Prezident
qaroriga muvofiq, 2026 yil 1 oktyabrdan tadbirkorlar uchun moliyaviy
jarimalarni to‘lash tartibi yengillashtirilib, qator yangi imkoniyatlar
yaratiladi.
“Moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish va sud
nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risida”gi
qarorga ko‘ra, tadbirkorlar vakolatli organ tomonidan qo‘llangan jarimani
ixtiyoriy ravishda ikki xil tartibda ijro etish imkoniga ega bo‘ladi.
Jumladan, qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50
foizini to‘lash orqali qolgan qismidan ozod bo‘lish mumkin. Shuningdek, jarima
summasini 6 oy davomida teng miqdorlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham
beriladi.
Qarorga muvofiq, agar moliyaviy jarima sud tomonidan bekor qilinsa yoki
haqiqiy emas deb topilsa, undirilgan mablag‘lar 15 kun ichida qaytariladi.
Agar ushbu muddat buzilsa, kechiktirilgan har bir kun uchun Markaziy bank
asosiy stavkasining 300 dan biri miqdorida foiz to‘lanadi.
Mazkur o‘zgarishlar tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va
moliyaviy jazo choralarini qo‘llashda adolatlilikni ta’minlashga qaratilgan.
O.Matnazarov, kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
16 04 2026 / 14:12