Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

AMEA Power O‘zbekistonda 1,3 mlrd dollarlik energiya saqlash moslamalari va shamol elektr stansiyasi quradi



Ulashing :


BAAning AMEA Power kompaniyasi O‘zbekistonda yangi energetika loyihalarini amalga oshirishga kirishdi. Toshkentda quvvati 150 MVt bo‘lgan energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi, Qoraqalpog‘istonda 1000 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi, Buxoroda esa yana bir energiya saqlash moslamasi qurish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda BAAning AMEA Power kompaniyasi bilan hamkorlikda bir nechta yirik energetika loyihasi qurilishiga start berildi, deya xabar qildi Energetika vazirligi.

Loyihalar 13-may kuni “O‘zbekiston energetika haftaligi — 2026” doirasida ishga tushirildi. Xususan, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida quvvati 150 MVt (300 MVt/soat) bo‘lgan energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi. Loyiha qiymati 86,1 mln dollarga baholanmoqda.

Bundan tashqari, AMEA Power kompaniyasi bilan hamkorlikda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida quvvati 200 MVt (800 MVt/soat) bo‘lgan yana bir energiya saqlash stansiyasini qurish ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 200 mln dollarni tashkil etadi.

Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi va uzunligi 40 km bo‘lgan elektr uzatish tarmog‘ini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha qiymati 1,06 mlrd dollarga baholanmoqda.

Energetika vazirligining qayd etishicha, ushbu loyihalar mamlakatning energetika infratuzilmasini yanada mustahkamlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va energiya ta’minoti barqarorligini oshirishga hissa qo‘shishi lozim.

“O‘zbekistonning 2035-yilgacha energetikani rivojlantirish strategiyasida elektr energiyasining ulgurji bozorini yaratish, tarmoqlarning bir qismini xususiy operatorlar boshqaruviga o‘tkazish, RAB tariflarini joriy etish rejalashtirilgan”, — degandi BCG hamkori Igor Alekseyev 2025-yil oktabr oyida. Energiya iste’moli 123 mlrd kVt/soatgacha, generatsiya esa 34 GVtga oshishi kutilmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki yig‘ilishida bir necha yil oldin elektr energiyasi importchisi bo‘lgan O‘zbekiston endi uni Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonga yetkazib berayotgani va hajmini oshkor qilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat “ishonchli ishlab chiqaruvchi”, tranzit yo‘lagi va energiya tizimlarining mintaqaviy integratoriga aylanib bormoqda.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

15 05 2026 / 13:50