Qonunosti hujjatlarida
ko‘zda tutilgan soliq imtiyozlari Soliq kodeksiga kiritiladi. O‘zgarishlar
qabul qilinguncha O‘zbekiston tadbirkorlariga bu imtiyozlardan
foydalanishga ruxsat beriladi, deb xabar qildi Soliq qo‘mitasi departamenti
direktori Aziz Umirzoqov prezident huzuridagi yig‘ilish yakunlari bo‘yicha.
O‘zbekistonda ilgari
qonunosti hujjatlarida nazarda tutilgan, biroq Soliq kodeksida aks ettirilmagan
soliq imtiyozlarini kodeksda mustahkamlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda 5-may
kuni prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish yakunida Soliq qo‘mitasi
departamenti direktori Aziz Umirzoqov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra,
amalda tadbirkorlarning qonunosti hujjatlari (prezident farmonlari, qarorlari,
hukumat hujjatlari) bilan belgilangan imtiyozlardan foydalangan holatlari uchragan,
biroq bu normalar Soliq kodeksida yo‘qligi sababli ularning qo‘llanilishi
nizolar, sud muhokamalari va tadbirkorlar uchun qo‘shimcha xarajatlarga
sabab bo‘lgan.
“Bu imtiyozlarning
barchasini Soliq kodeksida aks ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi,
biroq soliq to‘lovchilarga Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar
kiritilgunga qadar ushbu imtiyozlardan foydalanish huquqi berildi”, —
deya ta’kidladi Soliq qo‘mitasi vakili “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan
intervyusida.
Bundan tashqari, yig‘ilishda kassa
cheklarini berish ustidan jamoatchilik nazorati masalasi muhokama qilindi.
Hozirda chek berilmagani haqida soliq organlariga xabar bergan fuqaro
undirilgan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot olishi mumkin.
“Bugungi kunda fuqaro soliq organlariga
chek, masalan, kassa apparati cheki berilmagani to‘g‘risida xabar bersa, unga
undirilgan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot puli to‘lanadi”, — dedi
Aziz Umirzoqov.
Uning qayd etishicha,
ushbu mexanizmdan nafaqat jamoatchilik nazorati, balki daromad manbai sifatida
ham foydalanila boshlangan.
“Shuni tan olish
kerakki, ayrim vijdonsiz fuqarolar bundan jamoatchilik nazorati vositasi
sifatida emas, balki doimiy daromad manbai sifatida foydalanish holatlari
ko‘paydi. Ya’ni, bir shaxs bir oy ichida bitta korxona ustidan atayin 10
dan ortiq shikoyat yo‘llashi mumkin edi”, — deya qayd etdi u.
Soliq qo‘mitasi
fuqarolarning qoidabuzarliklar haqida xabar berish huquqini saqlab qolgan holda,
mukofot to‘lash sonini cheklashni taklif qilmoqda. “Yangi qoidalarga ko‘ra,
soliq organini qoidabuzarliklar to‘g‘risida xabardor qilish huquqi saqlanib
qoladi. Lekin fuqaro soliq organlariga ikki martadan ortiq xabar bergan
taqdirda ham, mukofot puli oyiga bir martadan ko‘p to‘lanmaydi”, — dedi
Umirzoqov.
Biznes-ombudsman
Abdumannop Bo‘riyevning aytishicha, ikki hafta oldin davlat rahbari
tadbirkorlar kayfiyati va ishbilarmonlik muhitiga ta’sir etuvchi
muammolarni tizimli o‘rganish bo‘yicha topshiriq bergan.
Bu ish yakunlari bo‘yicha uning idorasi 15 ta tizimli masalani
taqdim etgan. “Ularning har biri batafsil ko‘rib chiqildi. Aksariyat takliflar
qo‘llab-quvvatlangani sababli bu tadbirkorlarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir
ko‘rsatishini kutmoqdamiz”, — dedi u.
Prezident huzuridagi
yig‘ilish yakunida suv va alkogolsiz ichimliklarni raqamli markalash
tizimida agregatsiyani joriy etishni kechiktirish, markalash qoidalarini
buzganlik uchun jarimalarni kamaytirish va umumiy ovqatlanish hamda savdo
uchun qat’iy belgilangan sanksiyalar o‘rnatish, naqd pulsiz to‘lovlar ulushidan
qat’i nazar, kafe va restoranlar uchun QQSni 40 foizgacha
qaytarishni soddalashtirish kabi
choralar qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, peshtoqlar
va tashqi reklamani tartibga solishni qayta ko‘rib chiqish, o‘z kartalari o‘rtasidagi o‘tkazmalar uchun komissiyalarni bekor qilish,
tadbirkorlar uchun ayrim jarimalarga moratoriy joriy etish, bir qator savdo
obyektlari uchun ekologik ekspertiza va kompensatsiya to‘lovlari tartibini
yengillashtirish hamda boshqa chora-tadbirlar rejalashtirilmoqda.
gazeta.uz