O‘zbekistonda
oziq-ovqat sifati nazorati qayta tashkil etiladi. “Daladan dasturxongacha”
tamoyili asosida nazorat qiluvchi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi
tuziladi. Islohot 2030-yilgacha eksportni 10 mlrd dollarga yetkazish
va 100 ta davlatga kengaytirishni ko‘zda tutadi.
Shavkat Mirziyoyev
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvini
takomillashtirish va chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha
yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar қилди davlat
rahbari matbuot xizmati.
O‘zbekiston
2030-yilgacha oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 10 milliard dollarga yetkazish
va eksport geografiyasini yana 100 ta davlatga kengaytirishni
rejalashtirmoqchi. Yig‘ilishda ushbu maqsadlarga erishish uchun oziq-ovqat
xavfsizligi tizimi xalqaro standartlarga to‘liq javob berishi zarurligi
ta’kidlandi.
Hozirgacha uchta
agentlik oziq-ovqat xavfsizligi va nazorati masalalari uchun mas’ul edi.
“Natijada sanitariya,
veterinariya va karantin organlari o‘rtasida yagona ma’lumotlar bazasi
shakllantirilmagan, ayrim vazifa va funksiyalar bir-birini takrorlamoqda. Buning
oqibatida tadbirkorlar eksport va import jarayonlarida ortiqcha
ovoragarchiliklarga duch kelmoqda”, deyiladi yig‘ilishda.
O‘simliklar karantini
agentligida 100 ta, Veterinariyani rivojlantirish qo‘mitasida 115 ta,
sanitariya-epidemiologiya nazorati tizimida 44 ta vazifa va funksiya
bo‘lsa-da, mahsulotlarni daladan dasturxongacha kuzatib borish tizimi hali
to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan.
Eksport sohasida ham
hal etilishi zarur masalalar saqlanib qolmoqda. Xususan, Yevropa Ittifoqi
O‘zbekiston mahsulotlarida pestitsid qoldiqlari mavjudligi bo‘yicha 25
ta ogohlantirish bergani qayd etildi. “Bu xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni
oshirish uchun mahsulot xavfsizligi nazorati tizimini tubdan qayta ko‘rib
chiqishni talab qiladi”, deyilgan yig‘ilishda.
Nazorat organlari asosan
tayyor mahsulotni tekshirish bilan cheklangani, ishlab chiqarish zanjirining barcha
bosqichlarida oziq-ovqat xavfsizligini kafolatlaydigan xalqaro standartlarni joriy
etishga yetarlicha e’tibor qaratilmagani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan oziq-ovqat xavfsizligi
tizimini chuqur isloh qilish va xalqaro talablarga mos yagona markazlashgan
tizim yaratishga qaror qilindi.
“Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida barcha nazorat jarayonlarini qamrab oladigan Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi. U O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya qo‘mitasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasining tegishli yo‘nalishlari negizida shakllantiriladi.
Yangi
tizimda tadbirkorlik faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan eskirgan tekshiruvlardan
voz kechiladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlash bekor qilinib,
uning o‘rniga xavfni baholashga asoslangan nazorat va tekshiruv tartibi
joriy etiladi.
Hozirda bunday
yondashuv respublikadagi 80 ming obyektning faqat 1,6 mingtasida, ya’ni 2
foizida qo‘llanilmoqda. Kelgusida xavfli mahsulotlar haqida tezkor
xabar berish va ularni muomaladan qaytarib olish bo‘yicha elektron tizim
yaratiladi.
2029-yil 1-yanvardan
boshlab meva-sabzavot eksporti faqat agrologistika markazlari orqali amalga
oshiriladi. Shuningdek, eksport salohiyati yuqori yirik oziq-ovqat
korxonalarini xalqaro xatarlar tahlili standartlari va Alimentarius
kodeksi talablariga o‘tkazish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Ushbu
ko‘rsatkichni 2028-yilgacha 20 foizga, 2030-yilgacha 60 foizga, 2032-yilgacha
esa 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
20 ta tumanda
meva-sabzavotchilik sohasida ichki fitosanitariya sertifikatlarini
rasmiylashtirishga ko‘maklashuvchi jamoatchi inspektorlar faoliyati yo‘lga
qo‘yiladi. Shu bilan birga, meva va sabzavotlar eksporti statistikasi
ular yetishtirilgan hududda hisobga olinadi.
2027-yildan boshlab
laboratoriya tekshiruvi, hayvonlarni emlash, dezinfeksiya
va identifikatsiya qilish kabi 6 ta davlat funksiyasi
bosqichma-bosqich xususiy sektorga beriladi. Viloyat hokimlariga yil yakuniga
qadar har bir hududda kamida 2 tadan xususiy laboratoriya va veterinariya
klinikasi tashkil etish topshirildi.
Har bir mahsulot bo‘yicha onlayn kuzatuv
tizimi joriy etiladi. Fermer va dehqonlar uchun “Agro ko‘makchi” mobil
ilovasida elektron “Dala daftari” tizimi ishga tushiriladi. U orqali
sun’iy intellekt zararkunandalar tarqalishini oldindan bashorat qilib, zarur
tavsiyalar beradi.
Faol va halol
fermerlar reytingi yuritilib, ularga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi. 2027-yil
1-martgacha oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha yagona avtomatlashgan
axborot platformasi ishga tushiriladi. U chegaradagi “Yagona darcha”
tizimi bilan integratsiya qilinib, eksportchilar uchun ortiqcha byurokratik
jarayonlar qisqartiriladi.
Yangi tizim orqali
import nazorati vaqti 9 kundan 2 kunga, eksportda esa 3 kundan 1 kungacha
qisqartiriladi. Bu orqali tadbirkorlar omborda saqlash xarajatlaridan 70
mlrd so‘m tejashi kutilmoqda.
Avvalroq yangi tashkil
etilgan Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasiga O‘zbekistonning Jahon
savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha bosh muzokarachisi Azizbek Urunov
o‘rindoshlik asosida rahbar etib tayinlangani xabar qilingandi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
14 05 2026 / 13:13