Prezident intensiv
sanoatlashgan bog‘larni ko‘paytirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish
o‘tkazdi. Unda sohani rivojlantirishga oid bir qator masalalar muhokama
qilindi, jumladan, 12 oy davomida sanoatlashgan bog‘ tashkil etilmagan
maydonlar uchun yer va suv solig‘i stavkalarini oshirish masalasi ham
ko‘rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev
hududlarda intensiv sanoatlashgan bog‘larni ko‘paytirish chora-tadbirlari
yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha,
hozirgi kunda O‘zbekistonda 572,6 ming gektar bog‘ va tokzor mavjud
bo‘lib, ular yiliga 1 milliard dollarlik eksportni ta’minlamoqda. Soha 882 ming
nafar aholi uchun daromad manbaiga aylangan.
Yig‘ilishda mavjud
bog‘ va tokzorlar holati tahlil qilinib, 61 ming gektar eskirgan
va 18 ming gektar yaroqsiz bog‘larni yangilash zarurligi qayd etildi.
Ayrim hududlarda bunday maydonlardan gektariga atigi 5 tonna hosil
olinayotgani, yillik daromad esa 10 million so‘mga ham yetmayotgani aytildi.
Xususan, Namangan
viloyatining Pop tumanida 1200 gektar eski va yaroqsiz bog‘lar mavjud.
Ta’kidlanishicha, ular o‘rnida eksportbop navlar ekilib, quritish, saralash va
qadoqlash bo‘yicha agrologistika markazlari tashkil etilsa, hosildorlik
va daromadni bir necha barobar oshirish mumkin. Tumandagi 84 gektarlik
eksportbop gilos bog‘i misolida yosh ko‘chatlardan gektariga 7 tonna hosil
olinib, mahsulotning har kilogrammi 8 dollardan eksport qilinayotgani qayd
etildi.
Shu munosabat
bilan eski va yaroqsiz bog‘lar bilan ishlash bo‘yicha yangi tartib joriy
etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi bog‘
va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, sanoatlashgan bog‘lar barpo etish yoki
yerlarni haydaladigan maydonlar toifasiga o‘tkazish bo‘yicha xulosa beradi.
Shuningdek, 12
oy davomida sanoatlashgan bog‘ tashkil etilmagan maydonlar uchun
yer va suv solig‘i stavkasini oshirish, bu holat yana bir yil davom
etsa, suvdan foydalanishni cheklash taklif qilindi.
Prezident yerdan
samarali foydalanish ustidan nazoratni raqamlashtirish zarurligini ta’kidlab,
eskirgan va yangi sanoatlashgan bog‘larni kosmik tasvirlar orqali
monitoring qilish bo‘yicha axborot tizimini ishga tushirishni topshirdi.
Yig‘ilishda tomorqa
va dehqon xo‘jaliklaridagi eski bog‘larni yangilash masalasiga ham e’tibor
qaratildi. Bunda mahalla bankiri orqali aholiga 50 donagacha ko‘chat yoki 2
million so‘mgacha qarz berish, dehqon xo‘jaliklariga esa 150 million so‘mgacha
kredit ajratish taklif qilindi.
2026−2028-yillarda
mamlakatda 168 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar tashkil etish
rejalashtirilgan. Bu orqali 2 milliard dollar investitsiya jalb qilinishi
va 258 mingta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Loyihalarni
moliyalashtirish va amaliy qo‘llab-quvvatlash uchun 9 ta tijorat
banki hududlarga biriktiriladi. Ular tadbirkorlarga sanoatlashgan bog‘larni
tayyor holda topshirish bilan birga, ikki yil davomida agrotexnik, moliyaviy
va tashkiliy jihatdan hamrohlik qiladi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
15 05 2026 / 14:40