O‘zbekistonning oltita
hududida har yili 3,6 mln tonna chiqindilarni qayta ishlaydigan chiqindi yoqish
korxonalari quriladi. Navoiyda 260 mln dollarga xavfli chiqindilarni qayta
ishlash bo‘yicha MDHdagi ilk platforma tashkil etiladi. 2030-yilga borib
poligonlar soni ikki baravarga qisqaradi.
O‘zbekistonda umumiy qiymati 933 mln
dollar bo‘lgan chiqindilarni yoqish orqali energiya ishlab chiqaruvchi oltita
zavod qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 30-aprel kuni prezident huzurida
o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Taqdimotda chiqindilarni
boshqarish sohasidagi ishlar ham atroflicha tahlil qilindi. 2025-yilda sanitar
tozalash xizmati qamrovi mahallalar kesimida 88 foizga yetdi, sohaga maxsus
texnikalar, motorollerlar va konteynerlar yetkazib berildi, 132
ta poligon atrofi ko‘kalamzorlashtirildi, 47 ta poligon faoliyati
to‘xtatildi.
2026-yilda sanitar tozalash
xizmatlari qamrovini 90 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Buning uchun
sanitar tozalash korxonalariga qo‘shimcha ravishda 300 ta maxsus texnika,
80 ta motoroller va 600 ta konteyner yetkazib beriladi.
Shuningdek, yana 18 ta poligonni qo‘shimcha rekultivatsiya qilish nazarda
tutilgan. Poligonlar sonini qisqartirish darajasini 32,6 foizga yetkazish,
2030-yilga borib esa ular sonini 50 foizga kamaytirish maqsad qilingan.
Chiqindilarni qayta
yuklash stansiyalarini qurish orqali logistika xarajatlarini kamaytirish,
saralash va qayta ishlash hajmini oshirish, poligonlarga tushadigan yuklamani
qisqartirish muhimligi ta’kidlandi. 2026-yilda 28 ta, 2030-yilgacha esa 70 ta
qayta yuklash stansiyasini qurish ko‘zda tutilgan.
Chiqindilarni boshqarish
agentligi direktori o‘rinbosari Shuhrat Haydar “O‘zbekiston 24” telekanaliga
bergan intervyusida davlat rahbari xizmatlar sifatini oshirish zarurligini
alohida ta’kidlaganini aytdi.
“Agentlik tomonidan joriy
yilda 28 ta qayta yuklash stansiyalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bu nimani beradi? Birinchi navbatda sanitar tozalash korxonalari
xarajatlarini qisqartirish, chiqindi hosil bo‘layotgan nuqtadan
to joylashtirilgunga qadar bo‘lgan masofani qisqartirishga erishiladi,
ya’ni iqtisodiy samaradorlik darajasi keskin oshadi”, — dedi u.
Maishiy chiqindilarni yoqish
orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha yirik investitsiya
loyihalarining borishi to‘g‘risida ham axborot berildi. Umumiy qiymati 933
million dollar bo‘lgan 6 ta zavodni qurish ishlari Andijon, Namangan,
Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida amalga
oshirilmoqda.
Bu zavodlar ishga tushgach, yiliga 3,6 million tonna qattiq maishiy
chiqindi qayta ishlanib, 1,6 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab
chiqariladi..
Chiqindilarni boshqarish
va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek
Hasanov O‘zbekistonda chiqindilarni yoqish orqali energiya ishlab chiqaruvchi
yana beshta zavod qurish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
“Davlat rahbari beshta qiyin bo‘lgan
hududlarda investorlarimiz bilan birgalikda 633 million dollarlik chiqindi
yoqish zavodlarini qurish bo‘yicha topshiriq berdi”, — dedi Sharifbek
Hasanov.
Shuningdek, prezident xavfli
chiqindilarni boshqarish masalasi bo‘yicha alohida topshiriq bergani qayd
etildi. Xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha MDH hududida ilk
integratsiyalashgan platforma yaratish taklif qilindi.
