Qozog‘istonnda Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt
sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish, “Raqamli turkiy koridor
konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va kiberxavfsizlik bo‘yicha Turkiy alyans
tuzishni taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni Turkiy davlatlar tashkilotining “Sun’iy
intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok
etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Turkiston
shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston
prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Turkiya
prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham
qatnashdi.
Prezident
nutqining avvalida sammit yuqori darajada tashkil etilgani uchun Qasim-Jomart
Toqayevga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, TDTdagi samarali raisligi
va tashkilot nufuzini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun Ilhom
Aliyevga tashakkur aytdi.
Shavkat Mirziyoyev turkiy dunyo
integratsiyasi qardosh xalqlar taqdiriga daxldor uzoq muddatli strategik
masalaga aylanayotganini ta’kidladi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda
TDT barqaror rivojlanish sur’atlarini namoyish etayotgan nufuzli tuzilmaga
aylandi. 2025-yilda a’zo davlatlarning umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion
dollardan oshgan, o‘sish sur’ati esa global ko‘rsatkichdan ikki barobar yuqori
bo‘lgan.
O‘tgan yili
O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 14 foizga oshgan.
Shu bilan birga, Turkiy investitsiya jamg‘armasi operatsion faoliyatini
boshlagani, Markaziy banklar kengashi va “yashil” moliyalashtirish
bo‘yicha Turkiy kengash ishga tushirilgani qayd etildi.
Prezident
sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish sohasida hamkorlikni kuchaytirish
bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, kvant hisoblash
texnologiyalari va yagona raqamli makonni yaratish orqali iqtisodiy
o‘sishning yangi nuqtalarini belgilash zarurligi ta’kidlandi.
Davlat
rahbari oldinda ko‘p qirrali munosabatlarga tizimli tus berish bo‘yicha dolzarb
vazifalar turganini qayd etdi.
“O‘lkalarimizda yashab ijod qilgan ulug‘ bobolarimiz — Muhammad
Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek algoritm,
matematika, astronomiya va fizika fanlari ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shib,
shu tariqa hozirgi sun’iy intellekt rivoji uchun asos yaratganlar. Biz ajdodlarimizning
ana shunday bebaho merosiga tayanib, bugun Turkiy dunyoning yangi raqamli
taraqqiyot davrini barpo etyapmiz”, — dedi
Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek,
mintaqaviy ma’lumotlar almashinuvini ta’minlovchi “Raqamli turkiy koridor
konsepsiyasi”ni ishlab chiqish hamda Toshkentda TDT davlatlari Texnologiyalar
forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Prezident
o‘z nutqida Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga ham to‘xtalib, markaz
TURKSOY va Turkiy akademiya bilan birgalikda tarixiy-madaniy manbalarni
yagona “katta ma’lumotlar” platformasiga jamlashi mumkinligini aytdi.
Sammitda
Yassaviy tariqatining bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini
o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash,
startap loyihalarini moliyalashtirish kabi masalalar ham muhokama qilindi.
Shavkat
Mirziyoyev O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “5 million sun’iy intellekt
yetakchilari” dasturini eslab o‘tdi hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan
tashkil etilayotgan Qo‘shma venchur jamg‘armasiga boshqa a’zo davlatlarni ham
qo‘shilishga chaqirdi.
Transport
va logistika sohasida E-Permit elektron ruxsatnomalar tizimi to‘liq ishga
tushirilgani qayd etildi. Shuningdek, Xitoy — Qirg‘iziston —
O‘zbekiston temir yo‘lini o‘rta koridor bilan bog‘lash va bojxona
ma’lumotlari almashinuvini raqamlashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Iqlim
o‘zgarishiga qarshi kurash doirasida 2027-yilni turkiy dunyoda “Tabiatni asrash
yili” deb e’lon qilish, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida iqlim xatarlarini
monitoring qilish tizimini yaratish va suv resurslarini boshqarishda
sun’iy intellektdan foydalanish taklif etildi.
Bundan
tashqari, terrorizm, ekstremizm va kibertahdidlarga qarshi kurashish
maqsadida kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha
Turkiy alyans tuzish tashabbusi ilgari surildi.
Sammit
yakunida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
18 05 2026 / 15:44