O‘zbekiston Milliy
investitsiya jamg‘armasining (O‘zMIJ) London fond birjasidagi ilk xalqaro
listingi mamlakat iqtisodiyotidagi “yanada chuqur transformatsiyani” aks
ettiradi, dedi Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva. U,
shuningdek, yangi listinglar tayyorlanayotganini ma’lum qildi.
Prezident
administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston Milliy investitsiya
jamg‘armasining (O‘zMIJ) London fond birjasidagi birinchi xalqaro listingini
mamlakat iqtisodiyotining transformatsiyasini aks ettiruvchi “chuqur ramziy
ma’noga ega” voqea deb atadi.
“Shunday lahzalar
bo‘ladiki, mamlakatlar o‘z yo‘nalishini sezdirmay o‘zgartiradi, shunday
lahzalar bo‘ladiki, dunyo buni payqay boshlaydi. Bugun O‘zbekiston uchun ana
shunday lahzalardan biri”, — dedi u 18-may kuni Londonda bo‘lib
o‘tgan marosimda.
Uning so‘zlariga
ko‘ra, tadbirning ahamiyati “marosimning o‘zida emas”, balki
u “iqtisodiyotimizning fikrlash, ishlash va dunyo bilan hamkorlik
qilish tarzidagi chuqurroq transformatsiyani” aks ettirishidadir.
“To‘qqiz yil avval
O‘zbekiston hamon katta darajada yopiq mamlakat edi. Bugun biz raqobatbardosh,
sarmoyaga yo‘naltirilgan va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashgan
iqtisodiyotni barpo etyapmiz”, — deya qayd etdi Saida Mirziyoyeva.
U O‘zMIJ
aksiyalarining birlamchi ommaviy taklifi (IPO) “nafaqat kapital jalb qilish,
balki O‘zbekiston institutlarining yangi avlodiga nisbatan ishonchni
shakllantirish” ekanini ta’kidladi.
“Ushbu jamg‘arma iqtisodiyotimizning eng muhim kompaniyalarini — energetika, transport, moliya va sanoat sohalaridagi korxonalarni o‘zida birlashtiradi.
Va u bugungi O‘zbekiston qanday ekanini aks ettiradi: o‘z maqsadlari
yo‘lida dadil, islohotlarga jiddiy yondashadigan va dunyodagi o‘rniga tobora
ko‘proq ishonch bildiradigan mamlakat”, — dedi Prezident administratsiyasi
rahbari.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva
O‘zbekiston yangi listinglar tayyorlayotgani, xususiy sektor ishtirokini
kengaytirayotgani va Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil
etayotganini ma’lum qildi.
“Biz uchun nafaqat o‘sish, balki
uning sifati ham muhim”, — deya qo‘shimcha qildi Saida Mirziyoyeva.
U Franklin
Templeton kompaniyasi, investorlar, London fond birjasi va britaniyalik
hamkorlarga ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi.
“Bugun O‘zbekiston
Londonga kashf etilishini istaydigan chegara bozori sifatida emas, balki o‘z
iqtisodiy kelajagini ongli ravishda o‘zgartirayotgan mamlakat sifatida
kelmoqda. Va biz hozir bu yo‘lning boshidagina turibmiz”, — deya
so‘zini yakunladi Prezident administratsiyasi rahbari.
Franklin Templeton
prezidenti va bosh ijrochi direktori Jenni Jonson Milliy investitsiya
jamg‘armasining IPO’sini O‘zbekiston va kompaniya uchun ishonchli
boshqaruvchi va fond boshqaruvchisi sifatida “aniqlovchi va tarixiy
bosqich” deb atadi.
“Biz O‘zbekistonning
birinchi xalqaro aksiyalarini joylashtirishni muvaffaqiyatli o‘tkazib,
mamlakatni global investorlar diqqat markaziga olib chiqqanimizdan g‘oyat
faxrlanamiz”, — dedi u.
Jonsonning so‘zlariga
ko‘ra, Prezident administratsiyasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi
va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ko‘magisiz “ayniqsa, bunday qisqa
muddatda” joylashtirish muvaffaqiyati mumkin bo‘lmagan bo‘lardi.
