O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlari
ijarachilarining mustaqilligini kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda
21-aprel kuni prezident bilan uchrashuvdan so‘ng Iqtisodiyot va moliya
vazirligi huzuridagi qishloq xo‘jaligida yer islohotlari bo‘yicha loyiha
ofisi rahbari Mas’ud Subhonqulov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda sinov tariqasida joriy etilgan yangi
yer taqsimlash tizimi allaqachon ijobiy natijalarni ko‘rsatgan. O‘sha paytdagi
standart 30 yilga yer berish amaliyotidan farqli o‘laroq, ushbu tajriba
doirasida uchastkalar 49 yilga ijaraga berila boshlandi. Yerlar 3 gektardan 50
gektargacha bo‘lgan lotlarda ajratilgan.
“O‘tgan yili 20
ming gektarga yaqin yer yangi qoidalar asosida ijaraga berildi
va ijarachilar yuqori daromadli, eksportga yo‘naltirilgan va sanoat
plantatsiyalarini faol tashkil eta boshladilar. Davlat rahbari barcha qishloq
xo‘jaligi yerlarini xuddi shunday tamoyil asosida auksionga chiqarishni
topshirdi”, — dedi u “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan
intervyusida.
Shuningdek, davlat
rahbari har bir ijarachi tomonidan yerdan foydalanish samaradorligini baholash
tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Xususan, sun’iy
intellekt yordamida bozor kon’yunkturasini hisobga olgan holda, qaysi ekinlar
ma’lum bir hududga eng mos kelishi tahlil qilinadi. Shu asosda sun’iy
intellektga asoslangan raqamli agroxaritani ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari,
prezident yer ajratishda milliy manfaatlarni himoya qilish, sug‘oriladigan
yerlarni saqlab qolish, ularni boshqa toifalarga o‘tkazishda qat’iy tartib
o‘rnatish zarurligini ta’kidladi.
“Ilgari
yer uchastkalari 30 yilga ijaraga berilgan bo‘lsa, endi prezident
topshirig‘iga ko‘ra, muddat 49 yilgacha uzaytirilmoqda”, — dedi Mas’ud
Subhonqulov.
Oldin yer aniq
belgilangan maqsadlarda — masalan, paxta, g‘alla, sabzavot, bog‘ yoki
uzumzorlar uchun auksionga qo‘yilar edi. Uning so‘zlariga ko‘ra,
bu sharoitda fermerlar faoliyatiga aralashish holatlari qayd etilgan.
“Endi yerdan
foydalanish mustaqil bo‘ladi: ijarachi o‘z uchastkasi uchun eng maqbul ekinni
o‘zi tanlaydi va faqat soliq organlari oldida javob beradi”, — deya
ta’kidladi loyiha ofisi rahbari.
Prezident
yer uchastkalarini sotishdan tushgan mablag‘larni tegishli
hududlarga — suv ta’minotini yaxshilash, foydalanilmayotgan yerlarni
tiklash va infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltirish bo‘yicha
topshiriqlar berdi.
Davlat rahbari o‘tgan yil oxirida 2026-yildan boshlab
qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga olgan fermerlar o‘z yerlarida nima
yetishtirishni o‘zlari hal qilishlari mumkinligini ma’lum qilgan
edi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatining Gazeta’ga
aniqlik kiritishicha, gap barcha yerlar haqida emas, balki avvalroq aniq
mahsulot yetishtirish majburiyati bilan auksionga qo‘yilgan yerlar haqida
ketmoqda.
O‘zbekistonda
yana 100 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarini yangi tizim bo‘yicha ekinlarni
erkin tanlash huquqi bilan 49 yilga ijaraga berish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, sanoat
plantatsiyalari uchun yer uchastkalarini sotish va auksionlarni
kengaytirish ko‘zda tutilgan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
23 04 2026 / 10:07