Islohotlar
va reyting agentliklari baholari yaxshilanishi fonida OTBning
O‘zbekistondagi xavflarga nisbatan “ishtahasi” ortgani qayd etildi, dedi Izabel
Chatterton. Shu bilan birga, u dengizga chiqish imkoni yo‘qligi
logistik cheklovlar yaratishini tan oldi, biroq bu endi jiddiy to‘siq
emasligini ta’kidladi.
Osiyo taraqqiyot
bankining O‘zbekiston bo‘yicha prognozi “juda ijobiy”, mamlakatda amalga
oshirilayotgan islohotlar fonida bankning investitsiyalarga qiziqishi ortgan. Bu haqda 4-may kuni Samarqandda OTBning xususiy sektor bilan operatsiyalar
departamenti bosh direktori Izabel Chatterton ma’lum qildi.
U Gazeta
muxbirining hozirda O‘zbekistonda investorlar uchun eng muhim xavflar qaysilar
ekani haqidagi savoliga javoban, OTB alohida bir omilni emas, balki xavflar
yig‘indisini baholashini ta’kidladi.
“Biz barcha mamlakatlarda,
albatta O‘zbekistonda ham investitsiyalarni ko‘rib chiqar ekanmiz, xavflarning
umumiy yig‘indisini baholaymiz. Biz kredit-investitsiya instituti sifatida
bu masalaga boshqa xususiy kreditorlar va investorlar kabi
yondashamiz. Mamlakat xavfi, homiy xavfi (ushbu investitsiyalar ortida aynan
kim turibdi? qaysi kompaniya?) va aniq loyiha xavfini tahlil qilamiz. Shu uch omilni
birlashtirib, ular asosida xavflarning bir qismini yumshatish imkonini beruvchi
tuzilmani shakllantiramiz”, — dedi Chatterton.
Uning so‘zlariga ko‘ra,
ayrim hollarda investorlar ehtimoliy xavflarni to‘liq anglagan holda
loyihalarga kirishi lozim.
“Ayrim hollarda investitsiyalarga „ko‘zni
katta ochib“ kirishimizga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonga kelsak, hukumat
hayratlanarli transformatsiyani amalga oshirmoqda, bu esa reyting
agentliklari baholarida ham o‘z aksini topgan. Ko‘rib turganingizdek, vaziyat
yaxshilangani sababli O‘zbekistondagi xavflarga bo‘lgan qiziqishimiz
va „ishtahamiz“ ortdi”, — deya qayd etdi OTB vakili.
Chatterton ta’kidlashicha,
bank potensial hamkorlarni baholashda ularning uzoq muddatli ishga va
iqtisodiyotda tizimli o‘zgarishlarga tayyorligiga e’tibor qaratadi.
“Biz homiylarni baholar
ekanmiz, uzoq muddatli istiqbolga va tarmoq hamda iqtisodiyotda tizimli
o‘zgarishlarga qaratilganlarini tanlaymiz. Biz energetika sohasiga aynan
shuning uchun investitsiya kiritdikki, ko‘plab investorlarga ishonchli uzoq
muddatli loyihalar “payplayni”ni (portfelini) ko‘rish imkonini bergan
sharoitlar shakllandi. Investorlar uchun bitta loyihaning o‘zi yetarli
emas — ularga uzoq istiqbol kerak. Energetika sektori buni ta’minladi
va biz bu yo‘nalishda hukumat bilan hamkorlikdan mamnunmiz”, — dedi
u.
Departament rahbari
so‘zlariga ko‘ra, OTB uchun hukumatning transformatsiya dasturiga kiritilgan
va “islohotlarning aniq strategiyasi” ko‘rinayotgan boshqa sohalar ham qiziq.
U, shuningdek, asosiy
xavflardan biri loyihalarni amalga oshirish xavfi bo‘lib qolayotganini
qo‘shimcha qildi.
“Aniq loyihalarga oid
xavflar haqida gap ketganda — va bu faqat O‘zbekistonga emas,
balki biz ishlaydigan barcha 50 a’zo mamlakatga ham tegishli — bu, aslida,
amalga oshirish xavfidir (execution risk). Uni baholash juda qiyin.
Bu sponsorning muayyan tarmoqdagi ekspertizasi chuqurligi, boshqaruv
jamoasining salohiyati va ushbu sohada davlat siyosatining uzoq muddatli
istiqbolda qanchalik barqaror va prognoz qilina olishi bilan bog‘liq.
