Prezident Shavkat Mirziyoyev yer resurslaridan yanada
samarali foydalanishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Erishilgan yutuqlar
So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda yer munosabatlarini
isloh qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, yer ajratish
vakolati hokimlardan olinib, yer uchastkalarini auksion orqali realizatsiya
qilish tartibi joriy etildi. Shu davrda 616,3 ming gektar yer auksion orqali
ajratildi, budjetga 1,4 trillion so‘m tushum ta’minlandi.
Eng muhimi, yerning haqiqiy egasi paydo bo‘lishi
natijasida har bir gektardan olinayotgan daromad 3 karra oshib, 50-60 million
so‘mga yetgan. Bugun ushbu yerlarda har yili 539 trillion so‘mlik mahsulot
yetishtirilib, 2,1 milliard dollarlik eksport amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, sohada hal etilishi lozim bo‘lgan
qator masalalar ham borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Nima ekishni fermer o‘zi belgilaydigan tartib
kengaytiriladi
Yerlar auksion orqali ajratilayotgan bo‘lsa-da,
ijarachilarning undan foydalanishdagi mustaqilligi hali yetarli emas. Shu
sababli 117,6 ming gektar yer hozirgacha sotilmasdan turibdi.
Shu bois, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni
ijaraga berishning yangi tizimini qo‘llash, joriy yilda yana 100 ming gektar
yerni yangi tartib asosida auksionga chiqarish rejalashtirilgan. Bu borada, ayniqsa, yerdan foydalanishda iqtisodiy
rag‘batlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘tgan yili vodiy viloyatlari, Jizzax, Toshkent
viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda sotilgan yerlarda ekinlarni mustaqil
joylashtirish bo‘yicha joriy etilgan tajriba yaxshi samara bergani ta’kidlandi.
Xususan, 2025 yilda 20 ming gektar yerning 16 ming
gektarida tadbirkorlar o‘zlari tanlagan yuqori daromadli va eksportbop
ekinlarni ekib, 150 million dollarlik eksport uchun zamin yaratgan. Endi ushbu
tajribani kengaytirish, yerdan foydalanuvchilarga yanada ko‘proq iqtisodiy erkinlik
berish muhimligi qayd etildi.
Plantatsiya va chorvachilik uchun – 500 gektargacha
yer uchastkalari
Sanoatlashgan plantatsiya va chorvachilik loyihalari
uchun 50 gektardan 500 gektargacha yer uchastkalarini auksionga chiqarish, shu
asosida joriy yilning o‘zida har bir viloyatda kamida 5 tadan yirik loyihalarni
boshlash belgilandi.
Ushbu loyihalar uchun suv va elektr ta’minoti
xarajatlarini qoplab berish, 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha arzon
kreditlar ajratish, kredit foiz stavkalarini kompensatsiya qilib berish,
yetishtirilgan mahsulotni qadoqlash xarajatlarining 50 foizgacha qismini
subsidiyalash kabi qator moliyaviy qo‘llab-quvvatlash joriy etilishi
ta’kidlandi.
Chet
elliklar auksionda qatnasholmaydi
Taqdimotda yerdan yuqori daromad olishda ilg‘or
xorijiy tajribani, ayniqsa, chet elning zamonaviy agrotexnologiyalarini keng
qo‘llash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, bu jarayonda milliy manfaatlarni
himoya qilish lozimligi qayd etildi.
Xususan, xorijiy investorlarga qishloq xo‘jaligiga
mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishning tartibi va shartlari qayta ko‘rib
chiqiladi. Bundan buyon ularga faqat viloyat hokimliklari
huzuridagi direksiyalar orqali, investitsiya miqdori kamida 10 million dollar
bo‘lgan loyihalar doirasida, yaylov, lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarni
aylanmaga qaytarish sharti bilan ikkilamchi ijaraga berish tartibi qo‘llanadi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini olish
bo‘yicha auksionda faqat mahalliy dehqon va tadbirkorlar ishtirok etishini
belgilash lozimligi ta’kidlandi.
Mudofaa, chegara, tarixiy-madaniy yerlar va o‘rmon
fondi yerlari faqat mamlakatimiz fuqarolariga beriladi.
