Yig‘ilishda qayd qilinishicha, bugungi kunda yurtdoshlar 40
ga yaqin davlatda mehnat qilmoqda, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning soni
1,2 million nafarni tashkil etmoqda. Yevropa
va Sharqiy Osiyoning rivojlangan davlatlarida malakali ishchi kuchiga ehtiyoj
yildan yilga ortib bormoqda. Qolaversa, Yevropa komissiyasining 2030 yilgacha
bo‘lgan yangi migratsiya strategiyasida Markaziy Osiyo bilan migratsiya
dasturlari, kadrlar tayyorlash va noqonuniy migratsiyaning oldini olishga
alohida urg‘u berilgan.
Shu bois, tashqi mehnat migratsiyasi bozori
geografiyasini kengaytirish, ayniqsa, yuqori daromadli mehnat bozorlariga
chiqish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Bugungi kunda xorijdan til va kasb talablariga javob
beradigan 100 mingdan ortiq malakali mutaxassisga buyurtmalar kelib tushgan. Jumladan, Germaniyaga 40 ming hamshira, Yaponiyaga 15
ming qurilish, logistika va servis sohalari mutaxassislari zarur.
Mazkur ehtiyojni qoplashda
Germaniya, Koreya va Yaponiya kompaniyalari bilan texnikumlar negizida tashkil
etilgan qo‘shma ta’lim loyihalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xorijiy kompaniyalar bilan
tashkil etilgan 12 ta “Kasb plyus til” tamoyili asosida qo‘shma ta’lim
loyihalarida 8,5 ming fuqaro o‘qimoqda. Ularning 3 ming bitiruvchisi allaqachon
ishga joylashdi.
Endi bunday loyihalar sonini
20 taga yetkazish, talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb va xorijiy tillarga
o‘qitish ko‘lamini 50 foizga kengaytirib, qamrovni 10 ming nafardan oshirish
rejalashtirilgan. Jumladan, Toshkent shahrida 12 ta talab yuqori kasb, 7 ta chet tiliga
o‘qitish, 6 ta sertifikat imtihonini o‘tkazish uchun sharoitlar hamda 600
o‘rinli o‘quv kampusini o‘z ichiga olgan maqsadli tayyorlash markazini tashkil
etish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Andijon,
Samarqand, Farg‘ona va Toshkent shahridagi tibbiyot texnikumlarida
hamshiralarni til va kasbiy ko‘nikmalar bo‘yicha xalqaro imtihonlarga
tayyorlaydigan maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi. Shu bilan birga, qurilish
sohasida betonchi, qolipchi, armatura to‘quvchi va payvandlovchilarni
tayyorlash hamda malakasini baholash markazlarini kengaytirish choralari
ko‘riladi.
Hududlarda infratuzilmani
yaxshilash markazida joylarda yagona migratsiya markazlari va haydovchilikka
o‘qitish xablarini tashkil etish taklif etildi.
Mavsumiy ish yo‘nalishlarini
ham kengaytirish zarurligi qayd etilib, bu borada agrar va turizm sohalarida
imzolangan 12 ta yangi xalqaro bitim asosida AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya,
Ispaniya, Italiya, Turkiya va Koreya kabi davlatlar bilan hamkorlikni
rivojlantirish topshirildi.
Taqdimotda migratsiyani
tartibli tashkil etishning yangi moliyaviy mexanizmlari ham muhokama qilindi. Xususan, chet tilini o‘rganish
xarajatlarining 50 foizini, kasbiy malaka imtihoni xarajatlarini esa to‘liq
qoplab berish tartibini joriy etish, bunda mablag‘larni o‘quv markazlariga
emas, fuqarolarning o‘ziga berish taklif qilindi. Shuningdek, chet elda ishga
joylashgan har bir ishchi uchun xorijiy ish beruvchi va rekruting kompaniyalarni
rag‘batlantirishning yangi tartibi ko‘rib chiqildi.
“Xorijda ish” migratsiya
platformasini yanada takomillashtirish, unga sun’iy intellekt texnologiyalarini
joriy etish orqali ish beruvchilar va aholi uchun yengillik hamda qulaylik
yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbari Migratsiya
agentligi faoliyati faqat tashqi mehnat migratsiyasi bilan cheklanib qolmasdan,
ichki mehnat bozorini sifatli kadrlar bilan ta’minlashga ham xizmat qilishi
lozimligini ta’kidladi.
Fuqarolarni xorijda qonuniy
va xavfsiz mehnat faoliyatiga jalb qilish bilan birga ularning huquq va
manfaatlarini himoya qilish masalasi ham muhokama qilindi. Ularning sog‘lig‘i, yashash va
mehnat sharoitlarini doimiy monitoring qilib borish zarurligi ta’kidlandi. Shu
maqsadda 37 ta davlatda qo‘llab-quvvatlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 48
ming nafar fuqaroga ijtimoiy, 17 ming nafariga huquqiy, 6 ming nafariga moddiy
yordam ko‘rsatilgani ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, vaqtincha
ro‘yxatda turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning
ruxsatnomasiz ishlash holatlarini tartibga solish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada idoralararo
hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, noqonuniy migratsiyani tahlil va prognoz qilish,
norasmiy mehnatni legallashtirish, milliy qadriyatlar hamda mamlakatimizda
bo‘lish qoidalarini tushuntirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezident takliflarni
ma’qullab, tashqi mehnat migratsiyasini zamon talablariga mos ravishda tashkil
etish, sohada raqamli yechimlardan keng foydalanish bo‘yicha mutasaddilarga
tegishli topshiriqlar berdi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
21 04 2026 / 10:52