Toshkentdagi
muzokaralarda O‘zbekiston va Chexiya rahbarlari tovar ayirboshlash hajmini
1 mlrd dollarga yetkazish, texnologik kooperatsiya dasturini,
shu jumladan, geologiya va muhim xomashyo sohalarida tayyorlash,
shuningdek, poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta
tiklashni kelishib oldilar.
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya bosh vaziri Andrey Babishning tor doirada va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.
O‘zbekiston bilan Chexiya
o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning joriy holati va uni yanada rivojlantirish
istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston
yetakchisi ushbu tashrif O‘zbekiston —
Chexiya munosabatlari tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni
boshlab berishini ta’kidladi. Barcha sohalarda hamkorlik rivojlanib borayotgani
qayd etildi. Hukumatlar, vazirliklar va idoralar darajasida yaqin aloqalar
o‘rnatildi, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashgani qayd
etildi.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash
qariyb ikki barobarga oshgani ma’lum qilindi. Mamlakatda Chexiya kapitali
ishtirokida 37 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Bir qator yangi kooperatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha ish olib
borilmoqda.
O‘zaro savdo hajmini
oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Tovar ayirboshlashni, shu jumladan,
mahsulot turlarini kengaytirish orqali 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi
qo‘yildi.
Birgalikdagi savdoni rag‘batlantirish maqsadida Chexiyada O‘zbekistonning
birinchi sertifikatlash filiali tashkil etilmoqda. Chexiyalik hamkorlar bilan
“Yevro-6” standartidagi avtomobillarni sertifikatlash va kvant etaloni
bo‘yicha zamonaviy laboratoriya qurilmoqda.
Chexiyaning yetakchi kompaniyalari bilan mashinasozlik, “yashil” energiya,
geologiya va muhim xomashyo, kimyo, farmatsevtika hamda boshqa sohalarda
loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga olgan Texnologik hamkorlik dasturini
ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek,
infratuzilmani rivojlantirish va “aqlli” shaharlar yaratish, muhandislik
ishi va raqamlashtirish sohalarida kooperatsiya uchun mavjud istiqbollar
qayd etildi. Xususan, kuni kecha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston — Chexiya
biznes forumida e’lon qilingan loyihaviy tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlar Eksport kreditlarini
sug‘urtalash agentligi va Chexiya Eksport bankining O‘zbekistonda
loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash niyatini olqishladilar.
Iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni
ilgari surish uchun Ishbilarmonlar kengashini tuzish va Hukumatlararo
komissiyaning keyingi yig‘ilishini shu yil avgust oyida Toshkentda
o‘tkazish taklif qilindi.
Madaniy-gumanitar sohada,
shu jumladan, qo‘shma diplom dasturlari doirasida ta’lim va akademik
almashinuvni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.
O‘zaro madaniyat va kino kunlari, ko‘rgazma va konsertlarni muntazam ravishda o‘tkazish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida sayyohlar oqimini ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi. Shu maqsadda
ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareysni qayta tiklash
masalasi ko‘rib chiqiladi.
Tartibli mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama
qilindi.
Xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. Yakunda qabul qilingan
qarorlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni
ishlab chiqishga kelishib olindi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
01 05 2026 / 11:41