Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

XVJ yana O‘zbekistonda aksiz soliqlarini oshirish va soliq imtiyozlarini qisqartirishni taklif qildi



Ulashing :


XVJ O‘zbekistonga aksiz soliqlarini oshirish va ayrim soliq imtiyozlaridan voz kechishni tavsiya qildi. Jamg‘armaga ko‘ra, bu choralar budjetga YAIMning bir necha foizigacha qo‘shimcha daromad keltirishi hamda aholining ta’lim, tibbiyot va infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyojlarini qoplashi mumkin.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi O‘zbekistonga budjet daromadlarini oshirish uchun soliq siyosatini qayta ko‘rib chiqishni, jumladan, aksiz soliqlarini oshirish va soliq imtiyozlarini qisqartirishni tavsiya qildi. Bu haqda maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha yakuniy bayonotda ma’lum qilindi.

Jamg‘armaning ta’kidlashicha, mamlakat soliq siyosati va soliq tushumlarini boshqarish bo‘yicha chora-tadbirlarni muvozanatli uyg‘unlashtirish orqali 2020-yildan buyon kuzatilayotgan yalpi ichki mahsulotdagi soliq tushumlari ulushining pasayishini to‘xtatishi kerak.

Davlat tez o‘sib borayotgan aholining ta’lim, tibbiyot va infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyojlarini moliyalashtira olishi uchun XVJ yangilangan o‘rta muddatli daromadlar strategiyasini amalga oshirishni taklif qildi.

“Ayrim tovarlarga aksiz solig‘i stavkalarini oshirish, foyda solig‘i bo‘yicha eski soliq imtiyozlarini bosqichma-bosqich bekor qilish va yangilarini bermaslik — soliq ta’tillari va foyda solig‘i bo‘yicha pasaytirilgan stavkalarni, shuningdek, foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qilish va qonunchilikda nazarda tutilmagan bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilishni bekor qilish zarur”, deyiladi jamg‘arma xabarida.

Noyabr oyida XVJ hukumatga uch yil ichida soliq tushumlarining YAIMga nisbatan 2 foiz punktga kamayishini qoplash uchun daromadlarni oshirish bo‘yicha o‘rta muddatli strategiyani ishlab chiqishni tavsiya qilgandi. Quyidagi chora-tadbirlar kombinatsiyasi YAIMning kamida 2 foiz bandini ta’minlashi mumkin:

· maxsus aksizlarni (alkogol, qazib olinadigan yoqilg‘i, transport vositalari, shakar) oshirish, bu esa YAIMning 1,1 foizigacha qo‘shimcha daromadlarni ta’minlashi mumkin;

· investitsiya imtiyozlarini qisqartirish, foyda solig‘i bo‘yicha rag‘batlantiruvchi soliq choralarini qayta ko‘rib chiqish va amaldagilarini uzaytirish yoki yangilarini joriy etishdan voz kechish — YAIMning 1,1 foizigacha;

· bojxona to‘lovlari bo‘yicha samarasiz imtiyozlarni bekor qilish va yangilarini joriy etmaslik — YAIMning 3,2 foizigacha.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu chora-tadbirlar 2025−2030-yillarga mo‘ljallangan soliq va bojxona xizmatlarini isloh qilish strategiyalarini amalga oshirish bilan birga olib borilishi kerak.

Shu bilan birga, XVJ soliq ma’muriyatchiligini kuchaytirish va QQSni qaytarishni tezlashtirishga chaqiradi.

“Soliq tushumlarining o‘sishini QQSni qaytarish bo‘yicha qarzdorlikning yig‘ilib qolishiga yo‘l qo‘ymaydigan tarzda ta’minlash va parallel ravishda mavjud qarzdorlikni, xususan, schyot-fakturalar uchun xavflarni baholashning yangi tizimini joriy etish orqali bartaraf etish zarur”, deyiladi bayonotda.

XVJ, shuningdek, budjet institutlarini isloh qilish, jumladan, qarzni boshqarish strategiyasini e’lon qilish va budjet statistikasini rivojlantirish borasidagi yutuqlarni qayd etdi.

Ma’lum qilinishicha, soliq-budjet institutlarini mustahkamlash xarajatlar samaradorligini oshirish, shuningdek, fiskal xatarlar va qarzni boshqarish sohasida hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, jamg‘arma keyingi qadamlar — shaffoflikni oshirish va budjet jarayonlarini avtomatlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Tavsiyalar orasida:

· soliq xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni budjet bilan birga e’lon qilish;

· davlat-xususiy sheriklik loyihalari ustidan nazoratni kuchaytirish;

· iqtisodiyot va moliya vazirligining xatarlar monitoringi bo‘yicha vakolatlarini kuchaytirish;

· davlat korxonalarining moliyaviy tavakkalchiliklari to‘g‘risidagi axborotning shaffofligini oshirish.

XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi iqtisodiyotning o‘sishi va aholi ehtiyojlari fonida davlat moliyasining barqarorligini mustahkamlash va budjet siyosatining samaradorligini oshirish imkonini beradi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

16 04 2026 / 14:28