Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonda Health Invest kompaniyasi tashkil etilib, uning boshqaruviga 4 ta davlat tibbiyot muassasasi beriladi



Ulashing :


Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi etib qayta nomlandi. Uning qoshida ustav fondi 10 milliard so‘m bo‘lgan Health Invest kompaniyasi tashkil etiladi. Kompaniya boshqaruviga 4 ta davlat tibbiyot muassasasi o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda Health Invest kompaniyasi tashkil etiladi va Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Milliy tibbiyot markazi davlat muassasalari va Ko‘pfunksiyali tibbiyot markazi uning boshqaruviga beriladi. Bu 5-mayda imzolangan “Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida ko‘zda tutilgan.

Farmonga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi etib qayta nomlandi.

2026-yil 1-sentabrdan boshlab agentlikka quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi:

· nodavlat tibbiyot tashkilotlari tarmog‘ini rivojlantirish, ularning sog‘liqni saqlash tizimiga integratsiyasini ta’minlash, ilg‘or tibbiy texnologiyalarni joriy etish borasida ularni qo‘llab-quvvatlash;

· tibbiyot tashkilotlari faoliyatini samarali tashkil etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish, DXSH va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish;

· davlat tibbiyot tashkilotlarini strategik rivojlanish dasturlari asosida boshqaruvga berishda ishtirok etish;

· sog‘liqni saqlash tizimida “yagona darcha” tamoyili asosida mahalliy va xorijiy investorlarga konsalting va boshqa xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash;

· sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning master rejasini ishlab chiqishga va uni takomillashtirib borishga ko‘maklashish.

Agentlik ta’sischiligida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi Health Invest kompaniyasi tashkil etiladi.

Agentlik qoshida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va quyidagilar uni shakllantirish manbalari etib belgilanadi:

· Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining beg‘araz asosda ajratiladigan 10 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lari;

· tibbiyot muassasalarini yoki tibbiyot tashkilotlaridagi ulushlarni sotishdan tushgan tushumlarning 20 foizi;

· xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik ko‘mak mablag‘lari va grantlari;

· qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

2026-yil yakuniga qadar tibbiyot muassasalari faoliyatini zamonaviy boshqaruv modellari asosida samarali tashkil etish maqsadida sinov tariqasida Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Milliy tibbiyot markazi davlat muassasalari va Ko‘pfunksiyali tibbiyot markazi MCHJ hududi bilan birga Health Invest kompaniyasi boshqaruviga o‘tkaziladi.

Agentlik Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda 2027-yil 1-aprelga qadar davlat tibbiyot muassasalarini boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi strategiyani ishlab chiqishi va tasdiqlashi kerak:

· samarasiz faoliyat olib borayotgan tibbiyot muassasalariga aniq mezonlar asosida DXSH va boshqa shakllarda xususiy sektorni jalb qilish;

· tibbiyot muassasalarini korporativ boshqaruv tamoyillari asosida transformatsiya qilish, shu jumladan, kuzatuv kengashlarini tashkil etish, mustaqil a’zolar ishtirokini ta’minlash, menejment faoliyatini KPI asosida baholash va tashkilot rahbariyatini muddatli mehnat shartnomasi asosida lavozimga tayinlash tizimini joriy etish.

Kompaniyaning ustav fondi Tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 10 milliard so‘m miqdorida shakllantiriladi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

07 05 2026 / 15:06