Shavkat Mirziyoyev Samarqandda OTB prezidenti Masato Kanda bilan uchrashdi.
Muzokaralarda 2030-yilgacha mo‘ljallangan 12,5 mlrd dollarlik yangi strategik
sheriklik dasturi muhokama qilindi. U ijtimoiy sohani modernizatsiya
qilish, kambag‘allikni qisqartirish va “yashil” energetikani
qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutadi.
Shavkat
Mirziyoyev Samarqandga tashrifi doirasida Osiyo taraqqiyot banki prezidenti
Masato Kanda boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar bermoqda prezident
matbuot xizmati.
Uchrashuv avvalida OTB rahbari mamlakat yetakchisiga bank Boshqaruvchilar
kengashining 59-yillik yig‘ilishi O‘zbekistonda o‘tkazilishini
qo‘llab-quvvatlagani va ko‘rsatgan ko‘magi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Qayd etilishicha, tomonlar O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki
o‘rtasidagi keng ko‘lamli o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy
jihatlarini muhokama qildi. O‘tgan 30 yilda OTB O‘zbekistonning strategik
sherigiga aylandi.
Loyihalar portfeli qariyb 16 mlrd dollarni tashkil etmoqda, amaliyotlar
hajmi bo‘yicha O‘zbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkorlaridan biriga
aylandi.
Temir va avtomobil yo‘llari, energetika va ijtimoiy
infratuzilmani modernizatsiya qilish, suv ta’minoti va kanalizatsiya
tarmoqlarini yangilash, qishloq xo‘jaligi va xususiy sektorni
rivojlantirish hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha muhim loyihalar amalga
oshirildi va davom etmoqda.
O‘zbekiston prezidenti
va bank rahbari sammit doirasida imzolangan OTB bilan sheriklik bo‘yicha
2030-yilga qadar bo‘lgan davrga mo‘ljallangan yangi dasturga kiritilgan umumiy
qiymati 12,5 mlrd dollarlik loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga
oshirish muhimligini ta’kidladi.
Tomonlar quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikda ishlashga kelishib oldi:
·
ipoteka bozori va xususiy
sektor;
·
yoshlar va ayollar
tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda kambag‘allikni qisqartirish;
·
inklyuziv ta’lim va inson
kapitalini rivojlantirish;
·
raqamli innovatsiyalarni joriy
etish va maxsus iqtisodiy zonalarda infratuzilmani modernizatsiya qilish.
Markaziy Osiyo mintaqasida yirik infratuzilmaviy loyihalarni,
shu jumladan, bankning mablag‘larni safarbar etishdagi yetakchiligini
kuchaytirish orqali ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Prezident OTB rahbariyati va jamoasiga Boshqaruvchilar kengashi
yig‘ilishi muvaffaqiyatli va samarali o‘tishini tiladi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida
2030-yilgacha mo‘ljallangan sheriklik dasturini almashish marosimi bo‘lib
o‘tdi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
04 05 2026 / 12:12