U IPO uchun global
talab 2,8 milliard dollardan oshganini va arizalar kitobi to‘rt martadan
ortiq qayta imzolanganini ma’lum qildi.Franklin Templeton rahbari, shuningdek,
bu “islohotlar sur’ati keyingi yillarda ham saqlanib qolishiga bo‘lgan
kuchli ishonchni” aks ettirishini ta’kidladi.
Jenni Jonson Franklin
Templeton O‘zbekiston hukumati bilan davlat korxonalarida korporativ
boshqaruvni rivojlantirish, biznesni mustahkamlash va mahalliy kapital bozorini
qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanligini
ta’kidladi.
“Garchi biz bugun
bu voqeani Londonda nishonlayotgan bo‘lsak-da, O‘zMIJ Toshkent fond
birjasida ham savdolarni boshladi. Bu hozirgi kungacha eng yirik mahalliy
listing bo‘lib, O‘zbekiston fuqarolariga o‘z mamlakatlari kelajagiga bevosita
sarmoya kiritish imkonini berdi”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, IPO
doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi yagona aksiyador sifatida
O‘zMIJning umumiy qiymati 1,56 trln dona aksiyalarini oddiy aksiyalar
va global depozitar tilxatlar (GDR) shaklida taklif qildi. Bu qo‘shimcha
joylashtirish opsiyasi doirasida chiqarilishi mumkin bo‘lgan GDR’larni hisobga
olmaganda, jamg‘armaning aksiyadorlik kapitalining 31 foizini tashkil etdi. Bir
dona GDR 64 700 ta aksiyaga teng.
Jalb qilingan
mablag‘larning umumiy summasi, qo‘shimcha joylashtirish opsiyasi doirasida
chiqarilishi mumkin bo‘lgan GDR’larni hisobga olmaganda, qariyb 603,6 mln
dollarni tashkil
etdi. Ularni hisobga olganda,
bu summa 692 mln dollargacha, sotilgan aksiyalar ulushi esa 35 foizgacha
oshishi mumkin.
Ushbu IPO O‘zbekiston
tarixidagi eng yirigi bo‘ldi. Taqqoslash uchun: UzAuto Motors avtomobil ishlab
chiqaruvchisining 2022-yildagi IPO’si doirasida umumiy qiymati 56,9 mlrd
so‘mlik 1383 ta ariza to‘plangan bo‘lib, bu taklif etilgan aksiyalar
umumiy hajmining 29,1 foizini tashkil etadi. “O‘zbektelekom” esa IPO orqali
33,25 mlrd so‘m jalb qilgan.
Eslatib o‘tamiz,
2023-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, jamg‘arma aktivlarining sof qiymati 2,44
mlrd dollarni tashkil
etgan (keyinchalik, IPO
yakunlariga ko‘ra, kapitallashuv 1,95 mlrd dollarga teng bo‘lgan). O‘zMIJ
portfeliga 13 ta davlat kompaniyasi, jumladan, Uzbekistan Airways,
“O‘zbektelekom”, “O‘zbekgidroenergo”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “O‘zbekinvest”
va boshqalarning minoritar aksiyalari paketlari kiradi.
2023-yil 31-dekabr
holatiga ko‘ra, jamg‘arma aktivlarining sof qiymati 2,44 mlrd dollarni tashkil
etgan. O‘zMIJ portfeliga 13
ta davlat kompaniyasi, jumladan, Uzbekistan Airways, “O‘zbektelekom”,
“O‘zbekgidroenergo”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “O‘zbekinvest”
va boshqalarning minoritar aksiyalari paketlari kiradi.
O‘zMIJ nafaqat ulush
egasi, balki davlat sektorini bozorga tayyorlash mexanizmi sifatida ham namoyon
bo‘ladi. Hukumat rejalariga ko‘ra, 2028-yil oxirigacha fond portfeliga kiruvchi
quyidagi oltita kompaniyaning individual IPO’larini o‘tkazish rejalashtirilgan:
·
Uzbekistan Airways
·
“Milliy elektr tarmoqlari”
·
“O‘zbektelekom”
·
"O‘zbekgidroenergo"
·
"Hududiy elektr tarmoqlari"
·
“Hududgazta’minot”
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
19 05 2026 / 15:27