Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonda yer ijarasi huquqidan ipoteka va lizing uchun foydalanishga ruxsat beriladi



Ulashing :


O‘zbekistonda yer ijarasi huquqi kengaytirilib, undan kredit, ipoteka va lizing uchun garov sifatida foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, yer nazorati kuchaytiriladi, noqonuniy oldi-sotdi uchun javobgarlik qayta ko‘riladi va biznesning yerga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun jarayonlar soddalashtiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda yerga bo‘lgan ijara huquqini moliyaviy vosita sifatida kengaytirish va yer nazorati yo‘nalishida javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Davlat rahbari ijara huquqidan nafaqat tijorat kreditlari, balki lizing, ipoteka va bank kafolatini olish uchun ham garovga qo‘yish imkoniyatini yaratish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Shuningdek, yer uchastkasini bo‘sh turgan yer sifatida hisobga olish tartibini soddalashtirish, yerlarni qayta ijaraga berishda shartnomalarni haq evaziga yoki tekinga tuzish mumkinligini aniq belgilash taklif etildi.

Shundan kelib chiqib, yer oldi-sotdisiga oid huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.

Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish uchun javobgarlikni faqat sug‘oriladigan yerlar uchun emas, qolgan barcha turdagi yer uchastkalariga nisbatan ham tatbiq etish zarurligi ta’kidlandi taklif qilinmoqda.

Bundan tashqari, infratuzilma loyihalarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Jumladan, temiryo‘llar, avtomobil yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obyektlari, suv inshootlari va tarmoqlarini qurish maqsadlarida yerlarning toifasi o‘zgartirilganda nobudgarchilik to‘lovidan ozod qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, yer jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganida to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlarini soliqqa tortmaslik rejalashtirilmoqda.

Kelgusida qishloq xo‘jaligi yerlari ijarachilariga hududlardagi 13 ta direksiya orqali, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga esa 14 ta investitsiya kompaniyasi orqali xizmat ko‘rsatilishi, ushbu tashkilotlar o‘z yo‘nalishlarida davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini bajarishi ta’kidlandi.

Prezident mas’ul idoralarga yer islohotlarini yangi bosqichga olib chiqish, yerdan foydalanish samaradorligini oshirish, tadbirkorlar uchun yanada ochiq va tushunarli tizim yaratish, shuningdek, sohada raqamlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yana 100 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarini yangi tizim bo‘yicha — ekinlarni erkin tanlash huquqi bilan 49 yilga ijaraga berish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, industrial plantatsiyalar uchun yer uchastkalarini sotish va auksionlarni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Qishloq xo‘jaligi yerlari bo‘yicha auksionlarda chet elliklarning ishtiroki cheklanib, ustuvorlik mahalliy tadbirkorlarga beriladi. Investorlar uchun esa ikkilamchi ijara hamda 10 mln dollardan yuqori bo‘lgan yirik loyihalar orqali imkoniyat saqlanib qoladi. Shu bilan birga, ularga uzoq muddatli kafolatlar berish va jarayonlarni soddalashtirish va’da qilinmoqda.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

24 04 2026 / 15:59