Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratishda mahalliy dehqon va tadbirkorlarga ustuvorlik beriladi



Ulashing :


O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratishda mahalliy dehqon va tadbirkorlarga ustuvorlik beriladi, shuningdek, xorijiy investorlar bu turdagi yerlarini ijaraga olishda kamida $10 mln investitsiya kiritishi shart etib belgilanadi. Prezidentga bu bo‘yicha tegishli takliflar kiritildi.

Shavkat Mirziyoyev yer resurslaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi besh yilda mamlakatda yer munosabatlarini isloh qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilgan. Xususan, yer ajratish vakolati hokimlardan olinib, yer uchastkalarini auksion orqali realizatsiya qilish tartibi joriy etildi. Shu davrda 616,3 ming gektar yer auksion orqali ajratildi, budjetga 1,4 trillion so‘m tushum ta’minlandi.

Taqdimotda yerdan yuqori daromad olishda ilg‘or xorijiy tajribani, ayniqsa, chet elning zamonaviy agrotexnologiyalarini keng qo‘llash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, bu jarayonda milliy manfaatlarni himoya qilish lozimligi qayd etildi.

Xususan, xorijiy investorlarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishning tartibi va shartlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bundan buyon ularga faqat viloyat hokimliklari huzuridagi direksiyalar orqali, investitsiya miqdori kamida 10 million dollar bo‘lgan loyihalar doirasida, yaylov, lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarni aylanmaga qaytarish sharti bilan ikkilamchi ijaraga berish tartibi qo‘llanadi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini olish bo‘yicha auksionda faqat mahalliy dehqon va tadbirkorlar ishtirok etishini belgilash lozimligi ta’kidlandi. Mudofaa, chegara, tarixiy-madaniy yerlar va o‘rmon fondi yerlari faqat mamlakatimiz fuqarolariga beriladi. Ayni paytda yerlarni ijaraga berish muddatini barcha turdagi yerlar uchun, shu jumladan, sanoat va qurilish loyihalarini amalga oshiradigan chet ellik investorlar uchun ham 49 yil etib belgilash taklif etildi.

Bugungi kunda qariyb 100 ming gektarga yaqin yerning ijara muddati tugagan. Shu bois tadbirkorlar ushbu yerlarni qayta auksionga chiqarmasdan, ijara muddatini uzaytirish bo‘yicha qulay va shaffof tartib joriy etish zarurligini bildirmoqda.

Taqdimotda mazkur jarayonni davlat xizmatlari markazlari va elektron platformalar orqali amalga oshirish, kadastr, qishloq xo‘jaligi va adliya tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish, e’tirozlar bo‘lmagan taqdirda qishloq xo‘jaligi yerlari uchun 30 yilgacha, noqishloq yerlar uchun 49 yilgacha uzaytirish tartibini joriy etish taklif qilindi. Soliq yoki ijara to‘lovidan qarzdorlik, sud nizosi yoki noqonuniy qurilish aniqlangan hollardagina ijara shartnomasi yangi muddatga uzaytirilmasligi belgilanmoqda.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

22 04 2026 / 10:03