Navoiy viloyatida amalga
oshirilishi rejalashtirilgan mazkur investitsiya loyihasi doirasida xavfli
chiqindilarni laboratoriyada tavsiflash, maxsus poligon tashkil etish,
chiqindilardan RDF yoqilg‘i ishlab chiqarish, fizik-kimyoviy va termik
qayta ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Loyiha qiymati 260 million
dollar bo‘lib, yiliga 330 ming tonna xavfli chiqindini qayta ishlash quvvati
yaratiladi. Chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarish zavodi
2024-yil oktabr oyida
prezident Shavkat Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash
va ulardan elektr energiyasi hamda mahsulot ishlab chiqarish loyihalari
haqida gapirar ekan, bu sohani “shunchaki zavodlar emas, balki taqdiriy
ahamiyatga ega masalalardan biri” deb atagan. 2025-yil mart oyida u qattiq
maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish
loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida qaror imzolagan.
Shunday loyihalardan biri
Samarqandda Xitoyning Shanghai SUS Environment kompaniyasi bilan
hamkorlikda amalga oshirilmoqda. SUS
Environment Samarkand zavodi “Xushrav” massividagi “Navro‘z” mahallasida
joylashgan markaziy poligon hududida qurilmoqda: loyiha uchun poligonning 100
gektar maydonidan 15 gektari ajratilgan. Korxona poydevoriga tamal toshi
2025-yil 18-iyul kuni qo‘yilgan, hozirda
qurilish ishlari davom etmoqda. O‘tgan yil yozida obyektni Gazeta jurnalisti
Otabek Turdiyev borib ko‘rgan.
Chiqindilarni yoqish
zavodlari sanoat va qattiq maishiy chiqindilarni qozonlar yoki pechlarda termik
qayta ishlash texnologiyasi asosida ishlaydi. Yonish jarayonida hosil bo‘lgan
issiqlikdan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarishda
foydalaniladi.
Samarqandda qurilayotgan zavodni
2027-yil boshida ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, u kuniga 1,5
ming tonna chiqindilarni qayta ishlashi va yiliga 240 mln kVt/soat elektr
energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. Samarqand viloyati Chiqindilarni
boshqarish agentligi boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Pashanovning so‘zlariga
ko‘ra, “qattiq maishiy chiqindilarni yoqish hisobiga Samarqand aholisining 70
foizi va Pastdarg‘om tumani aholisining 27 foizi elektr energiyasi bilan
ta’minlanadi”.
Ekofaollar bunday
zavodlarni ishlatish uchun ko‘p miqdorda qazib olinuvchi yonilg‘i (masalan,
dizel) ishlatilishi, lekin ishlab chiqarilgan energiya miqdori ozu, zavoddan
atmosferaga ajralib chiqqan uglerod chiqindilari ko‘p bo‘lishini tanqid qiladi.
Samarqandda qurilishi boshlangan zavodning ekologiyaga qanchalik foyda-zarari
borligi haqida so‘ralganida, Bekzod Pashanov “yongan chiqindilarning kuli ham qayta
ishlanishi, briket va shunga o‘xshash qurilish xomashyolari
tayyorlanishi”ni aytdi.
“Darg‘om kanalidan kuniga
5 ming kub suv olib kelinadi, zavoddan chiqadigan tutun shu suv bilan
bostiriladi. Bunda tuproq zararlanmasligi kafolatlanadi, chunki ekspertiza
xulosasi bo‘ladi”, — dedi u.
Shuningdek, Samarqand shahri
markazidagi Qo‘shhovuz va Urguti mahallalari oralab chiqindilarni
yig‘ishga mo‘ljallangan elektr va benzinli motorollerlar harakatlana
boshladi. O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Samarqandda yo‘lga qo‘yilgan ushbu
tajriba doirasida har bir mahallaga ikkitadan motoroller biriktirilgan (bunday
transport vositalaridan esa shaharga jami 70 ta olib kelingan).
Bunday chiqindi
tashuvchi mini-mashinalar tajribasi 2030-yilgacha O‘zbekistonning barcha shahar
hududlariga (jami 1860 ta mahallada) bosqichma-bosqich joriy etilishi
rejalashtirilgan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
05 05 2026 / 13:14