Shavkat Mirziyoyev OTBga
sun’iy intellekt, “yashil” energetika, logistikani raqamlashtirish, kritik
minerallar, shuningdek, Markaziy Osiyodagi iqlimiy va turizm loyihalari
bo‘yicha sheriklikni kengaytirishni taklif etdi. Dunyodagi mojarolar mamlakatlar
uchun transport xarajatlari 30 foizgacha oshishiga olib kelmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 4-may
kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki
Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik yig‘ilishining ochilish marosimida ishtirok
etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Davlat rahbari tadbirda
nutq so‘zlab, bunday nufuzli anjumanning yurtimizda o‘tkazilayotgani
O‘zbekistonga g‘urur va iftixor bag‘ishlashini ta’kidladi.
O‘zbekiston yetakchisi
mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalariga to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, so‘nggi yillarda iqtisodiyotga 150 milliard dollar xorijiy
investitsiya kiritilib, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirilgani qayd
etildi. Bu davrda tovar va xizmatlar eksporti 3 karra o‘sdi, milliy
iqtisodiyot hajmi esa 50 milliarddan 147 milliard dollarga yetdi.
O‘zbekiston Iqtisodiy
erkinlik indeksida joriy yil yurtimiz 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor
“iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoridan joy olgani ta’kidlandi
Global beqarorlik
sharoitida ham mamlakat iqtisodiyoti birinchi chorak yakuni bo‘yicha 8,7 foizli
o‘sishga erishgani ma’lum qilindi.
Prezident amalga oshirilayotgan
ulkan islohotlarda Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya
tashkilotlarining o‘rnini alohida e’tirof etdi. OTB bilan amalga oshirilgan
va joriy qo‘shma loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarga yetdi.
Davlat rahbari fursatdan
foydalanib, Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda, Bank
boshqaruvchilari hamda Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Islom
taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa tiklanish
va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari rahbariyatiga
yaqin hamkorlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Prezident jahon
iqtisodiyotida yuz berayotgan murakkab o‘zgarishlar va yangi
texnologiyalarning jadal rivojlanishi haqida so‘z yuritar ekan, barqaror rivojlanishni
ta’minlash uchun Bank bilan hamkorlikda yangi mexanizm va ta’sirchan
yondashuvlarni joriy etish zarurligini ta’kidladi va qator takliflar berdi.
Sun’iy intellekt
Prezident raqamli
texnologiya va sun’iy intellekt deyarli barcha sohalarni mutlaqo yangi
formatga olib chiqayotganini aytdi. Jahon savdo tashkiloti prognozlariga ko‘ra,
2040-yilga borib, sun’iy intellekt hisobiga xalqaro savdo aylanmasi qo‘shimcha
40 foizga oshishini ta’kidd
Davlat rahbari
O‘zbekistonda innovatsiya va bilimlarga asoslangan Sun’iy intellekt xabini
tashkil qilishni boshlanganini ma’lum qildi. “Iqtisodiyot tarmoqlarida 200 dan
ortiq sun’iy intellekt loyihalari ustida ishlayapmiz. Hududlarda data
markazlar, super kompyuterlar va sun’iy intellekt laboratoriyalarini
ko‘paytirish, “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari”ni tayyorlash
bo‘yicha dasturlarni amalga oshiryapmiz”, — dedi u.
Bu yo‘nalishlarda Osiyo
taraqqiyot banki hamda AQSh, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari,
Yaponiya, Koreya va Xitoydagi hamkorlarimiz bizga yaqindan yordam
berayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Albatta, ta’lim,
tibbiyot, suv xo‘jaligi, ekologiya, oziq-ovqat xavfsizligi kabi aholining
birlamchi ehtiyoji uchun eng zarur bo‘lgan yo‘nalishlarda ham ochiq sun’iy
intellekt modellaridan foydalanish talab etilmoqda.
