O‘qituvchilar sertifikat olish
uchun qilgan xarajatining 50 foizi (ko‘pi bilan 8,2 mln so‘m) davlat tomonidan
qoplab beriladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar tadbirkorlik boshlamoqchi yoki
faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lsa, davlat ularga qariyb 40 mln so‘mgacha
foizsiz qarz beradi. Ish beruvchilar esa ozodlikka chiqqan shaxslarni ishga
olsa yoki mehnat sharoitlarini nogironligi bor shaxslarga moslashtirsa,
subsidiya oladi.
Bandlikka ko‘maklashish davlat
jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar va ssudalar ajratish
tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, nogironligi
bo‘lgan shaxslarga ularning bandligini ta’minlash maqsadida jihozlar,
asbob-uskunalar, mehnat qurollari va xomashyo xarid qilish, internet
xizmatlariga ulanish, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki
kengaytirish uchun 3 yilgacha, 6 oylik imtiyozli davr bilan BHMning 75
baravarigacha (hozirda 30,9 mln so‘m) miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi.
Ma’lumot uchun, 2025 yil 1 avgustdan buyon bazaviy hisoblash
miqdori 412 ming so‘mga teng.
Shuningdek, jamg‘arma
mablag‘lari hisobidan quyidagi maqsadlar uchun ish beruvchilarga subsidiya
ajratiladi:
·
ish o‘rinlari va mehnat sharoitlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga
moslashtirish uchun — har bir moslashtirilgan ish joyiga BHMning 40
baravarigacha;
·
bandlik bo‘limi yo‘llanmasi bilan ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga
tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish xarajatlarini qoplash uchun
— har bir xodimga 6 oy davomida har oy BHMning 4 baravari miqdorida;
·
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini belgilangan eng kam miqdordan
ortiq ishga qabul qilish uchun — har bir xodimga 12 oy davomida har oy BHMning
2 baravari miqdorida;
·
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul
qilgan ish beruvchilarga, mazkur shaxs 3 oydan ortiq mehnat faoliyatini davom
ettirganidan so‘ng — bir martalik BHMning 3 baravari miqdorida.
Shuningdek, 2026
yil 1 iyuldan 2028 yil 1 yanvarga qadar quyidagi subsidiyalar ajratiladi:
·
o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xalqaro darajada tan
olingan kasbiy ta’lim sertifikatlari hamda milliy sertifikatlarni olish uchun
sarflangan xarajatlarning 50 foizi, biroq BHMning 20 baravarigacha;
·
malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlariga
xarid qilingan baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi, biroq BHMning
200 baravaridan oshmagan miqdorda.
Talabgorlar subsidiya
va ssudalarni olish uchun my.gov.uz, “Yagona milliy mehnat tizimi” hamda “Online
mahalla” elektron platformalari orqali murojaat qilishlari mumkin.
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
13 05 2026 / 15:25