Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etganlarga subsidiya beriladi



Ulashing :


Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etgan fermerlarga subsidiya beriladi. U har bir kontur uchun bir marta ajratiladi. Ariza Agroportal orqali topshiriladi. O‘z mablag‘i hisobidan joriy etganlarga subsidiyaning 50 foizi oldindan to‘lanadi.

Hukumatning 28-apreldagi qarori bilan qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etganlik uchun xarajatlarning bir qismini qoplash tartibi tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar bermoqda.

Qarorga muvofiq, subsidiya Davlat budjetidan ajratiladi va u qishloq xo‘jaligi mahsuloti yoki texnologiya turidan qat’i nazar, har bir konturda joriy etilgan texnologiya uchun faqat bir marta beriladi.

Subsidiya olish uchun talabgor o‘z ekin yer maydonlarini konturlar hamda yetishtirilayotgan mahsulot turlari kesimida Agroportalga kiritgan bo‘lishi kerak. Ariza ushbu platforma orqali elektron shaklda taqdim etiladi.

Arizaga suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini qurish bo‘yicha “Tomchi-reestr”ga kiritilgan quruvchi-pudrat tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma nusxasi, loyiha hujjatlari va qurilish ishlari yakunlangani haqidagi dalolatnoma nusxasi, shuningdek ish bajarilgan konturlar (hududi va aniq lokatsiyasi) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ilova qilinishi lozim.

Shuningdek, texnologiyalarni o‘z mablag‘i hisobidan joriy etgan talabgorlarga belgilangan hisob-kitoblarga muvofiq subsidiyaning 50 foizi oldindan to‘lab beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil dekabrida suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev o‘tgan yilga nisbatan O‘zbekistonda, transchegaraviy suv omborlarini ham hisobga olganda, suv zaxiralari 6,5 mlrd kub metrga qisqarganini ma’lum qilgan edi. 2026-yilda 503 ming gektar maydonda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda, degan edi u.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unda ma’lum qilinganidek, 2028-yilga qadar suv tejovchi texnologiyalarni 930 ming gektar yerda o‘rnatib, bunday maydonlarni 3,5 million gektarga yoki jami sug‘oriladigan yerlarning 80 foiziga yetkazish rejalashtirilgan. Natijada har yili 3,5 milliard kub metr suvni iqtisod qilish, 300 ming gektar yerning suv ta’minotini yaxshilash va takroriy ekinlarni sug‘orish imkoniyati yaratiladi.

Shundan keyin ko‘p o‘tmay, 5-fevral kuni qabul qilingan prezident qarorida sug‘oriladigan yerlarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilmagan hollarda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq 2 barobar oshirilishi belgilandi. 2027-yildan soliq va subsidiyalar suv ta’minoti darajasiga qarab belgilanadi, “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatish majburiy bo‘ladi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

01 05 2026 / 12:09