Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Xorijlik shifokorlar uchun ijtimoiy soliq 1 foizga tushiriladi, tibbiy jihozlar va maxsus avtotransportlar uchun bojxona imtiyozi uzaytiriladi



Ulashing :


O‘zbekistonda tibbiyot sohasiga jalb etiladigan xorijlik shifokorlar uchun ijtimoiy soliq 1 foizga tushiriladi, shuningdek, tibbiyot tashkilotlari tomonidan olib kiriladigan tibbiy jihozlar, ehtiyot qismlar va maxsus avtotransport vositalari 2029-yil 1-iyunga import bojxona bojidan ozod etiladi.

O‘zbekistonda tibbiyot sohasi bo‘yicha soliq va bojxona imtiyozlari joriy etiladi. Bu 5-mayda imzolangan “Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida ko‘zda tutilgan.

Hujjatga muvofiq, tibbiyot tashkilotlarida ishlash uchun jalb etiladigan chet el fuqarosi bo‘lgan shifokorlar, menejerlar, konsultantlar va tibbiy jihozlarga xizmat ko‘rsatuvchi texnik mutaxassislar uchun 2029-yil 1-mayga qadar ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilandi. Shuningdek, ularga O‘zbekiston hududida mehnat faoliyati huquqini beruvchi tasdiqnoma uchun yig‘im bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari etib belgilanadi.

Klinikalarni tashkil etish uchun ularni tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash ishlari “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgazta’minot” va “O‘zsuvta’minot” korxonalari hisobidan amalga oshiriladi.

2026-yil 1-iyuldan 2029-yil 1-iyulga qadar ish beruvchilar tomonidan har bir xodim va uning oila a’zolari uchun yiliga 10 mln so‘mgacha to‘lanadigan ixtiyoriy tibbiy sug‘urta badallari foyda solig‘i bazasidan chegirib tashlanadi.

Shuningdek, tibbiyot tashkilotlari tomonidan olib kiriladigan tibbiy jihozlar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va sarf materiallari, shuningdek, maxsus tibbiy avtotransport vositalari 2026-yil 1-iyundan 2029-yil 1-iyunga qadar import bojxona bojidan ozod qilinadi.

Farmonda klinikalar tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha alohida choralar ham belgilangan. Xususan, “O‘zmilliybank” tomonidan 200 mln AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit liniyasi ochilib, tadbirkorlarga Qoraqalpog‘iston va viloyat markazlaridan tashqari hududlarda yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi klinikalar tashkil etish uchun 10 yil muddatga (3 yillik imtiyozli davr bilan) 10 mln dollargacha kreditlar ajratiladi.

Kreditlar Markaziy bankning asosiy stavkasidan 3 foiz band yuqori stavkada milliy valyutada beriladi. Shu bilan birga, resurslar boshqa tijorat banklari orqali ham yo‘naltirilishi mumkin.

Klinikalarni barpo etgan tadbirkorlarga “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” hisobidan kredit foizlarining 50 foizigacha kompensatsiya to‘lanadi.

Belgilanishicha, bunday klinikalar faoliyat boshlaganidan keyin 3 yil ichida milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishi shart bo‘ladi. Ularning joylashuvi, ixtisoslashuvi va texnik talablari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hududlar ehtiyojidan kelib chiqib belgilanadi.

Hokimliklarga klinikalar uchun yer uchastkalarini ajratish, ularni “E-auksion” orqali investorlarga taklif qilish hamda muhandislik tarmoqlariga ulanishda ustuvorlik berish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, 2027-yildan Samarqand viloyatida tajriba tariqasida birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini tadbirkorlar mablag‘lari hisobidan amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda Health Invest kompaniyasi tashkil etilib, uning boshqaruviga 4 ta davlat tibbiyot muassasasi berilishi xabar qilingandi.

Shuningdek, 2027-yil 1-maydan akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy tibbiyot muassasalari transplantatsiya bilan shug‘ullana oladi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

07 05 2026 / 15:24