ACWA Power rahbari
O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashuvda kompaniya mamlakatga investitsiyalarni
kengaytirish niyatida ekanini bildirdi. Uning aytishicha, tomonlar avval
investitsiyalarni yana 5 mlrd dollarga oshirishni muhokama qilgan, ACWA Power
bu maqsadlarni amalga oshirishda “qat’iyat bilan oldinga intiladi”.
O‘zbekiston prezidenti
Shavkat Mirziyoyev 3-may kuni Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar
kengashining navbatdagi yig‘ilishi doirasida ACWA Power kompaniyasi rahbari
Muhammad Abunayyan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat
rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident O‘zbekiston
“yashil” energetika sohasining asosiy hamkori bo‘lgan ACWA Power faoliyatini
yuqori baholadi.
Muloqot davomida
hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, “Yangi Toshkent” xalqaro aeroporti qurilishini boshlash, Farg‘ona
shahrida ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasini barpo etish, IT-parkda zamonaviy
ma’lumotlar markazini ishga tushirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Muhammad Abunayyan
O‘zbekiston prezidentiga murojaat qilib, delegatsiyani qabul qilgani uchun
minnatdorlik bildirdi.
“O‘zbekiston allaqachon
mening ikkinchi vatanimga aylanib qoldi va bu mamlakatga har safar
kelishni intiqlik bilan kutaman. Bu yurtga kelar ekanman, siz bilan
mazmunli uchrashuvlar o‘tkazishdan hamisha umidvor bo‘lib turaman”, — dedi
u.
ACWA Power rahbari
mintaqadagi murakkab vaziyatga qaramasdan, Saudiya Arabistoni O‘zbekiston bilan
munosabatlarni rivojlantirishni davom ettirish niyatida ekanini ta’kidladi.
“Lekin shunday bo‘lishiga
qaramay, Saudiya Arabistoni podshohligi O‘zbekistonga, ya’ni biz uchun qadrli
bo‘lgan O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlashga, investitsiyani yana ham
ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdilar va biz ham O‘zbekistonga
investitsiyalarni yanada oshirish ustida ishlayapmiz”, — dedi Abunayyan
“O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra,
avvalgi uchrashuvda tomonlar ACWA Power`ning O‘zbekistonga investitsiyalarini
yana 5 mlrd dollarga oshirish masalasini muhokama qilgan. “Biz
bu maqsadlarimizni amalga oshirish yo‘lida qat’iyat bilan oldinga
intilamiz”, — dedi u.
Abunayyan o‘zbekistonlik
hamkorlar bilan vodorod energetikasi va Sirdaryo viloyatidagi issiqlik elektr stansiyasining ikkinchi bosqichi kabi yangi loyihalar muhokama qilinganini ma’lum
qildi.
“Men bugun O‘zbekistonlik
hamkorlarimiz bilan gaplashganimda ham yangi-yangi loyihalarni muhokama qildik,
jumladan, vodorod sohasidagi, shuningdek, Sirdaryo ikkinchi loyihasi bo‘yicha
gaplashib oldik va bu hamma loyihalarni birgalikda amalga oshiramiz”, —
dedi u.
Shuningdek,
u kompaniya Yangi Toshkent qurilishi bilan bog‘liq loyihalar ustida ham
ishlayotganini qayd etdi.
Bundan tashqari,
Abunayyan Saudiya Arabistonidagi Ar Riyod (Riyadh City Boulevard)
xiyobonida O‘zbekiston uchun 5−6 ming kv. metr maydon ajratish
rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. “U yerda O‘zbekiston paviloni barpo
etish va albatta, O‘zbekistonning tarixi, madaniyatini namoyon qiladigan
katta loyihani amalga oshirishni maqsad qilganmiz”, — dedi u.
ACWA Power raisi,
shuningdek, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasining O‘zbekiston bilan
hamkorlik o‘zgarmasligi haqidagi pozitsiyasini yetkazdi.
“Yana takror aytaman,
valiahd hazrati oliylari dunyoda nima sodir bo‘lmasin, geosiyosiy vaziyat qanday
bo‘lmasin, bu O‘zbekiston bilan bo‘lgan sherikligimizga zarracha ta’sir
qilmasligi, aloqalarimiz sur’atini o‘zgartirmasligini qat’iy ta’kidlab, sizga
yetkazishimni tayinladi”, — dedi Abunayyan.
O‘tgan yil iyun oyida
ACWA Power`ning O‘zbekiston bo‘yicha moliya direktori (CFO) Sumendra Raut
kompaniya hukumat bilan 5 mlrd dollarlik yangi kelishuv imzolashni
rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi. Uning
so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda ACWA Power`ning O‘zbekistondagi umumiy
investitsiyalari hajmi 15 mlrd dollarga yetgan, portfeli esa 19
ta energetika loyihasini o‘z ichiga oladi, ularning 18 tasi qayta
tiklanuvchi energiya manbalariga to‘g‘ri keladi.
ACWA Power`ning O‘zbekistondagi
faoliyati
ACWA Power — Saudiya
Arabistonidagi eng yirik energetika kompaniyalaridan biri bo‘lib, qayta
tiklanuvchi energiya, suv ta’minoti va energiyani saqlash tizimlari
sohasidagi loyihalarga ixtisoslashgan. Kompaniya 10 dan ortiq mamlakatda,
jumladan O‘zbekistonda faoliyat yuritadi va energetika sohasidagi eng
yirik xorijiy investorlardan biri hisoblanadi.
Qoraqalpog‘istonda ACWA
Power ishtirokida quvvati 1,5 GVt va 100 MVt bo‘lgan ikkita shamol elektr
stansiyasi qurilmoqda. Ulardan
birining qiymati 1,65 mlrd dollarga baholanmoqda.
Buxoro viloyatining Peshku va
G‘ijduvon tumanlarida har biri 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyalari
barpo etilmoqda. Ularni amalga oshirish uchun 741 mln dollarga
yaqin mablag‘ jalb qilingan.
Kompaniya, shuningdek, Toshkent va Samarqand viloyatlarida quyosh
elektr stansiyalari ustida ish olib bormoqda. Bundan tashqari, ACWA Power
Chirchiq shahrida “yashil” vodorod ishlab
chiqarish zavodi loyihasiga investitsiya kiritmoqda. Uning qurilishiga
PowerChina jalb qilingan. Loyihani yakunlash avvalroq joriy yil dekabriga
rejalashtirilgan edi, dastlabki qiymati 88 mln dollarga baholangan.
Yangi tashabbuslar
orasida Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyalarini
qurish loyihalari bor. Ulardan birining qiymati 262 mln dollarga teng.
Shuningdek, Samarqand viloyatida umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan ikkita quyosh
elektr stansiyasini ishga tushirish, Toshkent viloyatida esa quvvati 334 MVt
bo‘lgan energiya saqlash akkumulyator tizimini yaratish rejalashtirilgan.
Avvalroq O‘zbekiston
energetikasini rivojlantirish bo‘yicha 10 yillik master-rejani ishlab chiqish
uchun BCG jalb etilgani xabar qilingan edi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
06 05 2026 / 14:53