O‘zbekiston
Fransiya bilan uzumzorlarda mavsumiy ishlarga fuqarolarni jalb qilish bo‘yicha
kelishuvga erishdi. Yozdan boshlab 50 nafar nomzod pilot tarzda ishga
yuboriladi. Shuningdek, kadr tanlash va “ta’lim + ish” dasturlari bo‘yicha
hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston
Fransiya bilan qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirib,
o‘zbekistonliklarni uzumzorlarda mavsumiy ishlarga jalb qilish bo‘yicha
kelishuvga erishdi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Migratsiya
agentligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning Fransiyadagi
elchixonasi vakillaridan iborat delegatsiya Fransiyada hamyurtlarni qonuniy
va tizimli ishga joylashtirish masalalari bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazgan.
Unda Fransiya Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi (FNSEA)
bilan uzumzorlarda mavsumiy ishlarga o‘zbekistonliklarni jalb qilish bo‘yicha
kelishuvga erishilgan.
Qayd
etilishicha, joriy yil yoz oylaridan boshlab pilot loyiha doirasida
Fransiyada ishlash istagini bildirgan 50 nafar nomzod ilk bor ushbu davlatga
yuboriladi.
Shuningdek, Fransiyada kadr tanlash
va bandlikni ta’minlashga ixtisoslashgan Sélect Recruiting Service
tashkiloti bilan nomzodlarni saralash va ishga joylashtirish bo‘yicha
bitim imzolangan.
Bundan tashqari, CFA AC Paris kompaniyasi bilan “ta’lim + ish”
formatida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, Fransiyada restoran sohasida
o‘qish va ishlash imkoniyatini yaratish bo‘yicha dastur ishlab chiqilishi
rejalashtirilmoqda.
Kelishuvlarni amalga oshirish
va tashkiliy-huquqiy masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Fransiyaning
Tashqi ishlar, Ichki ishlar va Ta’lim vazirliklari mutasaddilari,
shuningdek, France Travail davlat bandlik xizmati, CCI Île-de-France
savdo-sanoat palatasi hamda AP-HP Parij davlat shifoxonalari xizmati vakillari
bilan muzokaralar o‘tkazilgan.
Avvalroq Yaponiyaning Willer Express
kompaniyasi o‘zbekistonlik avtobus haydovchilarini tayyorlash va ishga
joylashtirishni yo‘lga qo‘yishi xabar
berilgan edi. Toshkentda o‘quv poligoni
ochiladi, amaliyot uchun o‘ng rulli avtobuslar olib kelinadi. Loyihani
hududlarga ham kengaytirish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi geografiyasini
kengaytirish va xorijdagi yuqori haq to‘lanadigan ishlar uchun kadrlar
tayyorlashni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.
Xorijdagilar allaqachon 100 mingdan ortiq mutaxassisga talabnoma yuborgan.
Hukumat til o‘rganish va imtihonlar xarajatlarini qoplashni taklif
qilmoqda.
20-aprel kuni prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda mavsumiy ish
yo‘nalishlarini ham kengaytirish zarurligi qayd etilib, bu borada agrar
va turizm sohalarida imzolangan 12 ta yangi xalqaro bitim asosida
AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya va Koreya kabi
davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish topshirildi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
28 04 2026 / 14:19