O‘zbekiston tadbirkorlari 2025-yilda 178,1 trln so‘mlik soliq
va bojxona imtiyozlaridan foydalandi. Ularning eng yirik oluvchisi
Uzbekistan GTL bo‘ldi — 2,8 trln so‘m. Shuningdek, kuchli uchlikdan
Uzbekistan Airways (2,4 trln so‘m) va “O‘zbekneftgaz” (1,7 trln so‘m) joy
oldi.
O‘zbekistonning xususiy va davlat kompaniyalari 2025-yilda 178,1 trln
so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi, deya xabar berdi Korrupsiyaga
qarshi kurashish agentligi.
Soliq imtiyozlaridan 143,2 mingta subyekt foydalangan bo‘lib, imtiyozlar
summasi 119 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan 139 dan ortiq yuridik shaxs 118,9
trln so‘mlik, 4185 nafar yakka tartibdagi tadbirkor esa 120,7 mlrd so‘mlik
imtiyozlarni qo‘llagan.
Muhim eslatma — ko‘rsatilgan summalar
prezident va hukumatning yopiq qarorlari bilan taqdim etilgan imtiyozlarni o‘z
ichiga olmaydi. Masalan, ayrim avtomobil ishlab chiqaruvchilar yopiq qarorlar
asosida alohida imtiyozlarga ega bo‘lgan.
Soliq imtiyozlarining eng
yirik oluvchisi — 2,8 trln so‘m bilan Uzbekistan GTL sintetik suyuq
yonilg‘i ishlab chiqarish zavodi bo‘ldi. Qiymati qariyb 3,5 mlrd dollar bo‘lgan
obyekt 2021-yil oxirida ishga tushirilgan edi. O‘sha paytda majmua foydalanishga topshirilishi bilan davlat budjetiga
yiliga o‘rtacha 2 trln so‘mdan ortiq soliq tushumlari tushishi xabar qilingandi, biroq
amalda to‘lovlar miqdori ancha past bo‘lib chiqdi.
Keyingi o‘rinda imtiyozlar bo‘yicha Uzbekistan Airways davlat
aviakompaniyasi yetakchilik qilmoqda — 2,4 trln so‘m (2024-yilda bu
ko‘rsatkich 881,4 mlrd so‘m edi). Bu o‘tgan yilning oxirida O‘zbekistonda
yo‘lovchi va yuk tashuvchi samolyotlarning QQS hamda bojxona
bojlaridan ozod qilingani bilan
bog‘liq.
“O‘zbekneftgaz” neft-gaz kompaniyasi 1,7 trln so‘mlik soliq imtiyozlariga
ega bo‘ldi (ilgari 58,5 mlrd so‘m edi).
Eng yirik oluvchilar qatoridan, shuningdek, quyidagilar joy oldi:
·
“O‘zbekiston temir
yo‘llari” — 1,1 trln so‘m (2024-yilda 529,6 mlrd so‘m bo‘lgan);
·
UzAuto Motors — 898,9
mlrd so‘m (281,8 mlrd);
·
Asia Trans Gas — 860,4
mlrd so‘m (453,7 mlrd);
·
Luxury Diamond
(O‘zbekistondagi eng yirik zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilardan
biri — UZGOLD guruhiga kiradi) — 811,8 mlrd so‘m;
·
My Freighter
aviakompaniyasi (Centrum Air brendi ostida faoliyat yuritadi) — 660,2 mlrd
so‘m (46 mlrd);
·
Solutions Lab fintex
kompaniyasi — 650,8 mlrd so‘m;
·
Yagona umumrespublika
protsessing markazi (Uzcard operatori) — 542,4 mlrd so‘m;
·
“Hududiy elektr
tarmoqlari” — 538,6 mlrd so‘m;
·
UzGasTrade gaz sotib olish
va sotish operatori — 515,4 mlrd so‘m;
·
Air Products Netherlands
Gases BV (GTL va boshqa kimyoviy loyihalarda ishtirok etadi) —
482 mlrd so‘m;
·
Samarkand turistik
markazi — 427,9 mlrd so‘m;
·
Asterium kriptobirjasi —
427,4 mlrd so‘m.
Bojxona imtiyozlari 15,35 mingta tashkilotga taqdim etilgan bo‘lib,
ularning umumiy qiymati 59,1 trln so‘mni tashkil etdi.
