KOICA O‘zbekistonda AT ta’lim ekotizimini
rivojlantirish uchun 14 mln dollar grant ajratdi. Loyiha doirasida yoshlar
zamonaviy IT yo‘nalishlarda o‘qitiladi, mutaxassislar malakasi oshiriladi
va bir qator hududlarda AT markazlar hamda hablar tashkil etiladi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)
O‘zbekistonda axborot texnologiyalari ta’lim ekotizimini rivojlantirishga
qaratilgan loyiha uchun 14 million dollar miqdorida grant ajratdi. Bu haqda
Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “O‘zbekistonda AT ta’lim
ekotizimini takomillashtirish orqali yoshlarning bandlik va tadbirkorlik
salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida yoshlar sun’iy intellekt, prompt
muhandisligi, dasturlash, narsalar interneti va onlayn marketing kabi
zamonaviy yo‘nalishlarda to‘rt yil davomida tizimli o‘qitiladi.
Shuningdek, 500 nafar AT mutaxassisi va
o‘qituvchilarning malakasi oshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida koreyalik
yetakchi ekspertlar ishtirokida startap inkubatsiya dasturlari ham yo‘lga
qo‘yiladi.
Loyiha 2026−2032-yillar davomida amalga oshirilib,
Nukus va Qarshi shaharlarida ikkita zamonaviy AT-xab tashkil etiladi. Bundan
tashqari, yettita tumanda 14 ta AT markaz qurilib, zarur jihozlar bilan
ta’minlanadi.
Vazirlikka ko‘ra, mazkur tashabbus ta’lim tizimini
rivojlantirish, yoshlar bandligini oshirish va innovatsion tadbirkorlikni
qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Avvalroq O‘zbekiston Janubiy Koreya kompaniyasining 7
mln dollar granti asosida 100 ta tez yordam mashinasini xarid
qilishi ma’lum bo‘lgan edi. Transport vositalari 2026-yilning birinchi yarmida xarid qilinadi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
27 04 2026 / 16:05