Buning uchun Osiyo
taraqqiyot banki shafeligida Rivojlanayotgan mamlakatlarda sun’iy intellekt
ko‘lamini oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqishni taklif etamiz.
“Shuningdek, Bankning
„Osiyo uchun raqamli magistral“ tashabbusiga qo‘shilishimizni ma’lum qilamiz
hamda Toshkentda uning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini ochish taklifini
ilgari suramiz”, — dedi prezident.
“Yashil” energetika
O‘zbekiston rahbari
raqamli texnologiya va sun’iy intellektning rivojlanishi, o‘z navbatida,
energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojni keskin oshirayotganini ta’kidladi.
Xalqaro energetika
agentligi tahlillariga ko‘ra, 2030-yilga borib, data markazlarning elektr
energiyasiga bo‘lgan talabi hozirgidan 2−3 karra oshadi. Bunday sharoitda
investorlarga arzon, ishonchli va “yashil” energiya taklif qilgan
davlatlargina global bozorda raqobatbardosh bo‘la oladi.
“Biz bu borada
dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda 5 ming 600 megavattli yirik
shamol va quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirib, generatsiyada „yashil“
energiya ulushini 30 foizga yetkazdik. 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni 54
foizga olib chiqishni reja qilganmiz”, — dedi prezident.
Davlat rahbari mintaqaning
qayta tiklanadigan energiya generatsiyasi bo‘yicha katta salohiyati borligini
ta’kidladi.
“Toza energiya eksportini
kengaytirish uchun Markaziy Osiyo — Yevropa „yashil“ energetika koridorini
yaratishda Osiyo taraqqiyot banki ko‘rsatayotgan yordamni minnatdorlik bilan
ta’kidlaymiz. Mintaqa davlatlari Bank bilan hamkorlikda qisqa muddatlarda ushbu
„energetik arteriya“ loyihasini boshlashiga ishonamiz”, — dedi Shavkat
Mirziyoyev.
Logistika va raqamli
bojxona
Davlat rahbari o‘zaro
bog‘liq transport tizimi va logistika yo‘laklari barqarorligini ta’minlash
eng dolzarb masalaga aylanayotganini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha,
jahondagi ziddiyatlar oqibatida logistika koridorlari o‘zgarishi hozirning
o‘zida Markaziy Osiyo davlatlari uchun yuk tashish xarajatining 30
foizgacha oshishiga, yetkazib berish muddatlari esa bir necha hafta
kechikishiga sabab bo‘lmoqda.
“Xabaringiz bor, Sharq
va G‘arbni bog‘laydigan „Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston“ temir
yo‘li loyihasi bo‘yicha qurilish ishlari boshlangan. Ushbu yangi transport
yo‘lagi hisobiga butun mintaqaning tranzit salohiyati sezilarli darajada
oshadi. Mahsulotlarni yetkazib berish muddati 10 kungacha qisqaradi, yiliga 15
million tonnagacha yuk tashish imkoniyati yaratiladi”, — dedi
prezident.
Bu borada Bankning
Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida “Raqamli
bojxona va logistika alyansi”ni tashkil etishni taklif etamiz.
Buning natijasida bojxona tartiblarini uyg‘unlashtirish, hujjatlar aylanishini
raqamlashtirish, chegara orqali yuk tashishlarni yengillashtirish
imkoniyati yaratiladi.
Kritik minerallar
Navbatdagi yo‘nalish OTB
ishtirokida xususiy sektor bilan hamkorlikni, jumladan, kritik minerallar
sohasida kengaytirish bilan bog‘liq.
Prezident qayd etishicha, hozirgi texnologiyalar asrida kritik minerallar uchun
raqobat kun sayin avj olayapti. Xalqaro ekspertlarning xulosalariga ko‘ra,
2040-yilga borib, sanoat uchun muhim minerallarga talab 6 barobar oshadi.
