Qashqadaryo viloyati delegatsiyasining Belarusga tashrifi doirasida 4 ming
gektar yerni ijaraga olishga kelishildi. U yerda 1 ming bosh qoramol
yetishtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, har yili 60 ming tonna mahsulot
eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Qashqadaryo
viloyati delegatsiyasining Belarusga tashrifi doirasida 4 ming gektar yerni
ijaraga olishga kelishildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston delegatsiyasi Vitebsk viloyatining
Braslav, Shumilin va Postav tumanlaridagi chorvachilik komplekslari hamda
savdo obyektlari faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, hudud rahbariyati bilan
uchrashuvlarda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma ishlab chiqarish
zanjirlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, tashrif davomida “Asl Yuksalish Savdo”, “Muborak
qorako‘lchilik” korxonalari va Shumilin tumanida joylashgan “Sirotinskiy”
chorvachilik fermasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlik
aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur
kelishuvlar doirasida O‘zbekiston tomoni 4 ming gektar ekin maydonini uzoq
muddatli ijaraga oladi. Ushbu yer negizida keng ko‘lamli loyihani amalga
oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, birinchi bosqichda 1 ming bosh qoramol
yetishtiriladi.
Shu bilan birga, eksport
yo‘nalishida ham bitim imzolangan. Unga ko‘ra, “Asl Yuksalish Savdo” korxonasi
Belarusning “Dobronom” savdo tarmog‘iga har yili 60 ming tonna qishloq
xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beradi. Mahsulotlar qatoriga quruq mevalar,
dukkakli ekinlar, poliz mahsulotlari va uzum kiradi.
Tomonlar gumanitar hamkorlikni ham muhokama qildi. Jumladan, turistik
aloqalarni rivojlantirish va ikki mamlakat turizm sohasi vakillari uchun
tanishuv safarlarini tashkil etishga kelishildi.
Shuningdek, Belarus Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbari Yuriy Senko
bilan uchrashuvda Qashqadaryo viloyati teatri jamoasining Minsk shahrida
gastrol dasturini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Avvalroq Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston elchisi bilan uchrashuvda Belarus
O‘zbekistonga AES qurilishida yordam berishga tayyorligini bildirgan edi. Uning
aytishicha, bu O‘zbekiston bozori ko‘lamini hisobga olganda ular uchun ham
foydali. Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, texnologiyalar sohasida ham
hamkorlikni kengaytirish taklif qilindi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
17 04 2026 / 12:35