Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonda xorijiy investorlarning qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishi cheklanadi



Ulashing :


O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlari uchun o‘tkaziladigan auksionlarda chet elliklarning ishtirokini cheklash va ustuvorlikni mahalliy tadbirkorlarga berish reja qilinmoqda. Investorlar uchun yerdan foydalanish ikkilamchi ijara va qiymati 10 mln dollardan yuqori bo‘lgan yirik loyihalar orqali saqlanib qoladi.

O‘zbekistonda chet ellik investorlarga qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish tartibi va shartlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda 21-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga o‘tkazilgan taqdimot davomida so‘z bordi.

Qayd etilishicha, bundan buyon ularga faqat viloyat hokimliklari huzuridagi direksiyalar orqali, investitsiya miqdori kamida 10 million dollar bo‘lgan loyihalar doirasida, yaylov, lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarni aylanmaga qaytarish sharti bilan ikkilamchi ijaraga berish tartibi qo‘llanadi.

Adliya vaziri Akbar Toshqulov ushbu yondashuvlar prezident tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini tasdiqladi. Shu bilan birga, qo‘shimcha topshiriqlar, eng avvalo, amalga oshirishning aniq mexanizmlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi yerlarini taqsimlashda asosiy ustuvorlik ichki mehnat bozoriga beriladi.

“Qishloq xo‘jaligi yerlari cheklanganligini hisobga olib, ustuvorlik O‘zbekiston fuqarolarini ish bilan ta’minlashga qaratilishi kerak. Shu sababli chet ellik investorlar uchun ikkilamchi ijara mexanizmi joriy etilmoqda”, — deya ta’kidladi Toshqulov.

Shu bilan birga, hukumat yirik investorlar uchun uzoq muddatli kafolatlar taqdim etish orqali sharoitlarni yaxshilash niyatida.

“Yirik investorlar uchun yerga bo‘lgan huquqlar kafolati muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan prezident qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni ijaraga berish muddatini 25 yildan 49 yilgacha oshirish taklifini ma’qulladi”, — dedi vazir.

Shuningdek, barcha turdagi yerlar, jumladan, sanoat va qurilish loyihalarini amalga oshirayotgan chet ellik investorlar uchun ijara muddatini yagona — 49 yil etib belgilash taklif qilindi.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, qishloq xo‘jaligi yerlari bo‘yicha auksionlarda ishtirok etish huquqini faqat mahalliy fermer va tadbirkorlarga berish rejalashtirilmoqda. Yerlarning ayrim toifalari — mudofaa, chegara hududlari, tarixiy-madaniy va o‘rmon fondi yerlari — istisnosiz faqat mamlakat fuqarolari uchun ochiq bo‘lib qoladi.

Investorlar duch kelayotgan muammolarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, yer toifasini o‘zgartirish va kompensatsiya miqdorini hisoblash jarayonlari haligacha qog‘oz shaklida qolmoqda, bu esa muddatlar cho‘zilishiga va biznesning noroziligiga sabab bo‘lyapti.

Shu munosabat bilan, jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish hamda yerlardan foydalanish samaradorligini baholash tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi. Bunda yerning maqsadli ishlatilishi, suv iste’moli va tuproq sifati hisobga olinadi.

“Hozirgi vaqtda qishloq xo‘jaligi yerlarini qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan toifaga o‘tkazish prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan amalga oshirilmoqda, biroq bu jarayonning aniq tartibi belgilanmagan. Yangi loyihalarda inson omilisiz ishlaydigan shaffof elektron tizimni joriy etish taklif qilinmoqda”, — dedi Adliya vaziri.

Bundan tashqari, yer uchastkalarini ijaraga berish muddatini uzaytirishni soddalashtirish taklif etildi. Xususan, qarzdorlik va nizolar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ijara muddati qishloq xo‘jaligi yerlari uchun 30 yilgacha, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun esa 49 yilgacha elektron platformalar va davlat xizmatlari markazlari orqali uzaytirilishi mumkin.

“Umuman olganda, qonunchilikni qo‘llash amaliyoti asosida muammoli masalalar aniqlanmoqda va ular bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlanyapti. Shu bilan birga, yer sotib olayotgan fuqarolar va tadbirkorlar uchun kafolatlar kuchaytirilmoqda: sotib olingandan so‘ng yer ularning mulkiga aylanadi va huquqlari Konstitutsiya bilan himoya qilinadi”, — deya ta’kidladi Akbar Toshqulov.

O‘zbekistonda yana 100 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarini yangi tizim bo‘yicha — ekinlarni erkin tanlash huquqi bilan 49 yilga ijaraga berish rejalashtirilgan. Shuningdek, industrial plantatsiyalar uchun uchastkalarni sotish va auksionlarni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

24 04 2026 / 15:41