Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Tirik chorva, baliq va asalarilar QQSning nol stavkasi qo‘llanadigan ro‘yxatga kiritildi



Ulashing :


O‘zbekistonda QQSning nol stavkasi qo‘llanadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ro‘yxati 14 ta yangi pozitsiya bilan kengaytirilib, 518 taga yetkazildi. Yangilangan ro‘yxatga tirik baliqlar, chorva mollari, asalari paketlari, ipak qurti, shuningdek, ferula (kovrak) ko‘chati va smolasi kiritildi.

O‘zbekistonda QQSning nol stavkasi qo‘llaniladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ro‘yxati kengaytirildi. Bu haqda Davlat soliq xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari yetishtirgan mahsulotlarni (paxta va g‘alladan tashqari) sotishda QQSning nol stavkasi qo‘llaniladi. Ro‘yxat prezidentning 2025-yil 4-sentabrdagi [PF-153-son] farmoniga muvofiq Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan.

Soliq xizmati ma’lumotiga ko‘ra, nol stavkadagi QQS qo‘llaniladigan mahsulotlar ro‘yxati 14 taga ko‘paytirilgan va qayta tasdiqlangan. Hujjat Soliq qo‘mitasining ochiq ma’lumotlar bo‘limiga joylashtirilgan.

Yangilangan ro‘yxatga tirik baliqlar, tirik buzoqlar, sigirlar, buqalar, qo‘ylar, echkilar, otlar, tuyalar, eshaklar, asalari oilalari (paketlar), ipak qurti, shuningdek ferula-kovrak ko‘chati va smolasi kiritilgan.

Hujjatga ko‘ra, QQSning nol stavkasi qo‘llaniladigan mahsulotlar ro‘yxati jami 518 pozitsiyadan iborat. Unga olma, nok, o‘rik, shaftoli, xurmo, tarvuz, qovun kabi mevalar va poliz mahsulotlari, pomidor, bodring, karam, kartoshka singari sabzavotlar, mosh, no‘xat, guruch kabi donli va dukkakli ekinlar, sut, qaymoq, tvorog, tuxum, yangi, sovutilgan va muzlatilgan go‘sht mahsulotlari, baliq va dengiz mahsulotlari, shuningdek urug‘lar, ko‘chatlar va gullar kiritilgan.

Hujjat izohida qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyat hokimliklari hamda mahsulot yetishtiruvchilar takliflari asosida Qishloq xo‘jaligi vazirligi Soliq qo‘mitasi bilan kelishgan holda ro‘yxatga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yildan boshlab dehqon va fermerlarga o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini sotishda QQS nol stavkada qo‘llanilishi 2025-yil 4-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimotda ma’lum qilingan edi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov imtiyoz qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining deyarli yarmini qamrab olishini va biznesga 1 trln so‘mgacha mablag‘ni tejash imkonini berishini aytgandi. SSP raisi Davron Vahobov prezidentning qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga QQSni bekor qilish qarorini “tarixiy” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu chora fermerlarga naqd hisob-kitobdan voz kechish, “yashirin” iqtisodiyotdan chiqish va takroriy ekin ekish bilan yanada faol shug‘ullanish imkonini beradi. U 34 yilda birinchi marta qishloq xo‘jaligiga bunday katta imkoniyat berilganini ta’kidladi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

19 05 2026 / 15:23