O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida
dizel yonilg‘isi xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi joriy
etildi. Yangi tartibga ko‘ra, fermerlar birja orqali sotib olgan dizel
yonilg‘isi uchun davlat tomonidan subsidiya olishi mumkin.
Prezident
farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 apreldan 1 iyulgacha qishloq xo‘jaligi
korxonalari tomonidan birja orqali xarid qilingan har bir tonna dizel
yonilg‘isi qiymatining 13 million so‘mdan oshgan qismi uchun respublika budjeti
hisobidan subsidiya ajratiladi.
Bunda subsidiya miqdori har
bir tonna uchun 2 million so‘mdan oshmasligi belgilangan. Mablag‘lar Qishloq
xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrar sohada to‘lovlar agentligi orqali
ajratiladi.
Shuningdek, farmon bilan 2026 yil 1 sentabrdan Qishloq xo‘jaligini davlat
tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining ayrim subsidiya ajratish
vakolatlari ham Agentlikka o‘tkazilishi belgilandi.
Jumladan, qishloq xo‘jaligi sub’yektlariga o‘z mablag‘lari va tijorat banklari
kreditlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosini birjada sotishda
elektron hisobvaraq-faktura qiymatining bir qismini qoplab berish vakolati agentlikka
beriladi.
Bundan tashqari, paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda ip-kalava ishlab
chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalariga o‘z mablag‘lari hisobidan
xarid qilingan paxta xomashyosi qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi
ham joriy etiladi.
Mazkur choralar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining xarajatlarini
kamaytirish va sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
12 05 2026 / 15:34