O‘zbekiston
Jahon bankining Water Forward global tashabbusiga qo‘shildi.
U 2030-yilgacha 1 mlrd aholi uchun suv xavfsizligini ta’minlashga
qaratilgan. Dastur suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish, resurslarni
tejash va sohada islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
O‘zbekiston Jahon banki guruhining 2030-yilgacha 1 milliard aholi uchun suv
xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan Water Forward global tashabbusiga
qo‘shildi. Bu haqda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.
Tashabbus 15-aprel kuni Vashingtonda o‘tkazilgan Jahon banki guruhining
bahorgi yig‘ilishlari doirasida taqdim etildi. Unda Jahon banki guruhi
prezidenti Ajay Banga, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish hamda qator xalqaro
moliya institutlari va davlatlar vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston
tomonidan bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov
qatnashdi.
Ma’lum
qilinishicha, Water Forward tashabbusi aholi uchun tegishli xizmatlarning
ishonchliligini oshirish, oziq-ovqat ishlab chiqarish va suv tizimlarining
qurg‘oqchilik va suv toshqinlariga chidamliligini mustahkamlash maqsadida
suv xo‘jaligi sohasida islohotlarni amalga oshirish va suv
infratuzilmasini modernizatsiya qilishga ko‘maklashadi.
Tashabbus doirasida ishtirokchi davlatlar suv xo‘jaligi tizimlarini
modernizatsiya qilish va isloh qilish uchun xalqaro moliya institutlari,
hukumatlar, xayriya tashkilotlari va xususiy sektordan moliyaviy hamda
tahliliy resurslarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Jahon banki 2030-yilgacha o‘z operatsiyalari doirasida 400 million kishi
uchun suv xavfsizligini ta’minlash majburiyatini olgan. Bu suv ta’minoti
va sanitariya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish,
irrigatsiya tizimlari va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini
yaxshilash, suv manbalarini tiklash hamda tabiiy ofatlardan himoya qilish
choralarini o‘z ichiga oladi.
Qo‘shimcha ravishda hamkor tashkilotlar hissasi bilan tashabbus qamrovini 1
milliarddan ortiq aholiga yetkazish rejalashtirilgan. Unda Osiyo taraqqiyot
banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Yevropa tiklanish
va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki va Islom taraqqiyot
banki ishtirok etmoqda.
Tashabbusning asosini ishtirokchi davlatlar tomonidan ishlab chiqiladigan
milliy suv paktlari tashkil etadi. Ularda suv sohasidagi
islohotlar ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi va xalqaro sheriklar bilan
hamkorlikda moliyalashtirish ta’minlanadi.
Tadbirda 14
davlatdan iborat birinchi guruh tashabbusga qo‘shilgani e’lon qilindi. Ular
qatorida O‘zbekiston, Albaniya, Angola, Boliviya, Vetnam, Kongo Demokratik
Respublikasi, Iordaniya, Kambodja, Kamerun, Keniya, Kot-d'Ivuar, Senegal,
Serra-Leone va Yamayka bor.
Jamshid Qo‘chqorov o‘z nutqida O‘zbekiston hukumati Jahon banki bilan
hamkorlikda milliy suv paktini ishlab chiqqanini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, mazkur hujjat 2030-yilgacha mo‘ljallangan taraqqiyot
strategiyasiga mos bo‘lib, sug‘oriladigan yerlarning 100 foizida (4,1 mln
gektar) suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sug‘orishdagi suv
yo‘qotishlarini 25 foizga kamaytirish, aholini toza ichimlik suvi
va sanitariya xizmatlari bilan ta’minlash hamda sohani raqamlashtirishni
nazarda tutadi.
O‘zbekiston uchun suv pakti nimalarni o‘z ichiga oladi?
Mamlakat uchun suv pakti O‘zbekistonda kuchayib
borayotgan suv tanqisligiga e’tibor qaratadi. So‘nggi 20
yilda mamlakatda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan qayta tiklanuvchi toza suv
resurslari hajmi 25 foizga qisqargan, shu bilan birga suvning 90 foizdan
ortig‘i qishloq xo‘jaligi tomonidan iste’mol qilinadi.
