XVJ O‘zbekistonni raqobatdosh tarmoqlarda foyda bilan ishlayotgan davlat
korxonalarini xususiylashtirish va “yashovchanligini yo‘qotganlarini”
tugatishga chaqirdi. Investorlar ishonchi
va davlat xarajatlari samaradorligini oshirish uchun amaldorlar mol-mulkini
deklaratsiyalash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish lozim.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) missiyasi O‘zbekistonga davlat
sektoridagi islohotlarni jadallashtirishni, jumladan, raqobatdosh tarmoqlarda
foyda bilan ishlayotgan davlat korxonalarini xususiylashtirish
va samarasiz kompaniyalarni tugatishni tavsiya qildi.
Tashkilot ekspertlarining baholashicha, bu mehnat unumdorligini
oshirish, investitsiyalarni jalb etish va xususiy sektorni rivojlantirish
uchun zarur.
“Aksariyat
davlat korxonalarining raqobatli tarmoqlarda faoliyat yuritayotganini,
shuningdek, bunday bozorlarda xususiy kompaniyalarning samaradorlik borasidagi
afzalliklari ko‘plab ilmiy tadqiqotlar bilan tasdiqlanganini hisobga olgan
holda, raqobatli tarmoqlardagi rentabelli davlat korxonalarini
xususiylashtirish, yashovchanligini yo‘qotganlarini esa bundan jabr ko‘radigan
xodimlarni zarur darajada qo‘llab-quvvatlagan holda tugatish lozim”, —
deyiladi bayonotda.
Hisobotda qayd etilishicha, strategik va raqobat mavjud bo‘lmagan
sohalarda ishlaydigan davlat korxonalari korporativ boshqaruv sohasidagi qolgan
“zaif jihatlar”ni hamda davlat ta’siri va turli qo‘llab-quvvatlash
shakllari sababli yuzaga kelgan “yumshoq” budjet cheklovlarini bartaraf etishga
e’tibor qaratishi kerak.
Xususan, bozor standartlari bo‘yicha daromadlilik talablarini
qat’iylashtirish, kuzatuv kengashlarini tayinlashda shaffoflikni oshirish,
budjet kompensatsiyasisiz amalga oshiriladigan, o‘ziga xos bo‘lmagan
faoliyatdan voz kechish hamda audit va hisobotdorlikning xalqaro standartlariga
rioya etilishini ta’minlash taklif qilinmoqda.
Yaqinda tashkil etilgan Milliy investitsiya jamg‘armasining roliga alohida
e’tibor qaratiladi. XVFning qayd etishicha, uning institutsional investorlarni
jalb qilishdagi muvaffaqiyati aniq vakolatlar, operatsion mustaqillik
va davlat korxonalarini qayta tuzish qobiliyatiga bog‘liq bo‘ladi.
Shuningdek,
missiya davlat boshqaruvi, mehnat bozori va iqlim siyosati sohasidagi
islohotlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladi. Gap, xususan, axborot
beruvchilarni himoya qilish va davlat xizmatchilari aktivlarini deklaratsiyalash to‘g‘risidagi
qonunlarni qabul qilish, ayollar bandligini oshirish, norasmiy sektorni
qisqartirish hamda malakali ishchi kuchini rivojlantirish haqida bormoqda.
“Davlat boshqaruvi tizimini mustahkamlash, xarajatlar samaradorligini
oshirish va investorlar ishonchini mustahkamlash uchun muhim qonunchilik
hujjatlarini, xususan, qonunbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni himoya
qilish va aktivlarni deklaratsiyalashga oid hujjatlarni tasdiqlash
va samarali ijrosini ta’minlash zarur”, — deya qayd etadi XVJ.
Bundan tashqari, jamg‘arma ekspertlari tarmoq regulyatorlari faoliyatini
kuchaytirish, asosiy sektorlarda mutlaq huquqlarni bekor qilish va Jahon
savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bilan bog‘liq islohotlarni yakunlash orqali
iqtisodiyotda bozor tartibini va raqobatni kuchaytirishga chaqirdi.
Ularning bahosiga ko‘ra, bu xususiy investitsiyalar oqimini
ko‘paytirish va raqobatni kuchaytirish imkonini beradi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
20 04 2026 / 11:18