“Bu — yangi
imkoniyat. O‘zbekiston mis, volfram, molibden, magniy, grafit, vanadiy, titan
va boshqa minerallarning katta zaxirasiga ega. Biz bu salohiyatni
ishga solish maqsadida koreyalik hamkorlarimiz bilan R&D markazi
faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak
metallari texnoparki”ni bunyod etmoqdamiz. AQSh, Xitoy, Turkiya kabi
davlatlarning yirik kompaniyalari bilan qiymati 1,6 milliard dollarlik 70 dan
ziyod loyihani boshlaganmiz”, — dedi Mirziyoyev.
“Biz nafaqat foydali
minerallarni qazib olish, balki ularni chuqur qayta ishlash orqali iqtisodiyot
rivojiga yangi turtki berishni maqsad qilganmiz. Osiyo taraqqiyot bankining „Kritik
mineraldan — ishlab chiqarishga“ dasturiga qo‘shilish va uning
doirasida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishni
taklif etamiz. Bunda geologiya-qidiruv ishlarida zamonaviy texnologiyalar
va raqamli yechimlarni joriy qilish, qazib olish va qayta ishlash
jarayonlariga ekologik standartlarni tatbiq etish, kritik minerallarni yetkazib
berishning barqaror zanjirlarini yaratish muhim, deb hisoblaymiz”, — dedi
prezident.
“Markaziy Osiyoning yashil
belbog‘i”
Prezident beshinchi
yo‘nalish sifatida iqlim o‘zgarishi va cho‘llanish oqibatlariga qarshi kurashni
belgiladi.
Uning ta’kidlashicha,
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida O‘zbekistonda har yili 200 million
tup ko‘chat ekilmoqda. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar
maydonda himoya o‘rmonlari barpo etildi. O‘zbekiston 2030-yilga borib
ko‘kalamzorlashtirish darajasini 30 foizga yetkazishni maqsad qilib qo‘ygan.
Prezident “Markaziy
Osiyoning yashil belbog‘i” mintaqaviy loyihasini amalga oshirishni taklif
qildi.
Turizm
Oltinchi yo‘nalish
sifatida Shavkat Mirziyoyev turizmni rivojlantirishni qayd etdi. “Jahondagi
beqarorlik sharoitida millionlab sayyohlar xavfsiz yo‘nalishlarni
izlamoqda”, — dedi u.
Prezidentning so‘zlariga
ko‘ra, Markaziy Osiyo ziyorat, madaniy, gastronomik, etnografik, ekstremal
va tibbiy turizm bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Amalga oshirilgan islohotlar
natijasida O‘zbekistonga xorijiy sayyohlar oqimi o‘n yil ichida olti baravarga
oshib, yiliga 12 million kishiga yetdi.
Davlat rahbari yaqinda Toshkentda
ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqanddagi Imom Buxoriy
yodgorlik majmuasini alohida ta’kidlab o‘tdi.
“Shu bois mintaqa
davlatlarini birlashtiradigan turistik makon — “Markaziy Osiyo turizm
halqasi”ni yaratish tashabbusini ilgari suramiz. Qo‘shni davlatlar, Osiyo
taraqqiyot banki va boshqa hamkorlarimizni turizmni rivojlantirish
bo‘yicha loyihalar portfelini shakllantirib, birgalikda moliyalashtirishga
chaqiramiz”, — dedi prezident.
So‘zining yakunida Shavkat
Mirziyoyev O‘zbekiston taklif etilgan tashabbuslarni OTB bilan hamkorlikda nafaqat
suveren kreditlash doirasida, balki davlat-xususiy sheriklik, kafolatlar, aralash
moliyalashtirish va xususiy kapitalni safarbar etish orqali ham amalga oshirishga
tayyor ekanini ma’lum qildi.
“Shu munosabat bilan
Mintaqaviy loyihalarni moliyalashtirishning innovatsion platformasini
shakllantirishni taklif etamiz”, — dedi prezident.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
06 05 2026 / 15:47