Qo‘shimcha yuklamani eskirgan infratuzilma, suv va energiya
yo‘qotishlarining yuqori darajasi, shuningdek, aholining atigi 27,1 foizini
qamrab olgan kanalizatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi
yuzaga keltirmoqda.
Pakt doirasida O‘zbekistonda 3,8 million kishi uchun suv xavfsizligini
ta’minlash va 2,2 million kishi uchun irrigatsiya xizmatlaridan
foydalanish imkoniyatini kengaytirish rejalashtirilgan. Bu 80 ming agroklaster va fermer xo‘jaliklari, 525 ming yakka
tartibdagi xo‘jaliklar va 6200 mahallani qamrab oladi.
2030-yilgacha infratuzilmani keng ko‘lamda yangilash nazarda tutilgan:
·
1,7 million gektarda suv
tejovchi texnologiyalarni joriy etish va ular bilan qamrovni
sug‘oriladigan yerlarning 100 foizigacha (yuqorida qayd etilganidek — 4,1
million gektar) yetkazish;
·
10,9 ming km magistral
kanallar va 44 ming kmdan ortiq kollektor-drenaj tarmoqlarini
modernizatsiya qilish;
·
21,5 ming kmdan ortiq suv
ta’minoti va 10 ming km kanalizatsiya tarmoqlarini qurish
va rekonstruksiya qilish;
·
200 mingta suv olish nuqtasini
raqamlashtirish hamda irrigatsiyada suv yo‘qotishlarini 25 foizga, suv
ta’minoti tizimida esa 30 foizga kamaytirish;
·
nasos stansiyalari tomonidan
yillik elektr energiyasi iste’molini 6,5 mlrd kVt/soatdan 6,0 mlrd
kVt/soatgacha qisqartirish.
Ekologik
yo‘nalish doirasida drenaj tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish
orqali sho‘rlangan yerlar maydonini 1,7 mln gektargacha kamaytirish ko‘zda
tutilgan. Gidrometeorologik hodisalarni monitoring qilish va erta ogohlantirish
tizimlarini rivojlantirish hamda ular bilan qamrovni 96 foizgacha yetkazish
rejalashtirilgan. Shuningdek, tozalash inshootlarini qurish
va modernizatsiya qilish (shu jumladan, oqova suvlarni tashlaydigan
425 ta korxonada) nazarda tutilgan.
Hujjat institutsional islohotlarni ham nazarda tutadi — suv ta’minoti
tariflarini bosqichma-bosqich o‘zini qoplash darajasigacha oshirish,
iste’molchilarning 100 foiziga suv hisoblagichlarini o‘rnatish va suv
resurslarini boshqarishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish.
Zarur investitsiyalar umumiy hajmi 10 mlrd dollar deb baholanmoqda.
Mablag‘larni davlat budjeti (1,7 mlrd dollar), xalqaro moliya institutlari
(1,27 mlrd) va xususiy sektor (1,25 mlrd) hisobiga jalb qilish
rejalashtirilgan. Shu bilan birga, taxminan 6,1 mlrd dollar miqdorida
moliyalashtirish yetishmovchiligi saqlanib qolmoqda. Jahon banki qo‘shimcha
hamkorlar va investitsiyalarni jalb qilish uchun yana 500 mln dollar
safarbar etishni rejalashtirmoqda.
Dastur amalga oshirilishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish
hajmini oshirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari
yaratishga (ayniqsa qishloq hududlarda) xizmat qilishi kutilmoqda.
Avvalroq Gazeta suv masalasida Markaziy Osiyo oldidagi muammolar
va ekspertlarning yechimlarini taqdim etgan
edi. Mintaqada suv muammosi uning
tanqisligi bilangina cheklanib qolmayapti. Iqlim o‘zgarishi sababli resurslar oldindan
aytib bo‘lmas holga kelib qolmoqda, mamlakatlar ehtiyojlari o‘rtasidagi farq
esa keskinlikni oshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jahon banki O‘zbekistonga 10,6 mln dollar miqdorida grant
ajratishni ma’qulladi. Ushbu mablag‘lar eskirgan gaz uzatish infratuzilmasidagi sizib chiqish
holatlarini kamaytirish hamda mamlakatdagi uy xo‘jaliklari va sanoat
korxonalarini ta’minlash uchun tabiiy gazni tejashga yo‘naltiriladi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
17 04 2026 / 13:59