O‘zbekistonda
yil yakuniga qadar 13 ta gidroelektr stansiyani ishga tushirish
rejalashtirilmoqda. Ularning umumiy quvvati 114 megavattni tashkil etib, yiliga
537 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
Prezident mazkur loyiha taqdimoti bilan tanishdi.
Shavkat
Mirziyoyev gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari
yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda 150
ming kilometrdan ortiq daryolar, soylar va kanallar mavjud.
Bu manbalar nafaqat ichimlik suvi va sug‘orish, balki energetika,
iqtisodiyot hamda ekologiya nuqtai nazaridan ham strategik ahamiyatga ega.
Bugungi
kunda elektr energiyasi ishlab chiqarishning katta qismi tabiiy gaz va ko‘mirga
bog‘liq. Gidroenergiya ulushi esa 10−12 foiz atrofida. Shu bois,
gidroenergetikani rivojlantirish energiya tizimini barqarorlashtirish, yoqilg‘i
resurslariga bog‘liqlikni kamaytirish va suv resurslaridan samarali
foydalanishda muhim o‘rin tutadi.
Taqdimotda 2026−2032-yillarda umumiy
qiymati 5,8 milliard dollar bo‘lgan 73 ta istiqbolli loyihani amalga
oshirish rejalari ko‘rib chiqildi. Buning natijasida qo‘shimcha 3,6 gigavatt
quvvat yaratilishi kutilmoqda.
Joriy
yilda 13 ta GESni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ularning
umumiy quvvati 114 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi esa 537 million
kilovatt-soatni tashkil etadi. Mazkur loyihalar doirasida 254 ta ish o‘rni
yaratiladi. Bunga qo‘shimcha Bo‘stonliq tumanida 28 million dollarlik grantlar
hisobidan 20 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.
Qayd
etilishicha, yirik loyihalar qatorida Bo‘stonliq tumanidagi Yuqori Pskom GES
qurilishi alohida ahamiyatga ega. Qiymati 365 million dollar bo‘lgan mazkur
loyihaning quvvati 160 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi 484 million
kilovatt-soat bo‘ladi. Bu 161 ming xonadonni elektr energiyasi bilan
ta’minlash imkonini beradi. Loyihada mahalliy komponentlar ulushi 82 foizni
tashkil etadi.
Farg‘ona
viloyati So‘x tumanida “milliy loyiha” tamoyili asosida So‘x GES qurilishi
rejalashtirilgan. Quvvati 15 megavatt bo‘ladigan ushbu stansiya yiliga 50
million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, tumandagi elektr
ehtiyojining 71 foizini barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.
Yuqori
To‘palang hududining gidroenergetika salohiyati ham ko‘rib chiqildi.
“To‘palang” suv omboriga quyiladigan daryo va soylarda 42 ta kichik
GES qurish orqali 541 megavatt quvvat yaratish, yiliga qariyb 1,9 milliard
kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
30 04 2026 / 13:23