Shunda investorlar sarmoyalarni amalga oshirish va mablag‘larni qaytarish
bo‘yicha aniq yo‘lni ko‘ra oladi”, — dedi OTB vakili.
“Umuman olganda esa,
O‘zbekiston bo‘yicha prognozimiz juda ijobiy. Mamlakatga investitsiya
kiritishga bo‘lgan qiziqishimiz yuqori darajada saqlanmoqda”, — deya
ta’kidladi u.
Chatterton, shuningdek,
O‘zbekiston uchun dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan va xuddi shunday
jahon okeaniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoni yo‘q davlatlar bilan o‘ralgan
mamlakat maqomi xavf hisoblanadimi, degan savolga ham javob berdi.
“Endilikda yo‘q.
Bu ancha avval — shaxsiy kompyuterlar, internet va Wi-Fi'ni olib
kelgan texnologik inqilobdan oldin shunday edi. Bugun jismoniy bog‘liqlik,
albatta, avvalgidek hal qiluvchi ahamiyatga ega emas, chunki mamlakatlar
virtual tarzda bog‘lanishi mumkin. Balki, kecha prezidentimiz „Osiyo uchun
raqamli magistral“ tashabbusiga start berganini eslarsiz”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra,
raqamli bog‘liqlik mamlakatlarga global ta’minot zanjirlarida ishtirok etish va
iqtisodiyotning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish imkonini beradi.
“Yana shuni ta’kidlash
kerakki, raqamli ulanish mamlakatlarga global ta’minot zanjirlarining bir
qismiga aylanish va mintaqaviy talab o‘choqlari mavjud bo‘lgan sohalarga
kirish imkonini beradi. Bu kapitalning chegaralar orqali harakatlanishiga,
ishchilarning esa gig-iqtisodiyotda ishtirok etishi va masofadan
ishlashiga sharoit yaratadi. Shuning uchun bugungi kunda biz, aslida, bunda
[dengizga chiqish imkoni yo‘qligida] kamchilik ko‘rmayapmiz”, — dedi
Chatterton.
Shu bilan birga,
u geografik joylashuv baribir tovarlarni tashishda muayyan cheklovlar
yaratishini tan oldi.
“Masalan, port
quvvatlaridan foydalanish va samolyotda tashish juda qimmatga tushadigan
yuklarni yetkazib berish masalasida boshqalarga qaram bo‘lishga to‘g‘ri keladi.
Og‘ir yuklar doimo dengiz orqali tashiladi, chunki bu kompaniyalar uchun
ancha arzon. Biroq bugungi kunda mamlakatlarda temir yo‘l va avtomobil
yo‘llari kabi jismoniy bog‘liqlik, shuningdek, boshqa portlar orqali o‘z
mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlari mavjud ekan, muammolar bo‘lmasligi
kerak”, — dedi u.
OTB departamenti rahbari
raqamlashtirish mamlakatlarning raqobat ustunliklari haqidagi avvalgi
tasavvurlarni o‘zgartirayotganini ta’kidladi.
“Aslida, o‘nlab yillar
davomida amal qilib kelgan mamlakatlarning qiyosiy va raqobat ustunliklari
haqidagi tasavvurlar bugun raqamlashtirish tufayli ko‘p jihatdan qayta ko‘rib
chiqilmoqda. Mamlakatlar raqamli iqtisodiyotning bir qismiga aylanish
imkoniyatiga tayanib, amalda o‘zini qayta „kashf etishi“ mumkin. Shuning uchun
zamonaviy davrda mamlakatning dengizga chiqish imkoniga ega emasligi muammo deb
hisoblamayman”, — dedi Izabel Chatterton.
Eslatib o‘tamiz, 3-may
kuni Shavkat Mirziyoyev Samarqandda OTB prezidenti Masato Kanda bilan uchrashdi. Muzokaralarda 2030-yilgacha mo‘ljallangan 12,5 mlrd dollarlik yangi
strategik sheriklik dasturi muhokama qilindi. U ijtimoiy sohani
modernizatsiya qilish, kambag‘allikni qisqartirish va “yashil”
energetikani qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutadi. Joriy loyihalar portfeli
qariyb 16 mlrd dollarni tashkil etmoqda.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
06 05 2026 / 15:12