Marketpleyslar orqali
O‘zbekistonga tovar sotadigan xorijiy kompaniyalar QQS to‘lovchisi deb e’tirof
etiladi. Senat tomonidan ma’qullangan tegishli qonun savdo platformalari operatorlari
uchun ham yangi talablarni joriy qiladi.
Oliy Majlis Senati
18-may kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda elektron tijorat sohasini
takomillashtirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi va uni ko‘rib chiqish
uchun prezidentga yubordi.
Hujjat bilan Soliq
kodeksi va “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va
qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Gazeta Senatning budjet
va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi, senator Erkin Gadoyev qonun yuzasidan
taqdim etgan ma’ruzani o‘rgandi.
Hujjatga ko‘ra,
elektron savdo platformalari orqali O‘zbekistonda tovar sotadigan xorijiy
yuridik shaxslar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi deb e’tirof etiladi.
Uning so‘zlariga
ko‘ra, qonunning asosiy maqsadi — transchegaraviy elektron
savdoda soliq tushumlari yo‘qotilishining oldini olish, QQS ma’murchiligini
takomillashtirish hamda mahalliy va xorijiy sotuvchilar uchun teng raqobat
sharoitini yaratishdan iborat.
“Xorijiy yuridik
shaxslar]ning o‘zi xorijiy davlatda joylashgan, ammo tovar sotish, xizmat
ko‘rsatish yoki mahsulot yetkazib berish hududi O‘zbekiston hisoblanadi. Demak,
xizmat qayerda ko‘rsatilsa, o‘sha yerda ular soliq to‘lovchi sifatida soliq
organlarida hisobda turishi kerak. Shu nuqtai nazardan ular qo‘shilgan
qiymat solig‘i to‘lovchisi deb hisoblanadi. Ular belgilangan tartibda soliq
organlaridan ro‘yxatdan o‘tishi shart. Bu amalga oshirilgan ishlarning eng
katta natijasi hisoblanadi. Bugungi kunda ular ro‘yxatdan o‘tmoqda”, —
dedi Erkin Gadoyev.
Agar xorijiy yuridik
shaxslar O‘zbekistonda tovar sotish yoki xizmat ko‘rsatishni elektron savdo
platformalari, vakolatxonalar yoki mahalliy rezidentlar bilan tuzilgan dilerlik
shartnomalari orqali amalga oshirsa, bunday rezidentlar ularning savdo yoki
soliq agenti sifatida faoliyat yuritishi mumkin. Bunday holatda ularga ham
soliq qonunchiligida belgilangan majburiyat va javobgarlik tatbiq etiladi.
O‘zbekiston bozorida mahalliy hamkorlar orqali ishlaydigan xorijiy kompaniyalar
belgilangan tartibda soliq hisobidan o‘tishi shart bo‘ladi.
Agar xorijiy kompaniya
O‘zbekistondan tashqarida joylashgan bo‘lsa va mamlakatdagi xaridorlar
bilan elektron platformalar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo operatsiyalarini
amalga oshirsa, QQS sotilgan tovarlar yoki ko‘rsatilgan xizmatlarning haqiqiy
qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanishi va undirilishi kerak bo‘ladi.
Yig‘ilishda qayd
etilishicha, so‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda elektron tijorat hajmi
20 barobar o‘sib, 1,3 mlrd dollarga yetgan. Elektron savdo
platformalari soni esa 90 tadan oshgan.
Mamlakatda Yandex,
Ozon va Wildberries kabi yirik xalqaro platformalar faoliyat yuritmoqda,
ular yuridik shaxs yoki vakolatxona ochgan. Shuningdek, mamlakatda 70 tadan
ortiq milliy savdo platformasi ishlamoqda. Ular orasida Uzum, Sello
va Zood Mall bor.
Yig‘ilishda
keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonga xalqaro kurerlik
jo‘natmalari orqali 167,5 mln dollarlik tovarlar import qilingan. 400
ming nafar jismoniy shaxs jami 3,23 mln ta buyurtmani rasmiylashtirgan.
Ular orasida 1994 nafar shaxs 100 tadan ortiq buyurtma bergan bo‘lib, umumiy
qiymati qariyb 2 mln dollarni tashkil etgan.
Misol sifatida
Wildberries faoliyati keltirildi. Kompaniya O‘zbekistonda WB INT EXPORT
nomli korxona tashkil etgan va 2022−2024-yillar davomida jami 51,2 mlrd
so‘m soliq to‘lagan. Ushbu
summaning 42,8 mlrd so‘mi qo‘shilgan qiymat solig‘i hissasiga to‘g‘ri keladi.
Qonun, shuningdek,
“Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunga elektron savdoni raqamlashtirish
va onlayn savdo tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartishlarni
ham nazarda tutadi. Jumladan, yangi
tushunchalar joriy etiladi: “elektron savdo platformasi”, “buyurtmalar
agregatori operatori”, “buyurtmalar agregatori”, “raqamli striming xizmati”,
“raqamli striming xizmati operatori” hamda “transchegaraviy elektron tijorat”.
Elektron savdo
platformalari operatorlari uchun muayyan majburiyat va javobgarliklar
belgilanadi. Ular taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchliligini tekshirishi,
shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlashi hamda to‘lov operatsiyalarini
amalga oshirishda axborot va kiberxavfsizlik talablariga rioya etishi
shart bo‘ladi.
Bundan tashqari, qonun
transchegaraviy elektron tijorat va to‘lovlarni amalga oshirishning o‘ziga xos
xususiyatlarini belgilaydi. Elektron tijorat ishtirokchilari hisob-kitoblarni
faqat alohida bank hisob raqamlari orqali amalga oshirishi shart bo‘ladi.
gazeta.uz