reyestriga kiritilgan
platformalar orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, bond omborlariga tovarlar erkin ombor
bojxona rejimi asosida joylashtiriladi va ularni jismoniy shaxslarning shaxsiy
ehtiyoji uchun chakana sotishga ruxsat beriladi.
Mazkur omborlardan tovarlarni jismoniy shaxslarga
sotishda jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida bojxona rasmiylashtiruvi amalga
oshiriladi. Bunda muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati
kabi ayrim talablar qo‘llanmasligi ko‘zda tutilgan.
Ushbu tartib elektron tijorat infratuzilmasini
rivojlantirish, tovar aylanmasini tezlashtirish hamda onlayn savdo
imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
О.Маtnazarov,
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
14 04 2026 / 11:58