Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Fermerlar kengashi
fermerlar, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va chorvadorlarga murojaat bilan
chiqib, 18 apreldan 18 maygacha O‘zbekistonda «Chorvachilikda
sanitariya-epidemiya-gigiyena» oyligi e’lon qilinganini bildirdi.
Murojaatda qayd etilishicha,
bugungi kunda dunyoda ekologik muvozanat va iqlim o‘zgarishi natijasida chorva
hayvonlari orasida turli yangi kasalliklar yuzaga kelmoqda. Xususan, xorijiy
davlatlarda chorva mollari o‘rtasida oqsil (yashur)
kasalligi tarqalish xavfi kengaymoqda. Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkiloti
ma’lumotiga ko‘ra, 2025–2026 yillarda 48 ta davlatda ushbu kasallikning yangi
SAT tiplari qayd etilgan bo‘lib, amalda qo‘llanilayotgan vaksinalar bu tiplarga
qarshi to‘liq himoya qilmaydi. Shu
sababli kasallik tarqalishining oldini olishda barcha fermer va
chorvadorlarning mas’uliyati va faol ishtiroki nihoyatda muhim hisoblanadi.
Shu
munosabat bilan, xo‘jalik va fermalarda veterinariya-sanitariya tartiblariga
qat’iy rioya qilish, kirish joylarida dezinfeksiya vositalarini tashkil etish,
begona shaxslar va transport vositalarining kirishini cheklash, hayvonlarni
saqlashda zoogigiyenik talablarga amal qilish, ularni sifatli ozuqa va toza suv
bilan ta’minlash, hududni doimiy tozalikda saqlash hamda zararli jonivorlarga
qarshi kurashish zarurligi bildirildi.
«Agar
hayvonlarda kasallikka shubha tug‘ilsa, ularni darhol boshqalardan ajratish,
veterinar kelguniga qadar izolyatsiya qilish va hech qanday dori
vositalarini mustaqil qo‘llamaslik talab etiladi», – deyiladi murojaatda.
Ta’kidlanishicha,
oqsil kasalligi alomatlari – yuqori harorat, og‘iz bo‘shlig‘ida va tuyoqlarda
yaralar, elinda shikastlanishlar kuzatilganda zudlik bilan veterinariya
vrachiga murojaat qilish shart. Bunday holatlarda binolarni
dezinfeksiya qilish, hayvon mahsulotlarini hududdan tashqariga chiqarmaslik va
sutni qaynatmasdan iste’mol qilmaslik lozim.
«Chorva hayvonlarini o‘z vaqtida emlash
kasallikning oldini olishda eng samarali choradir. Qoramollar yiliga ikki marta
(bahor va kuzda), qo‘ylar esa yiliga bir marta emlanishi zarur. Zarur hollarda
2,5–3 oylikdan katta barcha hayvonlar majburiy emlanadi va emlashdan so‘ng
15–21 kun ichida immunitet shakllanadi», – deyiladi murojaatda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Fermerlar kengashi
chorva salomatligini saqlashda tozalik va veterinariya qoidalariga amal qilish
eng muhim omil ekanini bildirib, fermerlar va chorvadorlardan mazkur oylik
doirasida barcha profilaktik va epizootik tadbirlarni uyushqoqlik bilan amalga
oshirishga chaqirdi. Kasallikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar to‘plamini ilova qildi.
Har
qanday kasallik alomatlari kuzatilganda (71-202-12-00, ichki: 210, 218, 323)
raqamlari orqali mutaxassislarga murojaat qilish mumkin.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
20 04 2026 / 11:45