Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonda $200 mln qiymatga ega tadqiqot va ishlanmalar markazi tashkil etiladi, shuningdek, SI infratuzilmasi kengaytiriladi



Ulashing :


O‘zbekistonda 24 mln dollarlik GPU klasteri negizida SI infratuzilmasi yaratilib, yil oxirigacha uni yana 45 mln dollarga kuchaytirish rejalashtirilgan. Prezidentga $200 mln qiymatga ega tadqiqot va ishlanmalar markazi tashkil etish, hududlarda IT Park Uzbekistan tarmog‘ini kengaytirish loyihasi taqdim etildi.

Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt va raqamlashtirish sohasidagi islohotlarning borishi va ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish uchun qiymati 24 million dollarlik GPU klasteri allaqachon yaratilgan. Yil oxirigacha yana 45 million dollarlik uskunalarni jalb qilish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, ushbu quvvatlardan samarali foydalanish va ularni iqtisodiyot tarmoqlari uchun amaliy yechimlar bilan integratsiya qilish zarurligiga alohida urg‘u berildi.

Taqdimotda sog‘liqni saqlash, energetika, transport, bojxona va soliq tizimlari, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlardagi 130 dan ortiq ma’lumotlar bazasini tizimlashtirish rejalari taqdim etildi. Ushbu ma’lumotlar asosida yagona ma’lumotlar bilan ishlash muhiti yaratish va sun’iy intellekt modellarini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Bu davlat xizmatlari ko‘lamini kengaytirish, tahlil va boshqaruv qarorlari sifatini oshirish, shuningdek, iqtisodiyotdagi xarajatlarni qisqartirish imkonini berishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, bandlik masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan: 2030-yilga qadar IT sohasida 300 ming nafar yoshlarni ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda. Bu maqsadda hududlarda raqamli ekotizimni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va eksportga yo‘naltirilgan xizmatlar hajmini oshirish nazarda tutilgan.

Tashabbuslar doirasida IT Park Uzbekistan’ning Samarqand, Namangan, Sirdaryo va Buxoro shaharlarida yangi filiallarini ochish, shuningdek, Nurafshon shahrida tadqiqot va ishlanmalar (R&D) markazini tashkil etish rejalari ham taqdim etildi.

Markaz 7,3 gektar maydonda joylashtirilishi rejalashtirilgan: loyiha oltita yuqori texnologiyali laboratoriya, 200 GPUga ega hisoblash markazi, startap kampusi va tijoratlashtirish markazini o‘z ichiga oladi. Loyihaning umumiy qiymati 200 million dollarga baholanib, 2027−2031-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va aholi, birinchi navbatda yoshlar o‘rtasida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish choralari muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, mamlakatda startaplar soni 950 taga yetgan bo‘lib, bu yillik hisobda 37,5 foiz o‘sishni tashkil etmoqda. Venchur fondlar soni 22 tagacha oshgan, ekotizim qiymati esa 4,3 milliard dollar deb baholanmoqda. Startaplar tomonidan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 132 million dollarni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2030-yilga qadar startaplar sonini 5000 taga yetkazish va venchur investitsiyalarini 2 milliard dollargacha jalb qilish rejalashtirilgani ma’lum qilingandi.

Oktabr oyida Prezident Toshkentda IT Park’ning ikkinchi bosqichi qurilishiga start bergan edi. Loyiha doirasida Saudiya Arabistonining DataVolt kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 12 MVt bo‘lgan, qiymati 150 mln dollarlik data-markaz barpo etiladi. Keyinchalik ushbu yo‘nalishga qo‘shimcha 3 milliard dollar investitsiya kiritish va uning umumiy quvvatini 500 MVtga yetkazish rejalashtirilgan.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

06 05 2026 / 15:00