Prezident davlat
xizmatlari sohasida byurokratiyani qisqartirishga oid takliflar taqdimoti bilan
tanishdi. Unda davlat organlari funksiyalarini 30 foizga kamaytirish, 550
ta xizmatni elektron shaklga o‘tkazish, 80 turdagi xizmatni ko‘rsatish
muddatini 13 kundan 6 kungacha qisqartirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev
davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida byurokratiyani qisqartirish
chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot
xizmati xabar qildi.
Unda qayd etilishicha,
bugungi kunda davlat organlarida 5 ming 650 ta funksiya, biznesni tartibga
soluvchi 42 mingdan ziyod majburiy talab va 1 ming 41 ta davlat
xizmati mavjud.
“Bunday ko‘p funksiya
va talablar tizimni samarasiz, qimmat va ba’zan adolatsiz qilib
qo‘yishi mumkin. Shu bois, faqat deregulyatsiya, raqamlashtirish
va soddalashtirish — eng to‘g‘ri yo‘l”, — dedi davlat rahbari.
O‘zbekistonni 2030-yilga qadar “ortiqcha byurokratiyadan xoli hudud”ga aylantirish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Byurokratiyani bartaraf etish — 2030” dasturi boshlangan. Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi huzurida alohida loyiha ofisi tashkil etilgan.
Dastur doirasida davlat
organlari funksiyalarini 30 foizga qisqartirish, biznesga qo‘yiladigan
talablarni 20 foizgacha maqbullashtirish, elektron davlat xizmatlari ulushini
90 foizdan oshirish ko‘zda tutilgan.
Taqdimotda davlat
xizmatlarini “servis davlat” modeli asosida tubdan takomillashtirish
bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Bunda asosiy e’tibor davlat xizmatini
birorta ortiqcha hujjat talab qilmasdan, tez, shaffof va qulay ko‘rsatishga
qaratiladi.
Xususan, 783
ta davlat xizmatiga “nol byurokratiya” tamoyilini joriy etish taklif
qilindi. Bu orqali 550 turdagi davlat xizmati elektron shaklga o‘tkazilib,
xizmat ko‘rsatish bosqichlari 2 karra qisqaradi. 80 turdagi xizmat proaktiv
va kompozit shaklga o‘tkaziladi. Natijada aholining turli idoralarga
kelish uchun sarflanadigan yiliga 35 milliard so‘mgacha transport xarajati
tejaladi.
Yana 80 turdagi
xizmatni ko‘rsatish muddati 2−3 karra qisqartirilib, o‘rtacha muddat 13
kundan 6 kunga tushiriladi. 10 ta xizmat to‘liq avtomatlashtiriladi.
25 ta xizmat bo‘yicha to‘lovlarning kamaytirilishi natijasida aholi
ixtiyorida yiliga 851 milliard so‘mgacha mablag‘ qoladi.
Shuningdek, 10
ta xizmatni xususiy sektorga o‘tkazish, 15 ta ma’lumot va hujjatni
raqamlashtirish belgilanmoqda. Bu orqali 270 dan ortiq xizmatda ushbu
ma’lumot va hujjatlarni qayta so‘rash amaliyoti bekor qilinadi.
Majburiy talablarni
qayta ko‘rib chiqish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Masalan, bozorlar
faoliyatiga doir 20 ga yaqin hujjatda 500 dan ziyod talab tarqoq holda
yuritilmoqda. Ularni tizimlashtirish orqali talablarning 30 foizdan ortig‘ini
maqbullashtirish mumkinligi qayd etildi.
Sanitariya talablariga
muvofiqlik dalolatnomasi va ko‘rikdan o‘tadigan xodimlar ro‘yxatini elektron
tizim orqali shakllantirish imkoniyati ham ko‘rsatib o‘tildi. Bu orqali
yiliga 1 milliard so‘m budjet mablag‘ini tejash, xodimlarning 24 ming
ish soatini amaliy faoliyatga yo‘naltirish mumkin bo‘ladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra,
ma’muriy yukni qisqartirish iqtisodiyotga yiliga 1,5 milliard dollar
to‘g‘ridan-to‘g‘ri samara beradi. Tartibga solish sifatini yaxshilash
qo‘shimcha 800 million dollar xorijiy investitsiya jalb etishga xizmat qiladi.
Davlat va biznes o‘rtasidagi jarayonlarni soddalashtirish hisobiga mehnat
unumdorligi yiliga 750 million dollarga oshadi. Umumiy hisobda byurokratiyani
qisqartirish choralari 2026−2030-yillarda iqtisodiyotni qo‘shimcha 13 milliard
dollarga o‘stirish imkonini beradi.
Taqdimotda reestr.gov.uz
yagona platformasi orqali davlat funksiyalari, majburiy talablar va davlat
xizmatlari reyestrlarini yuritish, idoralar faoliyatini “Bureaucracy radar”
asosida baholash, sun’iy intellekt orqali tahlil qilish va “Biznes
kalkulyator” orqali tadbirkorlar xarajatini hisoblash tizimini joriy etish
taklif qilindi.
Prezident davlat
xizmatlari inson qadri, tadbirkorlar uchun qulay muhit va davlat
boshqaruvi samaradorligi bilan bevosita bog‘liq ekanini ta’kidladi. Har bir
vazirlik va idora o‘z funksiyalarini qayta ko‘rib chiqishi, ortiqcha talab
va hujjatlarni bekor qilishi, xizmatlarni raqamlashtirishni jadallashtirishi
zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilarga byurokratiyani
bartaraf etish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish, unda har bir vazirlik
va idora kesimida raqamlashtirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish
hamda xususiy sektor ulushini oshirish bo‘yicha aniq rejalarni belgilash
topshirildi.
Shuningdek, sohada ilg‘or
tajribalarni ommalashtirish va barcha idoralar faoliyatida “nol
byurokratiya” tamoyilini izchil joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
14 05 2026 / 14:54