Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)
O‘zbekistonda hududlarni master rejalar asosida “yashil” iqtisodiy
rivojlantirish uchun 9 mln yevro grant ajratadi, deb xabar
bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Bu bo‘yicha kelishuv 30-aprel kuni vazirning birinchi
o‘rinbosari Ilhom Norqulov, GIZ`ning O‘zbekistondagi rahbari Yoaxim Frits
va loyihalar rahbari Beate Shoreyt ishtirokida imzolangan.
Uchrashuvda vazirlik, GIZ, UzAgrostar xoldingi
va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etgan. Tomonlar GIZ bilan
hamkorlikda master rejalar sohasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi
rejalarni muhokama qilgan.
Qayd etilishicha, GIZ
tomonidan avval ajratilgan grant mablag‘lari hisobidan 12 ta tuman
bo‘yicha kompleks rivojlantirish master rejalari (strategiyalar) ishlab
chiqilgan va 24 ta pilot loyiha amalga oshirilgan.
Jumladan, Shahrisabz tumanida
500 gektar maydonda agroturizm majmuasi tashkil etilgan. Amudaryo, Chimboy,
Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Mirishkor, Xiva va Hazorasp tumanlarida kasbga
o‘qitish markazlari, intensiv baliq yetishtirish loyihalari, ijtimoiy
obyektlarda energiya tejovchi issiqlik nasoslari, IT va hunarmandchilik
markazlari yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu loyihalar uchun 1,3 mln yevro grant
mablag‘lari yo‘naltirilgani qayd etilgan.
Yangi kelishuv 2026—2029-yillarga mo‘ljallangan
bo‘lib, u doirasida master rejalar ishlab chiqish va “yashil” pilot
loyihalarni moliyalashtirish nazarda tutilgan. Hamkorlik doirasida master
rejalarni ishlab chiqishda sun’iy intellekt va innovatsion tahlil
usullarini joriy etish, 12 ta tuman bo‘yicha ishlab chiqilgan master
rejalar asosida pilot loyihalarni davom ettirish, shuningdek, Bahmal, Boysun va
So‘x tumanlarida yangi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, master rejalarni ishlab chiqish va amalga
oshirish bo‘yicha loyiha ofislari xodimlari va xususiy sektor vakillari
uchun malaka oshirish seminarlari va treninglar o‘tkazilishi ko‘zda
tutilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada
rivojlantirish va belgilangan vazifalarni tizimli amalga oshirishga
kelishib olgan.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati O‘zbekistonda
“yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirib
kelmoqda. Xususan, 2023-yilda jamiyat “yashil” sanoatlashtirish doirasida
xususiy sektor salohiyatini oshirish va iqtisodiy siyosat bo‘yicha
maslahatlashuv loyihasi uchun 9 mln yevro grant ajratgan.
2024-yil noyabrida esa shu yo‘nalishdagi loyiha doirasida yana 3 mln yevro
grant berilishi ma’lum qilingan.
Shuningdek, 2024-yil dekabrida GIZ O‘zbekistonda
“yashil” master rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni
qo‘llab-quvvatlash uchun 9 mln yevro grant ajratishi haqida xabar
berilgan edi.
Ma’lumot uchun: Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati
(GIZ) Germaniya federal hukumatiga tegishli xalqaro tashkilot bo‘lib, 130 dan
ortiq mamlakatda turli sohalarda faoliyat yuritadi. Federal tashkilot sifatida
u barqaror rivojlanish yo‘lida xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya
hukumati maqsadlarini amalga oshirishga ko‘maklashadi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
04 05 2026 / 11:59