Yer ijarasining muddati
Yerlarni ijaraga berish muddatini barcha turdagi
yerlar uchun, shu jumladan, sanoat va qurilish loyihalarini amalga oshiradigan
chet ellik investorlar uchun ham 49 yil etib belgilash taklif etildi.
Bugungi kunda qariyb 100 ming gektarga yaqin yerning
ijara muddati tugagan. Shu bois, tadbirkorlar ushbu yerlarni qayta auksionga
chiqarmasdan, ijara muddatini uzaytirish bo‘yicha qulay va shaffof tartib joriy
etish zarurligini bildirmoqda. Taqdimotda mazkur jarayonni davlat xizmatlari
markazlari va elektron platformalar orqali amalga oshirish, kadastr, qishloq
xo‘jaligi va adliya tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish, e’tirozlar
bo‘lmagan taqdirda qishloq xo‘jaligi yerlari uchun 30 yilgacha, noqishloq
yerlar uchun 49 yilgacha uzaytirish tartibini joriy etish taklif qilindi.
Soliq yoki ijara to‘lovidan qarzdorlik, sud nizosi
yoki noqonuniy qurilish aniqlangan hollardagina ijara shartnomasi yangi
muddatga uzaytirilmasligi belgilanmoqda.
Raqamlashtirish, javobgarlik va boshqa qo‘shimcha
mexanizmlar
Yig‘ilishda yer toifasini o‘zgartirish va
nobudgarchilik to‘lovlarini hisoblash bilan bog‘liq jarayonlar haligacha qog‘oz
shaklida yuritilayotgani tanqid qilindi. Bu esa kelishuv va qaror qabul qilish muddatining
cho‘zilishiga, investorlar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan barcha jarayonlarni
raqamlashtirish, yerdan maqsadli foydalanish, suv samaradorligi va tuproq
sifati kabi mezonlar asosida yerdan foydalanish samaradorligini baholash
tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.
Yerga bo‘lgan ijara huquqini moliyaviy vosita
sifatida kengaytirish, uni nafaqat tijorat kreditlari, balki lizing, ipoteka va
bank kafolatini olish uchun ham garovga qo‘yish imkoniyatini yaratish zarurligi
qayd etildi.
Yer
uchastkasini bo‘sh turgan yer sifatida hisobga olish tartibini soddalashtirish,
yerlarni qayta ijaraga berishda shartnomalarni haq evaziga yoki tekinga tuzish
mumkinligini aniq belgilash, shundan kelib chiqib, yer oldi-sotdisiga oid
huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish
taklif etildi.
Yer nazorati
yo‘nalishida javobgarlikni kuchaytirish masalalariga ham alohida e’tibor
qaratildi. Xususan, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish uchun
javobgarlikni faqat sug‘oriladigan yerlar uchun emas, qolgan barcha turdagi yer
uchastkalariga nisbatan ham tatbiq etish zarurligi ta’kidlandi.
Temir yo‘llari,
avtomobil yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obektlari, suv
inshootlari va tarmoqlarini qurish maqsadlarida yerlarning toifasi
o‘zgartirilganda nobudgarchilik to‘lovidan ozod qilish, yer jamoat ehtiyojlari
uchun olib qo‘yilganida to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlarini soliqqa
tortmaslik bo‘yicha takliflar bildirildi.
Kelgusida
qishloq xo‘jaligi yerlari ijarachilariga hududlardagi 13 ta direksiya orqali,
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda investitsiya loyihalarini amalga
oshirayotgan tadbirkorlarga esa 14 ta investitsiya kompaniyasi orqali xizmat
ko‘rsatilishi, ushbu tashkilotlar o‘z yo‘nalishlarida davlat organlari va
tadbirkorlar o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini bajarishi ta’kidlandi.
Shavkat
Mirziyoyev yer islohotlarini yangi bosqichga olib chiqish, yerdan foydalanish
samaradorligini oshirish, tadbirkorlar uchun yanada ochiq va tushunarli tizim
yaratish, shuningdek, sohada raqamlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha
mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
22 04 2026 / 10:43