Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati himoya qilinmoqda



Ulashing :


Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati himoya qilinmoqda

Yurtimizda tadbirkorlik faoliyatining to‘sqinlarsiz amalga oshirilishini ta’minlash, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.

Jumladan, kichik biznesni rivojlantirishni rag‘batlantirish, xususiy tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini himoyalash maqsadida tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha huquqiy normalar mustahkamlandi. Shuningdek, muqobil va rejadan tashqari tekshiruvlarning barcha turlari bekor qilindi, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi bir qator litsenziyalanadigan faoliyat turlari va ruxsat berish tartib-taomillari qisqartirildi, soddalashtirildi.

Joriy yilning 1-yarim yilligida Biznes-ombudsmanning Navoiy viloyat xodimlariga 244 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 214 murojaat ko‘rib chiqilgan. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 109 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 105 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan.

– Kelib tushgan murojaatlar tahlil etilganda, ularning 63 tasi bank-kredit, 19 tasi yer, bino ajratish va olib qo‘yish, 12 tasi noqonuniy tekshirishlar, 29 tasi soliq va bojxona, 18 tasi shartnomaviy munosabatlar, 24 tasi infratuzilmani rivojlantirish, 15 tasi sud, surishtiruv-tergov va 64 tasi boshqa (hududiy hokimlik hamda tegishli idora mansabdor shaxslari xatti-harakatlaridan norozi) masalalarda ekanligini ko‘rish mumkin, – deydi Biznes-ombudsmanning Navoiy viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi yetakchi inspektori Komiljon Kuliyev. – Murojaatlar va o‘rganishlar asosida tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan davlat organlariga 54 ta ta’sir choralari, jumladan 4 ta taqdimnoma kiritilib, 18 nafar mansabdor shaxsga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, 10 ta da’vo arizasi, 1 ta xulosa, 38 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqilishi uchun sudlarga yuborildi. Jumladan, Karmana tumanida faoliyat yuritayotgan “Karmana Bahor” oilaviy korxonasi rahbarining Navbahor o‘rmon ishlab chiqarish korxonasiga yetkazib berilgan mahsulotlar uchun umumiy qiymati 60,1 million so‘m mablag‘ to‘lanmaganligidan norozi bo‘lib qilgan murojaati yuzasidan korxona manfaatini ko‘zlab Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritilib, sudning hal qiluv qarori bilan oilaviy korxona foydasiga belgilangan mablag‘ undirilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Albatta bugungi kunda yurtimizda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash, bu borada aniqlangan qonunbuzilish holatlarini zudlik bilan bartaraf etish hamda aybdor shaxslarning javobgarlik masalasini qonuniy hal etilishini ta’minlash yuzasidan aniq mexanizmlar ishlab chiqilgan bo‘lib, amalda ta’minlanmoqda. Bu esa tadbirkorlik faoliyatining yanada rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

12 07 2021 / 14:23