Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zMIJ Toshkent va Londonda IPO boshlanganini e’lon qildi



Ulashing :


O‘zMIJ aksiyalarning birlamchi ommaviy joylashtirilishini (IPO) boshlamoqda. “Toshkent” birjasida aksiyalar narxi 4,65 so‘mdan, Londondagi global depozitar tilxatlar esa 25 dollardan sotiladi. Jismoniy shaxslar aksiyalarni 5 foizli chegirma bilan sotib olishi mumkin. Arizalar 12-maygacha qabul qilinadi.

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (O‘zMIJ) o‘z aksiyalarining birlamchi ommaviy taklifi (IPO) boshlanganini e’lon qildi. U 29-apreldan boshlanib, 12-maygacha davom etadi.

Jamg‘arma xabariga ko‘ra, taklif narxi quyidagicha belgilangan:

· bitta oddiy aksiya uchun — 4,65 o‘zbek so‘mi;

· bitta global depozitar tilxat (GDR) uchun — 25 AQSh dollari (bunda bitta GDR 64 700 ta aksiyaga teng).

Muomalaga chiqarilgan aksiyalarning umumiy sonidan (5 trln donadan ortiq) kelib chiqqan holda, kompaniyaning bozor kapitallashuvi ushbu narxda taxminan 1,95 mlrd dollarga baholanmoqda. Yagona sotuvchi sifatida O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirok etmoqda, vazirlik investorlarga jamg‘arma aksiyadorlik kapitalining taxminan 30 foizini taklif qilmoqda.

Joylashtirish tuzilmasi

Taklif ikki transhga bo‘lingan:

· Toshkent taklifi: O‘zbekistondagi institutsional va chakana investorlar uchun oddiy aksiyalar. Savdolarni “Toshkent” respublika fond birjasida ochish rejalashtirilgan.

· Xalqaro taklif: Mamlakat tashqarisidagi institutsional investorlar uchun GDRlar. Jamg‘arma GDRlarni London fond birjasining (LSE) asosiy bozorida savdoga chiqarish uchun ariza topshirdi.

Yakor investorlar sifatida BlackRock, Franklin Resources (Franklin Templeton), Redwheel boshqaruvidagi yirik xalqaro jamg‘armalar hamda Allan & Gill Gray Foundation tuzilmalari ishtirok etdi. Ular jami taxminan 300 mln dollarlik GDRlarni sotib olish bo‘yicha obuna shartnomalarini imzoladi.

O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslar — Toshkent taklifi ishtirokchilari uchun 12 mlrd so‘mgacha bo‘lgan miqdorda ariza topshirilganda taklif narxidan 5 foiz miqdorida chegirma ko‘zda tutilgan. Chegirmani inobatga olgan holda, ular uchun bir dona aksiya narxi 4,41 so‘mni tashkil etadi. Chakana investorlar arizalarni mahalliy brokerlar (Alkes Research, Avesta Investment Group, Bluestone Financial Group) yoki Jett mobil ilovasi (200 million so‘mgacha bo‘lgan arizalar uchun) orqali topshirishlari mumkin.

Muddatlar va shartlar:

· 12-may: Obuna davrining yakunlanishi (mahalliy transh uchun Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da).

· 13-may: Joylashtiriladigan qimmatli qog‘ozlarning yakuniy sonini e’lon qilish va London fond birjasida (LSE) shartli savdolarning boshlanishi.

· 18-may: London fond birjasida (LSE) asosiy savdolar va “Toshkent” respublika fond birjasida ikkilamchi savdolarning boshlanishi kutilmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, shuningdek, O‘zMIJ listing yakunlanganidan keyin 180 kun davomida aksiyalarni sotmaslik (lock-up) majburiyatini oldi. Franklin Templeton Asset Management bosh direktori Marius Dan ham taklifda umumiy shartlar asosida ishtirok etish va sotish bo‘yicha shu kabi cheklovlarni qabul qilish niyatida.

Xalqaro joylashtirishning global koordinatori sifatida Jefferies International Limited ishtirok etmoqda. Bitimning huquqiy ta’minotini Cleary Gottlieb, Kosta Legal, White & Case va Dentons kompaniyalari amalga oshirmoqda. GDR dasturining depozitariysi etib The Bank of New York Mellon tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, jamg‘arma aktivlarining sof qiymati 2,44 mlrd dollarni tashkil etdi. O‘zMIJ portfelidan 13 ta davlat kompaniyasi, jumladan, Uzbekistan Airways, “O‘zbektelekom” va boshqalardagi minoritar ulushlar o‘rin olgan. Dunyoning yirik jamg‘armalari, xususan, BlackRock va Franklin Resources, jamg‘armaning “yakor investorlari” sifatida ishtirok etadi. Ular London va Toshkentdagi bo‘lajak aksiyalar joylashtiruvi doirasida jamg‘armaning 300 mln dollarlik qimmatli qog‘ozlarini sotib olish majburiyatini olgan.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

30 04 2026 / 13:06