O‘zbekistonning
Kiyevdagi elchixonasida Ukrainaning 60 ta yirik kompaniyasi rahbarlari
bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uklon Toshkentdagi biznesiga 10 mln dollardan ortiq
sarmoya kiritganini bildirdi. Sona Pharma 2027-yil yanvaridan oftalmologiya
mahsulotlari bilan mamlakat bozorga kirishni rejalashtirmoqda.
6-may kuni
O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasida Ukrainaning yetakchi tadbirkorlari
bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Tadbirda Ukrainaning
Forbes jurnali talqini bo‘yicha eng yirik 100 ta kompaniyasi ro‘yxatiga
kiruvchi 60 dan ortiq korxona rahbarlari va top-menejerlari, xususan, MEGOGO
(onlayn kinoteatr), MTI Group (riteyl, IT va logistika), UNIT.City
(innovatsiyalar parki), MXP (oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi), Uklon
(taksi agregatori), “Biosfera” (ro‘zg‘or va gigiyena tovarlari ishlab
chiqaruvchi), “Darnitsya” (farmatsevtika kompaniyasi) va Idea Bank
vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston elchisi
Alisher Kurmanov ishtirokchilarni mamlakatda chet ellik investorlar uchun
yaratilayotgan sharoitlar, O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi hamda
transport-logistika imkoniyatlari bilan tanishtirdi.
“Ukrainalik tadbirkorlar
O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi jozibador va istiqbolli bozor sifatida
baholab, mamlakatdagi barqaror iqtisodiy o‘sish hamda ochiq investitsiya
siyosatiga yuqori baho berdi”, — deyiladi agentlik xabarida.
O‘zbekiston bozorida
allaqachon faoliyat yuritayotgan MEGOGO, “Yuriya-Farm” (farmatsevtika
kompaniyasi), Uklon va Sigma Software (IT kompaniya) vakillari
biznesni kengaytirish va investitsiyalar hajmini oshirishga qiziqish
bildirdi.
Sona Pharma
(farmatsevtika kompaniyasi) direktori Denis Golubchikov 2027-yil yanvaridan
boshlab kompaniya tibbiyot bozoriga oftalmologiya sohasidagi innovatsion
mahsulotlar portfelini taqdim etish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
Uklon bosh direktori
Sergey Grishkov kompaniyaning birgina Toshkentdagi biznesini rivojlantirish
uchun 10 mln dollardan ortiq investitsiya kiritganini ma’lum qildi. Uning
fikricha, aholi sonining o‘sishi, xorijiy investitsiyalar oqimi
va rivojlangan fintex infratuzilmasi O‘zbekistonni uzoq muddatli strategik
rivojlanish uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylantirmoqda.
“Darnitsya”
kompaniyasining eksport bo‘yicha direktori Gurgen Karapetyan O‘zbekiston asosiy
strategik bozorlardan biri ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, farmatsevtika sohasidagi
murakkab va qat’iy tartibga soluvchi talablarga qaramay, kompaniya hozirda
O‘zbekistonda 27 turdagi mahsulotni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini amalga
oshirmoqda.
Uchrashuv yakunida ukrainalik
tadbirkorlar 16−18-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan V Toshkent xalqaro
investitsiya forumiga taklif etildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari ikki
mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni “sifat jihatidan yangi bosqichga”
olib chiqishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi, deyiladi xabarda.
O‘z navbatida, O‘zbekiston
diplomatlari har bir tadbirkor bilan uchrashuvlar tashkil etish, ularning
amaliy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va investitsiyaviy tashabbuslarini
amalga oshirishda ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
08 05 2026 / 12:39