Bojxona imtiyozlarining eng
yirik oluvchisi — 2,1 trln so‘m bilan UzGasTrade gaz sotib olish
va sotish operatori bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarni RWS Optimum (O‘zbekistonda
temiryo‘l qurilishida ishlatiladigan temir-beton shpallar ishlab chiqaruvchisi,
shuningdek, “Portlatishsanoat” kompaniyasining 66 foizini
xususiylashtirgan) — 1,4 trln so‘m hamda Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak
tumanidagi IESni boshqarish bo‘yicha Enter Engineering doimiy muassasasi —
1,1 trln so‘m bilan egalladi.
Bojxona imtiyozlarini olgan boshqa yirik tashkilotlar orasida quyidagilar
bor:
·
First Fruits (meva
va sabzavotlarning ulgurji savdosi) — 955,2 mlrd so‘m;
·
Tebinbulak Mechanization
Service (avtomobil transportida yuk tashish, Enter Engineering tomonidan
ta’sis etilgan) — 738,5 mlrd so‘m;
·
My Freighter — 645
mlrd so‘m;
·
“Trest-12” qurilish
kompaniyasi — 519,5 mlrd so‘m;
·
Gorilla Energy energetik
ichimliklar ishlab chiqaruvchisi — 414,5 mlrd so‘m;
·
Azia Metall Prof (Samarqand
metallurgiya zavodi) — 391,5 mlrd so‘m;
·
New Logistic (Boysun gazni
qayta ishlash zavodi bo‘yicha Enter Engineering doimiy muassasasi) — 321,1
mlrd so‘m;
·
RG Brands South
(Qozog‘istonning RG Brands kompaniyasi shu’ba korxonasi, Ava, Asu, Piala
va boshqa ichimliklar distribyutori) — 302,6 mlrd so‘m;
·
Uzbekistan Airways —
288,4 mlrd so‘m;
·
China CAMCE Engineering
EPC-pudratchisi — 285 mlrd so‘m.
O‘zbekistonda chet el yuridik shaxslari tomonidan tashkil etilgan 75
ta doimiy muassasaga berilgan bojxona imtiyozlari 2,46 trln so‘mni tashkil
etdi. Ushbu summaning yarmidan ko‘pi Enter Engineering tuzilmalari hissasiga
to‘g‘ri keldi.
Qorao‘zak tumanidagi IES
va Boysun gazni qayta ishlash zavodi bilan bog‘liq doimiy muassasalardan
tashqari, ular qatoriga Samarqand yaqinidagi Imom al-Buxoriy majmuasi,
“Samarqandkimyo” zavodi va Qorako‘l tumanidagi gaz-kimyo majmuasi loyihalari
ham kiradi. Shularni inobatga olganda, Enter Engineering tuzilmalari tomonidan olingan
imtiyozlarning umumiy hajmi 1,9 trln so‘mdan oshadi.
Imtiyoz oluvchilar orasida Eriell Group tuzilmalari ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Xususan, Qandim massividagi loyiha 25,6 mlrd so‘mlik, Muborak tumanidagi loyiha
esa 15,9 mlrd so‘mlik imtiyozlarga ega bo‘lgan.
Tadbirkor Baxtiyor Fozilov bilan bog‘liq ushbu ikki kompaniya uchun
ajratilgan imtiyozlar hajmi 2024-yilda kamroq bo‘lgan. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati ish haqi bo‘yicha qarzdorlikni
(taxminan 131 mln dollar), shuningdek, budjet va banklar oldidagi
majburiyatlarni qoplash uchun Enter Engineering, Eriell va Saneg
aktivlarini sotishni rejalashtirmoqda. MTO gaz-kimyo majmuasi, Buxoro aeroporti, Tebinbuloq va Farg‘ona
neftni qayta ishlash zavodi kabi yirik loyihalarga yangi investorlarni jalb
qilish ko‘zda tutilgan.
Davlat ahamiyatiga molik loyihalar bo‘yicha imtiyozlar 12,6 trln so‘mni
tashkil etdi. Yana 345 mlrd so‘m xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi
vakolatxonalari va ularning diplomatik agentlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Ta’kidlash joizki, imtiyozlarning bir qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri
ajratilmaydi, balki 1994-yildagi MDHning Erkin savdo hududi to‘g‘risidagi
bitimi va boshqa kelishuvlar doirasida barcha import qiluvchilar uchun
amal qiladi.
2023 va 2024 yillar uchun imtiyozlar bilan havolalar orqali tanishish mumkin.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
05 05 2026 / 14:46